Tel-Avivda uchta avtobus portlab ketdi (video)
Olam
−
21 fevral
7947Isroilning Tel-Aviv shahri Bat-Yam munitsipalitetidagi avtoturargohda ikkita bo‘sh avtobus portlab ketdi. Politsiya ushbu hodisani terrorchilik hujumiga urinish deb hisoblamoqda. Bu haqda “The Times of Israel” nashri xabar berdi.
“Qandaydir mo‘’jiza tufayli avtobuslar portlashdan bir lahza oldin avtoturargohlarga kelib to‘xtagan”, deyiladi xabarda.
“Ynet” nashri esa Tel-Aviv atrofidagi Holon shahrida uchinchi avtobus portlagani haqida xabar bergan. Bu yerda ham hech kim jabrlanmagan. Hodisalardan so‘ng Gush-Dan aglomeratsiyasidagi boshqa avtobuslarda tintuvlar o‘tkazilgan va ikkita portlamagan qurilma topilgan.
Portlashlardan so‘ng Bat-Yamda temiryo‘l transporti harakati to‘xtatilgan. Isroil Transport vaziri Miri Regev barcha avtobuslar, poyezdlar va temiryo‘l transportini to‘xtatib, tekshirish, Shabak (Isroil xavfsizlik xizmati) va politsiya ko‘rsatmalariga muvofiq harakat qilishni buyurgan.
“Channel 12” xavfsizlik xizmatidagi manbalariga tayanib, barcha portlashlar bir vaqtning o‘zida sodir bo‘lishi rejalashtirilganini xabar berdi. Kanal bu hujumni “strategik terrorchilik hujumi” sifatida baholamoqda.
Telekanal jurnalistining yozishicha, Tel-Aviv politsiyasi qo‘mondoni Xaim Sergroff portlovchi qurilmalarda ivrit va arab tillarida yozuvlar hamda taymer borligini bildirgan. Shuningdek, telekanalning qayd etishicha, Ben-Gurion aeroportida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan: xodimlarga barcha kelayotgan avtobuslarni sinchkovlik bilan tekshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tel-Avivda marokashlik erkak pichoq bilan odamlarga hujum uyushtirib, to‘rt kishini yaralagan edi. Ikki erkak – 24 va 28 yoshdagilar o‘rtacha og‘irlikdagi jarohatlar olgan, yana ikki erkak – 24 va 59 yoshdagilar esa yengil jarohatlar bilan shifoxonaga yetkazilgan. Hodisa terrorchilik hujumi sifatida tasniflangan.
LiveBarchasi
Trenddagilar
