Tayvan Xitoyning tinch birlashish taklifini rad etdi
Olam
−
11 avgust 2022
7769Tayvan hukumati Pekin taklif qilgan “bir davlat, ikki tizim” modeli ostida Xitoy bilan birlashish imkoniyatini rad etadi.
“Tayvan “bir mamlakat, ikki tizim” g‘oyasini qat’iyan rad etadi. Faqat Tayvan xalqi o‘z kelajagini hal qilishi mumkin”, deydi Tayvan Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Joan Ou.
Tayvanning “Bir davlat, ikki tizim” modeli asosida Xitoy tarkibiga kirishi haqidagi taklif Davlat kengashi tomonidan 10 avgust kuni chop etilgan “Oq kitob”da o‘rin olgan. Shuningdek, Tayvan va Xitoyning “qayta birlashishi” muqarrar ekani va Pekin bu muammoni harbiy yo‘l bilan hal qilish imkoniyatini istisno qilmasligi ta’kidlangan.
Tayvan atrofidagi vaziyatning keskinlashuviga AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining orolga tashrifi sabab bo‘ldi. Bu safardan so‘ng Xitoy Tayvan qirg‘oqlarida keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlarni boshladi va orolga qarshi sanksiyalar e’lon qildi.
“Bir mamlakat, ikki tizim” modeli 1997 yilda Xitoy tarkibiga kirgan Gonkongda mavjud. So‘nggi yillarda Pekin Gonkong muxtoriyatini sezilarli darajada cheklay boshladi, bu esa keng ko‘lamli norozilik namoyishlari va shaharda mustaqillik harakati boshlanishiga olib keldi.
Xitoy-Tayvan masalasi
Tayvan 1949 yilda Chan Kayshi (1887-1975) boshchiligidagi Gomindan qo‘shinlarining qoldiqlari Xitoy fuqarolar urushida mag‘lubiyatga uchragach, orolga qochib ketganidan beri o‘z ma’muriyati tomonidan boshqariladi. O‘shandan beri Tayvan kommunistlar hokimiyatga kelishidan oldin materikda mavjud bo‘lgan sobiq Xitoy Respublikasi bayrog‘i va boshqa atributlarini saqlab qolgan.
Qo‘shma Shtatlar 1979 yilda Tayvan bilan diplomatik aloqalarni uzib, ularni XXR bilan o‘rnatgan. Vashington “yagona Xitoy” siyosatini tan olish bilan birga, ayni paytda Taybey ma’muriyati bilan aloqalarni davom ettirmoqda va orolga qurol yetkazib bermoqda. 2020 yilda AQSHning avvalgi Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Gonkongdagi vaziyat tufayli Pekin bilan munosabatlarning keskinlashuvi fonida Tayvan bilan aloqa va almashinuvlarni sezilarli darajada faollashtirdi, bu esa XXR rasmiylarining noroziligiga sabab bo‘ldi.
AQSH Tayvanning asosiy qurol yetkazib beruvchisidir. Joriy yilning aprel oyida Davlat departamenti Patriot zenit-raketa tizimlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 95 million dollarlik shartnomani ma’qulladi.
LiveBarchasi