TDT Turkiya bosimi ostidagi tashkilotmi?

Intervyu

Ma’lumki, kecha, 10-11 noyabr kunlari Turkiy davlatlar tashkilotining 9-sammiti Samarqandda bo‘lib o‘tdi. Unda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Turkiy davlatlar tashkilotiga kuzatuvchi sifatida qabul qilinganini aytib, buning uchun tashkilotning boshqa a’zo davlatlari rahbarlariga minnatdorlik bildirdi. Biroq, Anqaradan bo‘lak dunyoning hech bir mamlakati tomonidan tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasiga TDTda kuzatuvchi maqomini olishi ko‘plab bahslarni keltirib chiqarib, qoralovchi bayonotlarga sabab bo‘lmoqda. 

Erdo‘g‘anning nutqidan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov bayonot berib, TDT sammitida Shimoliy Kipr Turk Respublikasiga kuzatuvchi davlat maqomini berish bo‘yicha hech qanday hujjat qabul qilinmagani, uning suverenitetini tan olish bo‘yicha esa umuman gap bo‘lishi mumkin emasligi haqida aytib chiqdi. 

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Turkiy davlatlar tashkiloti Turkiya bosimi ostidagi tashkilotmi? Nega Erdo‘g‘an sammitda bunday irod qildi va nega agar Shimoliy Kipr Turk Respublikasi haqiqatan ham Turkiy davlatlar tashkilotiga kuzatuvchi sifatida qabul qilinmagan bo‘lsa, tashkilot bosh kotibiyati chuqur sukutda? 

Samarqandda bo‘lib turgan QALAMPIR.UZ muxbiri ushbu masalada yurist va siyosatshunos Omonulla Muhammadjonovga yuzlandi. 

Shahzod Sultonov, muxbir: — Bilamizki, tashkilotning faol a’zolaridan biri – bu Turkiya Respublikasi va uni tashkilotning boshqa a’zolariga solishtirganda, harbiy va iqtisodiy tomondan ustunlikka ega. Tashkilotda Turkiya qanday ta’sir va bosimga ega. Umuman tashkilot Turkiya bosimi ostidagi tuzilmami?

Omonulla Muhammadjonov, yurist, siyosatshunos: — Darhaqiqat, siz to‘g‘ri qayd etib o‘tdingiz, bu tashkilotni dunyoga kelishi Turkiyaning sobiq Prezidenti Turgut O‘zalning tashabbusi bilan bog‘liq. Dastlab, bu g‘oya turkiy davlatlarni hamkorlik va o‘zaro manfaatli tashkilot tuzish maqsadida qilingan. Lekin shuni ham aytib o‘tishimiz ham kerak, Turkiya hozirda salohiyatga, o‘z ovoziga va qator xalqaro tashkilotlarda katta o‘ringa ega bo‘lgan davlatlardan biri hisoblanadi. 

Hozir sammitda ishtirok etayotgan davlatlar mustaqil davlatlar. Har qanday xalqaro tashkilotning asosiy vazifasi har bir mamlakatning manfaati bo‘lsa-da, lekin mushtarak maqsad sari yo‘naltirishdan iborat. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston ham o‘zining manfaatlariga, taraqqiyotimizni belgilash borasida juda katta tajribaga 30 yilda ega bo‘ldi.

Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zolarning yarmidan ko‘pi bu Markaziy Osiyo davlatlari hisoblanadi. O‘ylaymanki, Turkiyaning mazkur tashkilotga takliflari, mulohazalari o‘rtaga tashlanishi mumkin. Har bir davlat, yuqorida aytib o‘tilganidek, boshqa dunyo mamlakatlari bilan ma’lum bir munosabatlarga kirishadi va shu nuqtayi nazardan o‘zining siyosatini boshqa mamlakatlar siyosatini hisobga olgan holda, o‘z manfaatlarini dunyo miqyosida, xalqi manfaatlaridan kelib chiqqan holda hal qilishga harakat qiladi. O‘ylaymanki, Turkiyaning bu yerda bevosita dominantligi, ta’sir etish doirasi faqatgina o‘zaro muzokalar, mana shu masalalarda yagona yechimlarni topishda ko‘rinadi. 

Ma’lumot uchun, 1992 yil 30 oktyabrda Turkiya Respublikasining o‘sha paytdagi Prezidenti Turgut O‘zal tashabbusi bilan Anqara shahrida birinchi “Turkiy tilli davlatlar sammiti” bo‘lib o‘tdi, unda Turgut O‘zal, Abulfaz Elchibey, Islom Karimov, Nursulton Nazarboyev, Saparmurod Niyozov va Asqar Akayev ishtirok etgan.  O‘sha sammitda ishtirokchilar siyosiy va iqtisodiy birlik o‘rnatilishini e’lon qilishdi. 1993 yil 12 iyulda Qozog‘istonning o‘sha paytdagi poytaxti Olmaotada Turkiy xalqlar madaniyati xalqaro tashkilotini tuzish to‘g‘risida shartnoma imzolandi.

Bundan tashqari, 1992 yilda Olmaotada Turkiy tillar va san’at birlashgan boshqarmasi, 1998 yilda Bakuda Turkiy tilli mamlakatlar parlament assambleyasi tashkil etildi.

O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga 2019 yilning sentyabr oyida a’zo bo‘ldi va Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yilning oktyabr oyida Bakuda bo‘lib o‘tgan sammitda ishtirok etgan.

2021 yilning noyabr oyida Istanbulda bo‘lib o‘tgan sammitda Kengash Turkiy davlat tashkiloti nomini oldi.

Hozirda Tashkilotga Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekiston a’zo. Turkmaniston va Vengriya kuzatuvchi davlat maqomiga ega.

Quvonchbek G‘aybullayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

107

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing