Telegram’da sovrinli viktorina bahona foydalanuvchilarni aldash holatlari kuzatilyapti
Jamiyat
−
08 avgust 2020
5853Kecha, 7 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda turli telefon raqamlariga maxfiy kodlar vositasida axborotlarni o‘g‘irlash maqsadida firibgarlarning hujumlari kuzatilgani haqida xabarlar tarqaldi.
O‘zbekistonda Telegram foydalanuvchilarining akkauntlariga kirib olib, shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash yoki akkauntni qaytarib berish evaziga mo‘may pul ishlashga urinayotgan mobil firibgarlar paydo bo‘ldi. Bu haqda Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi xabar beradi.
Yangi firibgarlik sxemasiga ko‘ra foydalanuvchiga mobil aloqa operatorining rasmiy raqamidan qo‘ng‘iroq qilinib COVID-19 koronavirus infeksiyasi haqida o‘ta sodda va javobi oson savollar beriladigan qisqa viktorina o‘tkaziladi.
G‘olibga pul o‘tkazib berish va’da qilinadi. “O‘lja” yutug‘ini olishi uchun Telegram’ga kelgan maxfiy kodni aytishi lozim. Messendjerga kelgan sirli raqam aytish, firibgarlarning akkauntga kirib olishiga sharoit yaratadi. Bloger yoki kanal administratorining akkauntiga kirib olgan firibgar u yerdagi ma’lumotlarni oshkor qilmaslik uchun pul talab qila boshlaydi. Oqibatda o‘zini viktorina g‘olibi bo‘ldim deb o‘ylagan foydalanuvchi firibgarlik qurboniga aylanadi.
Mutaxassislar tavsiyasiga ko‘ra bu kabi holatlarni oldini olish uchun Telegram’da ikki tomonlama autentifikatsiyani o‘rnatish zarur. Bu Telegram’dan kelgan maxfiy raqamdan tashqari akkaunt parolini ham kirishni so‘raydigan himoya tizimi. Yuqoridagi holatlarga o‘xshash firibgarlik sxemalari MDHga a’zo boshqa mamlakatlar hududlarida ham kuzatilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi raisi Komil Allamjonov mazkur holatga o‘z munosabatini bildirgan edi. Komil Allamjonov holatni OAV va blogerlarning so‘z erkinligiga tahdid deb baholadi. U shuningdek, jurnalist va blogerlarni jim qilishga urinish befoyda ekanini, bu xorijiy do‘st bo‘lmagan mediaga naf keltirishini ma’lum qildi.
Ahrorbek Hayrullayev
LiveBarchasi