TDT Afg‘oniston bo‘yicha qo‘shma bayonot e’lon qildi. Unda nima deyilgan?
Olam
−
23 may
6706Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) a’zo davlatlar rahbarlari Afg‘oniston fuqarolarining barcha asosiy huquqlarini farqlarsiz tiklash va ta’minlash orqali inson huquqlariga hurmat ko‘rsatishga chaqirmoqda. Bu haqda joriy yilning 21 may kuni Venriyaning Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan TDT davlat va hukumat rahbarlarining norasmiy sammiti bo‘yicha e’lon qilingan qo‘shma bayonotda so‘z boradi.
Mazkur bayonot jami 14 banddan iborat bo‘lib, unda Afg‘oniston fuqarolarining barcha asosiy huquqlarini farqlarsiz tiklash va ta’minlash orqali inson huquqlariga hurmat ko‘rsatish, mamlakat hududi hech bir mamlakatga qarshi terrorchilik maqsadlarida foydalanilmasligi uchun terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish va qat’iy choralar ko‘rish talab qilinishi hamda Afg‘oniston bilan savdo va iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish rag‘batlantirilishi aytilgan.
Xususan, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari:
- Afg‘oniston xalqining zudlik bilan ehtiyojlarini qondirish va mamlakatda barqarorlikka erishish maqsadida xalqaro hamjamiyat tomonidan ko‘rsatilayotgan gumanitar yordamlarga doimiy va barqaror hissa qo‘shishni qo‘llab-quvvatlaydi.
- De-fakto hokimiyat va afg‘on xalqiga uzoq muddatli tinchlik, milliy yarashuv, barqarorlik va taraqqiyotga erishishda yordam ko‘rsatish harakatlarini davom ettiradi.
- Afg‘oniston xalqining xilma-xilligini aks ettiruvchi vakillik asosidagi boshqaruv tuzilmasini shakllantirishni rag‘batlantiradi.
- Afg‘oniston fuqarolarining barcha asosiy huquqlarini farqlarsiz tiklash va ta’minlash orqali inson huquqlariga hurmat ko‘rsatishni talab qiladi.
- Afg‘oniston hududi hech bir mamlakatga qarshi terrorchilik maqsadlarida foydalanilmasligi uchun terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish va qat’iy choralar ko‘rishni talab qiladi.
- Giyohvand moddalarni noqonuniy ishlab chiqarish va ularning kontrabandasini butunlay yo‘q qilish zarurligini ta’kidlaydi hamda Afg‘onistonga muqobil hayot manbalarini taqdim etish orqali ko‘proq yordam ko‘rsatishni chaqiradi.
- Barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Afg‘oniston bilan savdo va iqtisodiy aloqalarni kuchaytirishni rag‘batlantiradi.
- Afg‘onistonning muzlatilgan moliyaviy aktivlarini qaytarish, bank tizimini xalqaro moliyaviy tizimga qayta integratsiya qilish, moliyaviy shaffoflik choralarini va tegishli huquqiy kafolatlarni joriy etish orqali mamlakat iqtisodiy tiklanishini ta’minlash zarurligini ta’kidlaydi.
- Afg‘oniston atrofidagi va ichidagi yirik infratuzilma va transport loyihalarini, xususan: Trans-Afg‘on temiryo‘li, Turkmaniston-Afg‘oniston-Pokiston-Hindiston (TAPH) gaz quvuri, Turkmaniston-Afg‘oniston-Pokiston (TAP-500) elektr uzatish loyihasi, Markaziy Osiyo-Janubiy Osiyo elektr energiyasini uzatish va savdosi loyihasi (CASA-1000), Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘li, Surxon–Pul-i-Xumri elektr uzatish loyihasi, Lapis Lazuli yo‘nalishi kabi loyihalarni amalga oshirishga chaqiradi va bu loyihalarni xalqaro moliyaviy institutlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini istaydi.
- Afg‘oniston ichidagi va tashqarisidagi afg‘on qochqinlari muammosini hal qilishda xalqaro yordamning davom ettirilishini chaqiradi.
- Afg‘oniston xalqiga, qo‘shnilariga, mintaqaga va butun xalqaro hamjamiyatga nisbatan tinchlikda bo‘lgan, to‘liq huquqli xalqaro hamjamiyat a’zosi sifatidagi Afg‘oniston manzarasiga erishish maqsadida xalqaro hamjamiyat tomonidan natijaviylikka asoslangan yo‘l xaritasi orqali uyg‘un, muvofiqlashtirilgan va tuzilmaviy yondashuv asosidagi hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydi.
- TDT a’zo davlatlarining Afg‘onistonga doir milliy, mintaqaviy va xalqaro tashabbuslari va ishtirokini, xususan BMTning Markaziy Osiyo va Afg‘oniston bo‘yicha barqaror rivojlanish Markazi (Olmota), Termiz xalqaro savdo markazi, Termiz ko‘p funksiyali logistika markazi, BMT Doha jarayoni ishchi guruhlari kabi tashabbuslarini e’tiborga oladi.
- Shu munosabat bilan TDT a’zo davlatlarining Afg‘oniston bilan iqtisod, savdo, gumanitar yordam, ta’lim va boshqa sohalarda hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganishni rag‘batlantiradi.
- Tashqi ishlar vazirlariga Afg‘onistondagi vaziyatni TDTning Afg‘oniston bo‘yicha ishchi guruhi orqali doimiy nazoratda ushlab borish vazifasini topshiradi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mazkur sammitda Afg‘oniston masalasiga to‘xtalgandi. Mirziyoyevning fikricha, global va mintaqaviy xavfsizlik haqida so‘z borganda, Afg‘onistondagi murakkab vaziyatni inobatga olish va unga birgalikda yechim topish lozim.
LiveBarchasi