“Tasviriy san’at va chizmachilik” o‘rniga “San’at” fani o‘tilishi mumkin
Jamiyat
−
28 mart
10029O‘zbekistondagi ijod maktablarida “Tasviriy san’at va chizmachilik” fani o‘rniga “San’at” fanini kiritish taklif etilmoqda. Bu haqda bugun, 28 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan maktab ta’limini rivojlantirish va sifatini oshirishga oid rejalar taqdimotida ma’lum qilindi.
“San’at” fanida faqat rasm chizish emas, balki rangtasvir, hunarmandchilik, kinematografiya, haykaltaroshlik va dizaynga oid ko‘nikmalar o‘rgatiladi.
Oliy o‘quv yurtlarida bu bo‘yicha maslahatchi tizimini Madaniyat vazirligi bilan bog‘lab, maqom, baxshichilik, teatr meroslarini yoshlarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, yirik korxonalar va klasterlar qoshida ansambllar tuzilib, mahallalarda konsertlar, maktablarda madaniyat kunlari tashkil etilishi belgilandi.
Bundan tashqari, yuqori malakali pedagoglar imkoniyatlaridan keng foydalanish maqsadida Prezident ta’lim muassasalari agentligi huzurida jamoatchilik asosida “Fan kengashlari” tuziladi. Bu kengashlar ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, baholash tizimini takomillashtirish, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirishga jalb qilinadi.
Shu bilan birga, kelgusi o‘quv yilidan 14 ta maktabda fanlarni ingliz tilida o‘qitishni yo‘lga qo‘yish, 2025-2026 yillarda 8 ta yangi ixtisoslashgan maktab qurish rejalari ham bayon etildi.
Shuningdek, davlat yakuniy attestatsiyasida, ya’ni maktabni bitirish imtihonlarida o‘quvchilarning bilimini yagona nazorat materiallari asosida baholash taklif etilmoqda. Imtihon topshiriqlari yozma va amaliy shaklga o‘tkaziladi, javoblarni maxsus platforma orqali tekshirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi, savollar doimiy ravishda yangilanib boriladi.
Yana bir muhim yangilik – maktabni bitirish imtihonlarida oliy ta’lim muassasasiga kirish sinovlariga mos fanni tanlash imkoniyati yaratiladi.
LiveBarchasi