Tezkor: Gulnora Karimova 6 yil deganda hammasi haqida gapirdi. U xalqdan kechirim so‘rayapti

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning nabirasi Imon Instagram`dagi sahifasida onasi Gulnora Karimovaning O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatini e’lon qildi. Quyida murojaat to‘liq shaklda keltirilgan.

“Bu mening oxirgi olti yildagi ilk murojaatim.

Mening hozirgi holatimdan tashvishlanib, qayg‘urgan va duo qilgan barchaga minnatdorlik bildiraman. O‘z ismim va familiyamning mas’uliyatini his qilgan holda barcha bilib-bilmay qilgan ishlarimning ahamiyatini tushunib yetishga vaqtim bo‘ldi. Men o‘zimga yanada yuqoriroq talablar qo‘yishim kerak bo‘lganini tan olaman. Vaqt o‘tishi va mushkul vaziyatlarni boshdan kechirib, men avval qilgan ishlarim uchun o‘zimni jazolashi mumkin bo‘lgan shaxs darajasigacha o‘zgardim.

Men xalqdan va meni hurmat qilgan, hurmat qiladigan, hozirgi muammolarimni tushuna oladigan barchadan hafsalangizni pir qilganim, ishonchingizni oqlamaganim uchun kechirim so‘rayman.

Avvalgidek, men o‘zimni oqlashga urinmayman. Birinchi talab bo‘yicha men mablag‘larim mamlakat rivoji va takomillashuviga jalb qilinishiga erishish uchun hamkorlik qila boshladim. Umid qilamanki, bu pullar Vatanimizga foyda keltiruvchi loyihalarda muhim ahamiyat kasb etadi. Ba’zilar ularning (tahr. pullar) maqsadsizligi to‘g‘risida aytayotgan bo‘lsa-da, men bu mablag‘lar gumanitar loyihalarda odamlar hayotini qutqarishdan tortib ulardagi yukni kamaytirishgacha, shuningdek, aholining turmushi va ehtiyoji uchun foydali loyihalarga sezilarli ta’sir ko‘rsatishiga ishonaman. Prokuratura davlat tomonidan musodara qilingan mulklarim qancha ekanligini aniq ayta olmasligini ta’kidlayotgan bo‘lsa ham, O‘zbekistondagi faqatgina shaxsiy aktivlarim mening mulklarim qatoridan chiqib, respublika foydasiga xizmat qilayotganini e’lon qilmoqchiman. Ba’zi mahalliy tergov harakatlari davomida ularning qiymati 1,2 mlrd AQSH dollariga teng ekani tasdiqlangan. Hujjatlar, hisobot va qaydlar aynan qanday tavsiflangan? Bu tergov o‘tkazayotgan tegishli idoralarning vazifasi va mening unga aloqam yo‘q hamda nazorat qilolmayman.

Yana bir narsaga oydinlik kiritishni xohlardimki, Shveysariyada muzlatib qo‘yilgan pullarni yo‘naltirish faqatgina menga bog‘liq masala emas. Bu men qurdirgan yirik kompaniyalarni ham qo‘shib hisoblagandagi barcha aktivlarim, ularda O‘zbekiston bo‘yicha 15 ming odam ishlagan. Ularga boshqa mamlakatlarda ko‘plar da’vogarlik qiladi”, degan Gulnora Karimova murojaatida.

Ma’lumot uchun, Shveysariya banklarida Gulnora Karimovaning 800 mln frank puli muzlatib qo‘yilgan. Unga yaqin-yaqingacha uchta da’vogar bor edi. Birinchisi, O‘zbekiston xalqi. Ikkinchisi, Zeromax kompaniyasining asl egasi Gulnora Karimova ekanini iddao qiluvchi xorijlik kreditorlar. Ular kompaniya kasotga uchraganda o‘z mablag‘larini yo‘qotgan. Shuning uchun Karimova pullaridan hissa talab qiladi. Uchinchisi, har toshning tagidan chiqib keluvchi AQSH. Qo‘shma Shtatlar Karimova o‘zining barcha korrupsion tizimini dollar orqali amalga oshirganini aytib, muzlatilgan pullardan ulush olishga harakat qiladi.

Joriy yilning yanvar oyida Gulnora Karimovaning sobiq turmush o‘rtog‘i asli kelib chiqishi afg‘onistonlik bo‘lgan AQSH fuqarosi Mansur Maqsudiy Karimovaning Shveysariyada muzlatib qo‘yilgan pullarining bir qismiga da’vogarlik qilishini ma’lum qildi. Mansur Maqsudiy ukasi Farid bilan birgalikda Shveysariya prokuraturasi muzlatib qo‘ygan 800 million frankdan 100 millioniga da’vogarlik qilyapti.


Maqola muallifi

Teglar

Gulnora Karimova

Baholaganlar

928

Reyting

4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing