Termiz hokimi IIB boshlig‘iga tadbirkorni 15 sutkaga qamashni buyurdimi?
Jamiyat
−
27 noyabr 2023
9218Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatining Termiz shahri hokimi O‘ktam To‘rayev yig‘ilish paytida shahar IIB boshlig‘iga og‘zaki topshiriq berib, tadbirkorni qamatishga uringani to‘g‘risida audioxabar tarqaldi.
Unda hokimning "Buni 15 sutkaga tiqasan va jarimaga tortasan. Kimi kelsa ham chiqarmaysan", degan buyrug‘idan so‘ng, tadbirkor uch soatdan ortiq IIB binosida ushlab turilgani aytilgan.
Termiz shahar hokimligi ushbu holatga munosabat bildirib, tadbirkorga nisbatan faqat jarima chorasi qo‘llanilganini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Termiz shahri aholisi chiqindixonadagi chiqindilar vaqtida olib ketilmayotgani haqida shikoyat qilgan. Ushbu ishlarga bevosita mas’ul hisoblangan “Bio texno eko” MCHJ tomonidan chiqindixonadagi chiqindilarni olib ketish ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgani, o‘ziga yuklatilgan vazifalarni muntazam ravishda bajarmasdan kelayotgani va shaharni obodonlashtirish qoidalarini buzgani sababli ichki ishlar organlari tomonidan huquqiy baho berilishi so‘ralgan.
Holat IIB tomonidan batafsil o‘rganilgan va “Bio texno eko” MCHJ rahbari Shuhrat Shernazarovga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 161-moddasiga (shaharlarni va boshqa aholi punktlarini obodonlashtirish qoidalarini buzish) asosan, BHMning 1 baravari, ya’ni 330 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llash bo‘yicha bayonnoma tuzilgan.
"Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari hamda kuzatuvchilaridan shahar hokimligi tadbirkorlarni doimo qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini ma’lum qilgan holda tasdiqlanmagan va asoslanmagan ma’lumotlarga ishonmaslikni va tarqatmaslikni so‘raymiz, deyiladi ushbu munosabatda.
LiveBarchasi