TATU talabalari 300 mlnga tushib qolayotgani qanchalik haqiqat? Universitet raddiya berdi

Jamiyat

image

Avvalroq, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalari muassasa mas’ullarining xatosi tufayli 300 million so‘mdan ortiq pul to‘lashiga to‘g‘ri kelishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti mazkur xabarlar yuzasidan o‘zi munosabatini bildirib, tarqalgan xabarlarni inkor qildi.

Qayd etilishicha, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning xududiy filiallarida 2018-2019 o‘quv yilidan boshlab o‘qitishning kredit-modul tizimi joriy etilgan. Hozirgi kunda barcha bosqich talabalari ta’limning kredit tizimida tahsil olib kelmoqda. Universitetda o‘quv jarayoni va nazoratlarni tashkil etish uchun “lms.tuit.uz” tizimi joriy etilgan bo‘lib, bunda inson omili ishtirok etmaydi. Ushbu tizim 4 yil davomida universitetda to‘laqonli sinovdan o‘tgan va bunday holatlar kuzatilmagan. O‘tgan davr mobaynida o‘n minglab talaba mazkur dargohni tamomlab, jamiyatda o‘z o‘rniga ega kadrlar sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

Universitet ma’muriyati ijtimoiy tarmoqlardagi “qo‘shimcha to‘lov qilish”, “TATU mas’ullarining xatosi tufayli talabalar bo‘lib o‘tgan yakuniylardan yiqilishi”, “amaldagi tizim xato” deya talqin qilingan xabarlar bo‘yicha izoh bergan.

“Avvalo universtitetda yakuniy nazoratlar hozirda ham davom etmoqda. Nazorat ishlari natijasidan qoniqmagan taqdirda talabalar appelyatsiyaga berish mumkinligini eslatib o‘tamiz. Shu o‘rinda, qayta o‘qish uchun to‘lov qiymatlariga nazorat ishlari va appelyatsiya natijalari tugallangandan so‘ng aniqlik kiritilishini ma’lum qilamiz. Bunda fanlardan qayta o‘qish uchun to‘lov miqdori talabaning bir yillik to‘lov shartnoma miqdorining 1 kreditga (1 kredit to‘lov miqdori kontrakt miqdorini 60 ga bo‘lingan nisbati) nisbatidan va fanga ajratilgan kredit miqdoridan kelib chiqib belgilanadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, xabarda “talabalar bugun bo‘lib o‘tgan yakuniylardan universitet hisobiga 300 mln so‘mdan ortiq pul to‘lashi mumkinligi” haqidagi fikr mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, deyiladi rasmiy munosabatda.

Shuningdek, universitet raxbariyati tashabbusi bilan talabalar uchun ko‘pchilik oliygohlarda mavjud bo‘lmagan bir qator sharoitlar va imtiyozlar yaratilgani ham eslatib o‘tilgan.

“Jumladan, fanlardan yetarli ball to‘play olmagan ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar (chin yetimlar va boquvchisi yo‘qlar, imkoniyati cheklangan, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kirgan, nogironligi mavjud talabalar, marhum xarbiylar farzandlari) uchun qayta o‘qish bepul etib belgilangani va ular bu imtiyozlardan muntazam foydalanib kelayotganini misol tariqasida keltirishimiz mumkin”, deya ta’kidlangan bayonotda.

Bundan tashqari, universitet mas’ullarining xatosi tufayli talabalar yakuniy nazoratdan yiqilgani haqidagi xabarlar yuzasidan quyidagicha izoh berilgan:

“Universitetda tasdiqlangan o‘quv jadvaliga ko‘ra, 2022 yil 2 fevral kuni soat 11:00da 2-bosqich talabalariga “Diskret tuzilmalar” fanidan onlayn rejimda 1400 nafarga yaqin talabalarga yakuniy nazorat ishi o‘tkazildi. Ishtirok etganlardan 50 foiz talaba baholash me’zonlarida belgilangan o‘tish ballarini to‘plab muvaffaqiyatli o‘tgan (ushbu ro‘yxatdagi 300 ga yaqin talabalar a’lo va yaxshi baholar bilan, qolgan 300 dan ortig‘i ham kerakli ballar to‘plagan). Qolgan talabalar orasidan 72 nafarida esa “lms.tuit.uz” tizimida kuzatilgan qisqa texnik nosozlik sababli savollar variantlarini generatsiyalash jarayonida buzilish yuz berdi.

Mavjud texnik nosozlikni bartaraf etish yuzasidan zudlik bilan universitetning rasmiy kanallari orqali ma’lum qilingan. Universitet ma’muriyati mazkur holat bo‘yicha murojaat qilgan talabalar uchun qayta yakuniy nazorat olinishini ma’lum qiladi”.

Universitet yakuniy nazoratlarda tushgan savollarga e’tiroz bildirgan talabalarga “lms.tuit.uz” tizimida apellyatsiya tartibida qayta ko‘rish uchun ariza berish imkoniyati mavjudligini yodga solgan.

“Apellyatsiya jarayonlari 2-bosqich talabalari uchun barcha imtihonlar yakunlangandan so‘ng o‘tkazilishi haqida universitet rasmiy kanalida ham xabar berilgan.

Xulosa o‘rnida, aziz talabalar hamda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga murojaat qilib, ta’lim jarayonlari bilan bog‘liq barcha savol va muammolar mavjud bo‘lganda bevosita rektor virtual qabulxonasiga onlayn murojaat qilishingiz mumkinligini yana bir bor eslatib o‘tamiz.

Bizning dargoh respublikadagi nufuzli universitetlardan biri sifatida o‘z o‘rniga egaligi, bunda professor-o‘qituvchilar va xodimlarning mehnati beqiyos ekanligini qadrlashingizni so‘rab qolamiz”, deyiladi rasmiy munosabatda.

Ma’lumot uchun, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ham mazkur holat bo‘yicha o‘rganish boshlagan. Vazirligida holatni o‘rganish bo‘yicha mas’ullardan iborat tezkor ishchi guruh tuzilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

84

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing