Telegram'da ekstremistik materiallar tarqatgan shaxslar ushlandi
3-sahifa
−
19 fevral 2022
6915Sirdaryoda ijtimoiy tarmoqlar orqali ekstremistik va terrorchilik tashkilotlarining radikal g‘oyalarini targ‘ib qilib kelgan, 1992 yilda tug‘ilgan fuqaro “A.X.” qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, “A.X.” Telegram messenjerida virtual guruh ochib, aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi audio va video materiallarni joylashtirish orqali uni internet foydalanuvchilari orasida ommalashtirgan.
Shuningdek, IIV va DXX xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbir davomida “A.X.” bilan yaqin aloqada bo‘lgan, 1991 yilda tug‘ilgan “G‘.D.” ham aniqlanib, tergovga jalb etilgan.
Mazkur shaxslarning uyali aloqa vositalari va yashash manzillaridan olingan daliliy ashyolar protsessual tartibda rasmiylashtirilib olingan. Sirdaryo viloyat IIB Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi (ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va “A.X.”ga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi