Oyatulloh AQSH harbiy bazalariga “qo‘shni” bo‘lmoqchi
Tahlil
−
19 Sentabr
20222Eronning yangi saylangan Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon boshchiligidagi yangi rahbariyat chuqur islohotlarni amalga oshirishga kirishdi. Shunday islohotlardan biri esa kutilmagan o‘zgarish – ya’ni mamlakat poytaxti Tehron shahrini boshqa qulayroq va iqtisodiy faol joyga ko‘chirish to‘g‘risidagi e’londir. Rejaga ko‘ra, poytaxt Tehronni mamlakat janubiga, Fors ko‘rfazi sohillariga yaqinrog‘iga ko‘chirish maqsad qilingan. Mazkur yangilik davlat rahbari tomonidan allaqachon rasman e’lon qilindi. Pezeshkiyonning so‘zlariga ko‘ra, bir qancha omillar, xususan siyosiy va iqtisodiy motivlar tufayli Tehronni poytaxt sifatida saqlab qolish endi imkonsiz va ayni damda Eron yangi ma’muriy markazga muhtoj.
“Mamlakat poytaxti sifatida Tehron muammolarga duch kelmoqda, bizda poytaxt markazini ko‘chirishdan boshqa choramiz yo‘q. Hozirgi tendensiyani davom ettirib, mamlakatni rivojlantirish mumkin emas. Agar biz janub va dengizdan Tehronga resurslarni olib kelishni, keyin ularni mahsulotga aylantirib, janubga eksport qilish uchun jo‘natishni davom ettirmoqchi bo‘lsak, bu raqobatbardoshligimizni yanada pasaytiradi”, deydi Mas’ud Pezeshkiyon.
Xabarlarga ko‘ra, yangi poytaxt borasidagi yakuniy qaror qabul qilingandan so‘ng barcha davlat idoralari yangi ma’muriy markazga ko‘chiriladi va Tehron aholisiga ham ko‘chib o‘tish imkoniyati taqdim qilinadi.
Tehron nega poytaxtlikka yaramay qoldi?
Poytaxtni Tehrondan boshqa joyga ko‘chirish rejasi Eron boshqaruvchilari orasida oldin ham bir necha bor muhokama qilingan. Bunday to‘xtamga kelinishiga esa ekologik va seysmik muammolar sabab ekani aytilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, shaharda havoning ifloslanish darajasi yuqori va buning 80 foizi avtomobillar hisobiga, qolgan 20 foizi sanoat ulushiga to‘g‘ri keladi. 2010 yilda hukumat ba’zi xavfsizlik va ma’muriy sabablarga ko‘ra poytaxtni Tehrondan ko‘chirish rejasini e’lon qilgan. Bunga esa shaharning yuqorida aytilgan seysmik faolligi sabab bo‘lgan. Uzoq paytdan buyon ehtimoliy zilziladan zarar ko‘rmaslik uchun 150 dan ortiq davlat firmalari va bir qancha universitetlarni Tehrondan ko‘chirish ishlari davom etib kelmoqda.
Poytaxt ko‘chirilishidagi ikkinchi omil sifatida esa mazkur hududdagi aholi sonini shiddat bilan o‘sishi va o‘sgan aholi bilan parallel ravishda shaharni kengaytirish imkoniyati cheklangani ko‘rsatilmoqda. 2018 yil ma’lumotlariga ko‘ra, Tehronda 10 millionga yaqin aholi istiqomat qilgan bo‘lsa, bugun bu son 12 millionni tashkil qiladi. Ba’zi hisob-kitoblarda hatto bugun Tehron 15 million aholini o‘ziga sig‘dirganligi haqida ham ma’lumotlar uchraydi. Ammo shunga yarasha shahar sig‘imini kengaytirish imkonsiz. Bunga uning geografik joylashuvi yo‘l qo‘ymaydi. Tehronni o‘rab turgan tog‘lar nafaqat uning kengayishi, balki hukumat va fuqarolar ehtiyojlarini qondiradigan yo‘l tizimini qurishni ham qiyinlashtiradi. Bundan tashqari, mutaxassislar shahar atrofdagi tog‘lar tufayli ifloslangan havo massalari uning ustida to‘planib qolishi va bu o‘z o‘rnida o‘pka kasalliklarining jiddiy o‘sishiga olib kelishini ta’kidlaydi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Eron davlat sektoridagi ishchi kuchining 30 foizga yaqini va yirik sanoat firmalarining 45 foizi aynan Tehronda joylashgan bo‘lib, bu ishchilarning deyarli yarmi hukumatda ishlaydi.
Eronning keyingi yuragi qayer?
Tehron 1786 yilda Qojar sulolasi vakili Og‘a Muhammad Shoh geosiyosiy sabablarga ko‘ra mamlakat poytaxtini ko‘chirganidan beri Eron markazi hisoblanadi. Salkam 300 yildan buyon siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotning yuragi bo‘lib kelgan Tehron bugun iqtisodiy va bir qancha siyosiy sabablarga ko‘ra poytaxtlik maqomidan ajralish arafasida. Uning o‘rniga esa yuqorida ta’kidlaganidek, mamlakatning janubi, Fors ko‘rfazidagi shaharlar varianti ilgari surilmoqda. Agar tahlillarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, bu qarorga birinchi o‘rinda xavfsizlik va tinchlik emas, balki iqtisodiy manfaatlar va kelajakdagi siyosiy o‘zgarishlar ehtimoli tufayli kelinganini anglashimiz mumkin. Chunki ayni damda yangi poytaxt uchun ko‘rsatilayotgan nomzodlarning barchasi katta-kichik iqtisodiy markazlardir. Poytaxtni ko‘chirishda janubiy yo‘nalishni tanlashning asosiy sabablaridan biri hududning seysmik vaziyatning barqarorligi va muhim transport markazlariga yaqinligidir. Eronning janubiy hududlari poytaxtdan farqli o‘laroq, ekologik jihatdan qulayroq hududlarda joylashgan va dengizga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega, bu ham iqtisodiy rivojlanish va xalqaro munosabatlarni mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Shunday qilib, bugun mutaxassislar tomonidan taxmin qilinayotgan shaharlar uchligiga to‘xtalsak:
- Eng birinchi nomzod bu Bandar-Abbosdir. Bu Eronning Fors ko‘rfazi sohilidagi asosiy port shaharlaridan biri hisoblanadi. U rivojlangan iqtisodiy markaz bo‘lib, mamlakat tashqi savdosi uchun muhim ahamiyatga ega. Shahar strategik jihatdan muhim nuqtada joylashgan bo‘lib, bu Eronga rivojlanish va xalqaro ta’sirni oshirish uchun yangi imkoniyatlarni taqdim etishi kutilyapti. Aholisi esa juda ham zich emas va ayni damda bu yerda 600 mingga yaqin kishi istiqomat qiladi. Hududda xalqaro aeroportning mavjudligi va istiqbolli transport aloqalari bu shaharning poytaxt bo‘lish imkoniyatlarini boshqa variantlarga nisbatan oshirib yuborishi mumkin. Ustiga-ustak Bandar-Abbos va dunyo markazlaridan biriga aylanib ulgurgan Dubay oralig‘idagi masofa atigi 279 km masofani tashkil qiladi. Qatar va uning poytaxti Doha bilan ham masofa unchalik uzoq emas.
- Ikkinchi nomzod esa bu Bandar-Lenge ekanligi taxmin qilinmoqda. Bu Eron janubidagi unchalik tanilmagan, ammo istiqbolli port shahar. Bandar-Lenge Ummon ko‘rfaziga yaqinligi va Hindiston va Sharqiy Afrikaga olib boradigan transport yo‘llari tufayli nomzodlardan biri sifatida ko‘rib chiqilishi mumkin. Ammo bunday imkoniyatlar Bandar-Abbosda ham mavjud va qo‘shimchasiga bu shahar boshqa qulayliklar borasida Bandar-Abbosdan ustun emasligini raqamlardan osongina anglashimiz mumkin. Shahar ancha kichik, bugungi kunda bu hududda 40 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi.
- Uchinchi nomzod Bushehr esa yuqorida tilga olingan ikki shahardan biroz uzoqda joylashgan bo‘lib, Bandar-Abbosga poytaxtlik maqomi uchun yaxshigina raqobat tug‘dirishi mumkin. Bushehr o‘zining iqtisodiy va energetika ob’ektlari, jumladan Eronda qurilgan birinchi atom elektr stansiyasi bilan mashhur va qo‘shimchasiga bu ham port shahar. Ma’lumotlarga ko‘ra, Bushehr uzoq vaqtdan beri mamlakatning asosiy energetika markazi rolini o‘ynagan. Mutaxassislar esa shaharning bu ustunligi yangi poytaxt uchun nafaqat boshqaruv nuqtai nazaridan, balki energiya xavfsizligi tomonidan ham muhim bo‘lishi mumkin, deya ta’kidlamoqda. Bushehr ham suv orqali Quvayt va BAA bilan chegaralangan. Ammo bu hudud Bandar-Abbosga qaraganda Hindistonga biroz uzoq. Ayni damda shaharda 230 mingdan ortiq aholi yashaydi. Bushehr ham Bandar Abbos va Bandar-Lenge singari Arabiston yarimorolidagi yuksalgan shaharlarga juda yaqin va ularni faqat suv yo‘li ajratib turadi.
Bugun tahlilchilar Eron o‘z poytaxtini janubga ko‘chirishi nafaqat aholining haddan tashqari ko‘payishi va ekologik muammolarni hal qilishi, balki Eronning Fors ko‘rfazi mintaqasidagi mavqeini mustahkamlashga ham yordam berishi mumkin deb hisoblamoqda. Chunki bu siljish yuqorida aytib o‘tilganidek, ushbu suv havzasidagi yuqori mavqedagi davlatlar, jumladan Qatar, Quvayt va boshqalar bilan yaqin aloqalar o‘rnatish bilan birga, ular bilan raqobatda kuchli suv yo‘llarga ega bo‘lishida muhim rol o‘ynaydi. Janub shaharlarining rivojlanishi sarmoyalarni jalb qilish va mamlakatning yanada o‘sishini qo‘llab-quvvatlashga qodir bo‘lgan yangi iqtisodiy markazni yaratadi. Dengizga yaqinlik Eronga yangi savdo va logistika imkoniyatlarini taqdim etadi, bu esa kelajakdagi rivojlanish uchun muhimdir, ayniqsa BRICS’ga a’zo davlatlar bilan. Eronning Fors ko‘rfaziga va strategik neft va gaz yo‘llariga yaqinroq joylashgan janubiy hududlari Rossiya va boshqa BRICS a’zolari bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik uchun yangi istiqbollarni ochadi. Eronning janubiy portlari orqali transport va energetika aloqalarini mustahkamlashi savdo aylanmasining o‘sishini rag‘batlantirishi mumkin, bu har ikki davlatga nisbatan sanksiyalar bosimi sharoitida, ayniqsa, muhimdir. Eronning BRICS bilan bog‘liq xalqaro loyihalardagi ishtiroki mintaqadagi strategik rolini oshirish va Yevrosiyo iqtisodiy tashabbuslari doirasidagi hamkorlikni kuchaytirish orqali faollashtirilishi mumkin. Shunday qilib, poytaxtni ko‘chirish Eronning geosiyosiy mavqeini mustahkamlaydi, bu uning Rossiya va BRICS davlatlari bilan hamkorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Yangi markaz uchun xavflar
Poytaxtni shimoldan janubga ko‘chirish iqtisodiy nuqtai nazardan juda o‘rinli bo‘lishi mumkindir, ammo xavfsizlik masalasida bunday deyishga erta. Buni tabiiy seysmik faol nuqtadan qochib, qaynoqqina siyosiy va harbiy seysmik nuqtaga tutilish deyish ham mumkin. Chunki Eron o‘z poytaxtini janubga ko‘chirish orqali yuqorida nomlari qayd etilgan shaharlardan birini tanlagan zahoti oz emas, ko‘p emas, naqd AQSHning 26 ta harbiy bazasi va ularda saqlanadigan 41 ming qo‘shin bilan yaqindan yuzlashadi.
Gap Arabiston yarimorolida joylashgan davlatlardagi Eron bilan suv orqali chegaralangan bazalar haqida ketyapti. Yarimorolning sharqiy qismida joylashgan davlatlar, jumladan Quvaytda 6 ta (13 ming askar), Bahraynda 3 ta (7 ming askar), Qatarda 1 ta (13 ming askar), BAAda 3 ta (5 ming askar), Saudiyaning o‘zida 5 ta (3 ming askar) va Ummonda 6 ta (600 askar) Qo‘shma Shtatlar nazorati ostidagi harbiy bazalar mavjud. Agar xaritaga va geografik o‘lchovlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, bu xavf yanada kattalashtirilgan formatda ko‘rinish beradi. Masalan, Amerikaning 6 ta harbiy bazasi qad rostlagan Quvayt va Eronning navbatdagi poytaxtiga nomzodlardan biri Bushehr orasidagi masofa atigi 280 km ni tashkil qiladi.
Bungacha esa mamlakatning yuragi va eng muhim ma’muriy markazi sifatida Tehronga eng yaqin AQSH harbiy bazalaridan biri Iroqdagi Harir havo bazasi bo‘lib, u Erbilda joylashgandi. Tehron va ushbu harbiy ob’ekt oralig‘idagi masofa 650-700 km ni tashkil qilib, bu Bushehr va Quvaytdagi harbiy bazalarning o‘zaro yaqinligidan bir necha barobar uzoqroq va xavfsizroq hisoblanadi. Ammo gap nomzod bo‘lgan keyingi ikki shahar haqida ketsa, xavf haqidagi taxminlar yanada jiddiylashadi. Bu xatarning ko‘lamini tasavvur qilish uchun esa yana masofalarga yuzlanish talab etiladi. Dastlab biroz uzoqroqlaridan xususan, poytaxtlikka nomzod Bandar-Lenge va Bahrayn orasidagi masofaga nazar tashlaymiz. Mazkur shahar va Bahrayn oralig‘idagi masofa nari beri 400 km hisoblanadi. Ustiga-ustak Bahraynda AQSHning mintaqadagi bir qadar mashhur va kuchli bazalari, xususan, dengiz kuchlarini qo‘llab-quvvatlash bazasi mavjud. Agar Bandar-Lenge forslarning keyingi poytaxti sifatida tanlansa, bu yerga Bahrayndagi xavfdan ko‘ra jiddiyroq bosim Qatardagi AQSH aviabazasidan bo‘lishi ham mumkin. Chunki Qo‘shma Shtatlarning Yaqin Sharqdagi eng yirik bazasi aynan Doha yaqiniga joylashtirilgan bo‘lib, bu yerdagi Al-Udeyd harbiy aviabazasida 13 ming qo‘shin saqlanadi. Doha va Bandar-Lenge orasidagi uzoqlik esa 365 km, yanada aniqlik kiritadigan bo‘lsak 40-45 daqiqalik havo yo‘lini tashkil qiladi. Bandar-Lenge haqida so‘z yuritar ekanmiz, uning AQSH harbiy bazalari joylashgan boshqa bir davlat – BAA bilan juda yaqin ekanligini hisobga olsak, poytaxtlikka nomzod ushbu shaharga AQSH harbiy uchoqlarining yaqinligi va xavfi yanada ortishiga guvoh bo‘lamiz. Ushbu port shahar BAA poytaxti Abu-Dabidan atigi 238 km uzoqlikda joylashgan. Abu-Dabining janubida esa Qo‘shma Shtatlar nazorati ostidagi Al-Dafra aviabazasi mavjud va bu Eronning janubiy qirg‘oqlariga juda-juda yaqin.
Poytaxtlikka eng asosiy nomzodlardan yana biri Bandar-Abbos esa bir qarashda AQSH bazalaridan qolganlarga qaraganda uzoq ko‘rinishi mumkin. Ammo u ham juda olisda emas va hatto amerikaliklarga aloqador bazalar qurshovida ham deyishimiz mumkin. Xususan, Bandar-Abbos Abu-Dabidagi Al-Dafradan 356 km narida joylashgan. Biroq bu port shahar janubi-g‘arbda BAA, janubi-sharqda Ummon sultonligi bilan o‘ralganligini inobatga olsak, Bandar-Abbos AQSHning ushbu ikki arab monarxiyalarida mustahkamlangan harbiy bazalari qurshovida deb bemalol aytishimiz mumkin.
Eron “urushlar”dan charchadimi?
Yuqorida keltirilgan dalillar Fors ko‘rfazi sohilidagi yangi poytaxt Tehrondan ko‘ra ancha zaif himoyaga ega bo‘lishini ochiq-oydin ko‘rsatadi. Mamlakat iqtisodini rivojlantirish vaji bilan ko‘chirilishi rejalashtirilgan yangi markaz ehtimoliy harbiy agressiyadan himoya masalasiga mutlaqo zid. Bu esa Eron endilikda harbiy mojarolardan tiyilib, bor e’tiborini ichki iqtisodiy rivojlanishga qaratadi, degan fikrni o‘rtaga tashlaydi. Ayni damda ko‘pchilik shunday deb o‘ylamoqda ham. Eron mintaqadagi keskinlik pasayishiga umid qilayotgani haqida gapirayotganlar ham yo‘q emas. Bunday xulosalar esa bevosita yangi Prezident Pezeshkiyonning shaxsiyati va uning siyosiy qarashlari ortidan paydo bo‘lyapti. Chunki Mas’ud Pezeshkiyonning liberal siyosatchi deya ta’riflanishi hech kimga sir emas. Eron rasmiylari shunday qarorga kelayotgani, ular poytaxtni AQSH harbiy bazalari yoniga ko‘chirishi va bunday xavfni bila turib amalga oshirishi ularning keyingi qadamlarini birmuncha taxmin qilish imkonini ham beradi. Demak, forslar urush xohlamaydi va ular tinch rivojlanish tarafdori. Buni vaqt ko‘rsatadi. Biroq masala poytaxtdek eng yirik strategik hududni bir joydan boshqa joyga ko‘chirish haqida ketar ekan, bu juda qiyin va muammoli vazifa hisoblanadi. Agar ko‘chish masofasi, jumladan, Bandar-Abbosdan Tehrongacha bo‘lgan uzoqlik 1300 km yoki undan-da uzoq bo‘lsa, bu juda ulkan mablag‘larni talab qilishi tabiiy. Aksariyat sanoat korxonalari, yirik kompaniyalarning ofislari, moliya institutlari poytaxtda to‘plangan va ularning barchasi ko‘chishni boshlashi dargumon. Bundan tashqari, poytaxtning Fors ko‘rfaziga olib kelinishi oliy rahnamo Ali Xomanaiyning uzoq yillik dushmani AQSH hamda uning harbiy bazalari bilan bir devorlik yon qo‘shni bo‘lishini ham hisobga olsak, bu qaror ortida hali bizni bir-biridan qiziq va juda jiddiy voqea-hodisalar kutayotganini oldindan taxmin qilishimiz mumkin.
LiveBarchasi