Tehron Vashington bilan yadroviy kelishuvga erishishga tayyor – Eron rasmiysi
Olam
−
13:55 1962 2 daqiqa
Eron AQSH bilan yadroviy kelishuv bo‘yicha murosaga tayyor ekanini bildirdi. Bu haqda Eron Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Majid Taxt-Ravanchi bugun, 15 fevral kuni BBC'ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, agar AQSH Eronga qarshi sanksiyalarni bekor qilish masalasini muhokama qilishga rozi bo‘lsa, Tehron ham yadroviy dasturini cheklash bo‘yicha kelishuvga tayyorligini bildirdi. Biroq Eron yadroviy masalani raketa dasturi kabi boshqa mavzular bilan bog‘lashni rad etmoqda.
Taxt-Ravanchi Tehron va Vashington o‘rtasidagi muzokaralar shu oy boshida Ummonda qayta boshlanganini va yaqin kunlarda Jenevada ikkinchi bosqich o‘tkazilishini tasdiqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlabki uchrashuvlar “ijobiy ruh”da o‘tgan, ammo yakuniy xulosa chiqarish uchun hali erta.
Eron atom energiyasi tashkiloti rahbari esa agar barcha moliyaviy sanksiyalar bekor qilinsa, mamlakat yuqori darajada boyitilgan uranni suyultirishga rozi bo‘lishi mumkinligini aytgan. Shu bilan birga, Eron uranni boyitishni to‘liq to‘xtatish talabini qabul qilmasligini yana bir bor ta’kidlagan.
AQSH Eronda uran boyitish jarayonini yadroviy qurol yaratish yo‘lidagi xavf sifatida baholaydi. Tehron esa yadroviy qurol yaratish niyati borligini rad etib keladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH harbiylari Prezident Donald Tramp Eronga zarba berish haqida buyruq chiqargan taqdirda, bir necha hafta davom etishi mumkin bo‘lgan keng ko‘lamli operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rayotgani ma’lum qilingandi.