Islom Karimov xotira marosimiga birinchi marta nabiralari keldi

Jamiyat

Tatyana Akbarovna Karimova – mamlakatning 74 yoshli sobiq birinchi xonimi. U turmush o‘rtog‘i O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning vafotidan so‘ng, uning xotirasini abadiylashtirishga bel bog‘lagan. 

U Karimov nomidagi muzey, kutubxona ochilishiga boshchilik qilgan, har yili amaldagi Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan Karimov qabrini ziyorat qiladi, haykali poyiga gul qo‘yadi va Islom Karimov nomidagi jamoat fondni boshqarib keladi. Sentyabr oyi boshlarida esa marhum Prezident Islom Karimovni xotirlash haftaligi doirasida xotira marosimini o‘tkazadi. 

Xuddi shunday marosim 3 senyabr kuni poytaxtdagi “Oqsaroy” majmuasida bo‘lib o‘tdi. Unda esa Tatyana Karimova nutq so‘zlab, turmush o‘rtog‘i bilan o‘tkazgan damlarini esladi. 

“Har yil ikki marta Islom Abdug‘aniyevich Karimovni eng qaynoq hissiyotlar bilan xotirlashimiz an’anaga aylandi. Xotira ajoyib narsa, u bizni sevishga, orzu qilishga va oldinga qarab intilishga ilhomlantiradi. Mening taqdirim Islom Abdug‘aniyevichga xizmat qilish bilan bog‘langan. Men uning ishlashi uchun maksimum imkoniyat yaratib berdim, ayniqsa, u kishi Prezident bo‘lganida. Men bilardim, u uchun eng muhimi – bu ish. Islom Abdug‘aniyevich kuchli va jangovar xarakterli inson edi. U juda ko‘p ishlar edi. 

Biz turmush qurganimizda, u allaqachon martabali odam edi. Va men uning xarakteri, uning shaxsiyati ko‘lamini his qildim. Men uning oldida buyuk kelajak borligini angladim. Bu kelajak qiyin va og‘ir edi, ammo u bu yo‘lni munosib bosib o‘ta olardi”, deydi Tatyana Karimova. 

U o‘z so‘zi so‘nggida mamlakat Birinchi Prezident xotirasiga ko‘rsatilayotgan hurmat va ehtirom uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi. 

Mazkur marosimga Karimovni yaqindan tanigan insonlar, san’atkorlar, jurnalistlar, davlat va nodavlat tashkilotlar rahbarlari va jamotchilik vakillari tashrif buyurdi. Shunday mehmonlardan biri O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Gulnora Mahkamova Karimovning xalqaro jurnalistlar oldidagi obro‘yi haqida shunday deydi:

“Xorijiy davlatlarning qaysi biriga bormaylik, hamma davlat Prezidentlari kelgan paytida agar “ O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov tashrif buyurdi”, deyilsa, hamma davlat jurnalistlari yugurib borib, Islom Karimovdan intervyu olishga harakat qilardi. Ayrim Prezidentlar buni ko‘rib “Nimaga bizga bunchalik e’tibor berishmaydi?” deb gapirishardi”.

Shuningdek, Islom Karimovning hos soqchilari boshlig‘i so‘zga chiqib, Karimovning qanchalik jasoratli shaxs bo‘lgani haqida gapirib berdi va o‘z medallaridan birini Tatyana Karimovaga sovg‘a qildi.

“Men 2-3 yil kasal bo‘lib yotganimdan so‘ng 90-yillarda Prezidentimizni qo‘riqlash menga ishonib topshirilganini o‘qib, juda quvongandim”, deya xotirlaydi u.

Oldingi yillardagi marosimlardan farqli o‘laroq bu yilgi tadbirda Islom Karimovning nabiralari Maryam Tillyayeva, Imon Karimovalar ham qatnashishdi. 

Tadbir davomida Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlab vatanparvarlik ruhidagi hamda muhabbat mavzusidagi kuy- qo‘shiqlar kuylandi. Ularni tinglarkan Tatyana Karimova ko‘z yoshlarini yashirib turolmadi. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov 2016 yil 2 sentyabr kuni og‘ir xastalik sabab 78 yoshida vafot etgan edi. Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova ayni vaqtda qamoqda. Oilaning kenjasi Lola Karimova esa otasi vafotidan keyin O‘zbekistondagi barcha biznes va rasmiy lavozimlardan voz kechib, AQSHga ko‘chib o‘tgan. Maryam Tillyayeva ham turmushga chiqquniga qadar onasi bilan yashab kelayotgan edi. U bloger Amiran Sardarov bilan turmush qurib, so‘ng ajrashgach, dunyo kezmoqda. Uning bir oyog‘i hamon Moskvada. 

Gulnora Karimovaning o‘g‘li Islom va qizi Imon esa Londonda o‘qib, istiqomat qiladi. Islom uylangan, o‘g‘il farzandli bo‘lgan. Imon esa vaqti-vaqti bilan O‘zbekistonga kelib turadi. Imon va Maryamning munosabatlari yaqinda tiklandi.

Xotirlash marosimidan tayyorlangan videoreportajni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ'ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Hulkar Murtazoyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

214

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing