Temir yo‘l yuk stansiyalari shaharlardan tashqariga ko‘chirilishi mumkin
Jamiyat
−
25 Sentabr 2023
5455O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev temir yo‘l sohasini isloh qilish yuzasidan o‘tkazilayotgan yig‘ilishda ayrim temir yo‘l stansiyalarining daromadi o‘z xarajatlarini qoplamayotganini aytdi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
“Nazarbek” stansiyasi atrofida ham aksiyadorlik jamiyatiga qarashli, ham xususiy logistika kompaniyalari joylashgan. “Temir yo‘l”ga qarashli “Yuksaroy” korxonasi yiliga 1 gektar maydondan 277 million so‘m daromad topgan bo‘lsa, xususiy korxonalar 1 milliard so‘mdan ortiq daromad olmoqda”, deydi Prezident.
Mirziyoyev shu bois ham temir yo‘l stansiyalariga xususiy sektorni jalb qilish va investitsiya kiritish muhimligini aytib o‘tgan.
Shuningdek, yig‘ilishda import vagonlarining katta qismi poytaxt va viloyat markazlariga kirib kelishi oqibatida stansiyalarda tirbandlik yuzaga kelayotganiga e’tibor qaratilgan.
Jumladan, temir yo‘l yuk stansiyalarini shaharlardan tashqariga ko‘chirish imkoniyatini o‘rganish zarurligi qayd etilgan. Bu shaharlarda yuk mashinalari harakatini qisqartirishga, tumanlarga qo‘shimcha investitsiya kirishiga xizmat qiladi.
Sohada raqamlashtirish qoniqarli darajada emasligi ham ta’kidlangan. Unga ko‘ra, joriy yilning yetti oyida yuk tashish xizmatining atigi 8 foizi elektron rasmiylashtirilgan, yo‘lovchi chiptalarining 57 foizi kassalar orqali sotilgan.
Bundan tashqari, markaziy vokzallarga kirib-chiqish imkoniyati cheklangani, avtomobil saqlash joylari vokzallardan uzoqligi va vokzallarda savdo va servis xizmatlari lozim darajada yo‘lga qo‘yilmagani tanqid qilingan.
LiveBarchasi