TDTning hozirgi byudjeti maqsadlarni amalga oshirish uchun yetarli emas – Aliyev
Olam
−
06 noyabr
3460Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) hozirgi byudjeti oldinga qo‘yilgan maqsadlarni amalga oshirish uchun yetarli emas. Bu haqda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bugun, 6 noyabr kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining 11-sammitida so‘z ochdi.
Ilhom Aliyevga ko‘ra, TDTning hozirgi byudjeti oldinga qo‘yilgan maqsadlarni amalga oshirish uchun yetarli emas. Xususan, Ozarbayjonning TDT kotibiyatiga 2 million dollar va Oqsoqollar kengashiga 100 ming AQSH dollari miqdorida moliyaviy yordami tashkilot salohiyatini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Aliyevning bildirishicha, joriy yilda TDT asosini tashkil etgan Naxichevan kelishuvi imzolanganiga 15 yil to‘ldi. Bu davr mobaynida tashkilot rivojlanishning muvaffaqiyatli yo‘lini bosib o‘tdi. Shuningdek, TDT davlatlari rahbarlarining Ozarbayjonning Shusha shahrida bo‘lib o‘tgan norasmiy sammitida joriy iyul oyida imzolangan “Qorabog‘ deklaratsiyasi” hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga o‘z hissasini qo‘shadi.
“Hozirda dunyoda kuchayib borayotgan tahdidlarni hisobga olsak, mudofaa, xavfsizlik va mudofaa sanoati sohalaridagi hamkorligimiz katta ahamiyatga ega. Yaqinda huquq-tartibot idoralari va xavfsizlik idoralari o‘rtasida hamkorlik kengaytirildi. Qurolli kuchlarimiz ishtirokida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. Birodar davlatlardan kelgan kursantlarning harbiy ta’lim muassasalarimizda o‘qishi o‘zaro ishonch va do‘stlik belgisi hisoblanadi”, dedi u.
Aliyevga ko‘ra, yaqinda Sharq-G‘arb transport yo‘lagi bilan Ozarbayjon hududi orqali yuk tashish yanada ortgan. Shuningdek, mamlakat Markaziy Osiyo davlatlarini o‘z hududi orqali Turkiya bilan bog‘laydigan ushbu yo‘lakning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish uchun investitsiyalarni ko‘paytirmoqda.
Bildirilishicha, 2024 yilning yanvar-sentyabr oylarida 2023 yilning tegishli davriga nisbatan a’zo va kuzatuvchi davlatlar o‘rtasida tranzit yuk tashish hajmi deyarli 15 foizga oshgan. Hozirda “O‘rta yo‘lak”ni raqamlashtirish va savdoni soddalashtirish bo‘yicha bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu esa logistika samaradorligini oshirish va xarajatlarni kamaytirishga yordam beradi.
Aliyev o‘z nutqida Qorabog‘ masalasiga ham to‘xtaldi. Unga ko‘ra, o‘tgan 2023 yil sentyabr oyida Ozarbayjon o‘z suverenitetini to‘liq tikladi. 30 yillik bosib olingan davr mobaynida Armaniston ushbu hududlardagi 9 ta shahar va yuzlab qishloqlarni butunlay vayron qilgan. Hozir bosib olingan hududlarda keng ko‘lamli rekonstruksiya va qayta qurish loyihalari amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, “Katta qaytish” dasturi doirasida majburiy ko‘chirilganlar o‘z yurtlariga qaytmoqda.
“Fursatdan foydalanib, ozod qilingan hududlarda birodarlik sovg‘asi sifatida maktab va ijod markazi uchun O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Vengriya davlat rahbarlari va hukumatlariga yana bir bor minnatdorlik bildirmoqchiman. Shuningdek, qurilishi rejalashtirilayotgan maktablar uchun ham rahmat”, dedi Ozarbayjon yetakchisi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ushbu sammit doirasida Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev turkiy dunyo uchun yagona axborot makonini yaratish maqsadida kabel telekanallarini o‘zaro efirga uzatishni taklif etgani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr