Tasmalarda qolgan tarix — Qirolicha Yelizaveta II tasvirlangan eng yaxshi filmlar
Olam
−
25 Sentabr 2022
19930Buyuk Britaniya Qirolichasi Yelizaveta II 8 sentyabr kuni Shotlandiyadagi Balmoral qasrida 96 yoshida vafot etdi va 19 sentyabr kuni Buyuk Britaniya poytaxtiga dafn etildi. U qirollikni 70 yil davomida boshqardi. Endilikda Yelizaveta II haqidagi xotiralar nafaqat odamlar ongida va tarix kitoblarida, balki kinotasmalarda ham saqlanadi. Dunyoning eng taraqqiy etgan mamlakatlaridan birida bu qadar uzoq vaqt davomida taxtda o‘tirgan monarx, albatta, kinorejissyorlar uchun yaxshi mavzu edi.
Qirolicha va uning oilasi haqida ko‘plab hujjatli filmlar yaratilgan, ammo jamoatchilik e’tiborini baribir badiiy filmlar ko‘proq tortgan. Buyuk Britaniya Qirolichasi haqida badiiy filmlar suratga olish o‘ta mushkul jarayon. Sababi bu yerda siyosat bilan bog‘liq nozik masalalar, Qirolicha istiqomat qiladigan qasrlar, uning kundalik hayotidagi hashamat va u filmda aytadigan har bir so‘z ustida bosh qotirish kerak. Yetmaganiga inglizlar uchun qadrdon qiyofani o‘zida gavdalantiroladigan aktrisa topish masalasi ham bor. Bugun Qirolicha Yelizaveta II tasvirlangan eng yaxshi badiiy filmlar haqida hikoya qilamiz.
QIROLICHA (2006 YIL)
Film Yelizaveta II vafot etgan Balmoral qasrida suratga olingan. Ushbu film malika Diana vafotidan keyin boshlangan qirollik oilasidagi ruhiy inqiroz haqida hikoya qiladi. Bu nafaqat Qirollik oilasi, balki butun Britaniya xalqi uchun og‘ir judolik edi. Filmdagi voqeliklarga ko‘ra Yelizaveta II ning zimmasida fojia yuz bergan kunlarda yuzaga kelgan bir nechta muammolarga yechim topish va dafn marosimini o‘tkazish kabi mas’uliyatli vazifalar turadi.
Ushbu filmda Qirolicha rolini aktrisa Xelen Mirren ijro etgan. Bu rol unga tom ma’noda omadli kelgan. Sababi aynan shu rol sababli aktrisa “Oskar”, “Oltin globus” va “Venetsiya” va taqdirlash marosimlarida mukofotlarga sazovor bo‘lgan. Bundan tashqari, Mirrenning so‘zlariga ko‘ra , Yelizaveta II ning o‘ziga bu rol yoqqan.
QIROL NUTQI (2010)
Bu film ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri Yelizaveta II haqida emas, balki uning otasi Jorj VI haqida hikoya qiladi, shunga qaramay, Freya Uilson o‘zida gavdalantirgan jaji Yelizaveta obrazi tomoshabinlar xotirasida saqlanib qoldi. Filmda Jorj VI ning nutqidagi nuqson bilan kurashi aks etgan. Film davomida bir necha marotaba uning qizi Yelizaveta namoyon bo‘ladi. Ushbu film 2011 yilgi “Oskar” taqdirlash marosimida eng yaxshi film deb topilgan.
LONDONDAGI TA’TIL (2015)
Qirolicha haqidagi deyarli barcha filmlarda Buyuk Britaniya boshqaruvi asosiy planda bo‘ladi. Londondagi ta’til filmida esa bu stereotiplardan uzoqlashilgan va film romantik komediya janrida suratga olingan.
Film voqeliklari 1945 yil Germaniyadagi fashizm ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng malikalar Yelizaveta va Margaret Bukingem saroyini tark etishga va g‘alabani o‘z fuqarolari bilan nishonlashga ruxsat olishadi. Kinofilmda bo‘lajak qirolichaning sarguzashtlarga to‘la kechasi aks etadi. Julian Jarrold tomonidan suratga olingan ushbu film voqealari “Rimdagi ta’til” filmini eslatib yuboradi. Lekin ssenaristlarning so‘zlariga ko‘ra, bu Qirolichaning biografiyasidan olingan epizod bo‘lib, chindan ham 1945 yilning 9 may kuni Qirolicha shaharni sayr etish maqsadida qasrni tark etgan. Ammo real hayotda Qirolichaga katta jamoa va tansoqchilar hamrohlik qilgan. Filmdagi romantik sahnalar esa badiiy to‘qima bo‘lib bosh rolni Sara Gadon ijro etgan.
SPENSER (2021 YIL)
Sperser — bu malika Diananing qizlik familiyasi. Filmda ko‘rsatilgan 1991 yildagi qishki ta’tilda Ledi Di bu familiyani qaytarishga, ya’ni shahzoda Charlzdan ajralishga qaror qiladi.
“Spenser” Diananing ruhiy inqiroz davri haqida hikoya qilgan va malika filmdagi Qirolicha obrazi bilan qarama-qarshi figuralar sifatida tasvirlangan.
Kinoning eng mashhur dialoglaridan biri Qirolichani malikaga, “Sizning suratlaringiz matbuotda tez-tez paydo bo‘lishini eshitdim. Ammo muhim bo‘lgan yagona narsa bu banknotlarda kim tasvirlanganida”, deyilgan filmda.
Tomoshabinlar filmda qirollik oilasining hayoti haqida haqiqatga yaqin tasvirlarni ko‘rishi mumkin. Jumladan, Britaniya monarxlari yangi yilni qanday nishonlashlari, bu kun bilan bog‘liq qanday an’analar borligi, ularga qanday sovg‘a taqdim etilishi, bayram dasturxoni va hokazo.
Qirollik oilasida Malika Dianadanda ustunroq bo‘lgan Qirolicha rolini Stella Gone ijro etgan.
TOJ (2016 YIL)
Netflix kompaniyasi tarixidagi eng qimmatbaho seriallardan biri. Ushbu serial Qirolicha Yelizaveta II ga bag‘ishlangan bo‘lib, voqeliklar 1947 yil Yelizaveta turmushga chiqqan kundan boshlanadi.
Ushbu serialni bugungacha to‘rtta mavsumi ekran yuzini ko‘rgan, beshinchi mavsum joriy yilning noyabr oyidan efirga uzatilishi rejalashtirilgan, oltinchi mavsum suratga olish ishlari esa o‘zining qizg‘in pallasida edi. Ammo Qirolichaning vafoti munosabati bilan suratga olish ishlari to‘xtatilgan. Ko‘p qismli serialda Qirolichaning turli davrlari tasvirlanganligi bois bosh qahramon rolini turli aktrisalar ijro etgan. Dastlabki ikki mavsumda Kler Foy, uchinchi-to‘rtinchi mavsumda Oliviya Kolman, endi namoyish etilishi kerak bo‘lgan ikki mavsumda esa Imelda Stontonlar Yelizaveta II obrazini gavdalantirgan.
QIROLICHA VA JEYMS BOND (2012 YIL)
2012 yilda yozgi Olimpiada o‘yinlari Buyuk Britaniya poytaxti London shahrida o‘tkazilishi munosabati bilan qator qisqa metrajli filmlar va video roliklar suratga olinadi. Ulardan birida shaxsan Qirolicha Yelizaveta II ning o‘zi va Jeyms Bond rolini ijro etgan Deniyel Kreyg suratga tushgan. Gap shundaki, ochilish marosimiga rejissyorlik qilgan Denni Boyl o‘z intervyularida aytishicha, u Qirolichadan qisqa metrajli filmda suratga tushishni so‘rashga jur’at etolmasdi, shu sabab u Qirolicha rolini aktrisalar ijro etishini rejalashtirgan va voqea Qirolicha haqida bo‘lganligi sababli ssenariyni tasdiqlatish uchun Bukingem saroyiga borgan.
Yelizaveta II ssenariy voqealari bilan tanishganidan so‘ng, bosh rolni o‘zi ijro etishga rozi ekanini ma’lum qiladi. Rolikda Jeyms Bond Yelizaveta II ni saroydan olib ketish uchun keladi va Olimpiada o‘yinlarining ochilish marosimi o‘tkaziladigan stadionga qadar kuzatib boradi. Video rolik tugaganidan keyin esa Qirolicha stadionda ko‘rinish bergan. Bu video bugungacha YouTube orqali 63 million marotaba tomosha qilingan.
QIROLICHA VA PADDINGTON AYIG‘I (2022 YIL)
2022 yilning yozida Qirolicha boshqaruvining 70 yilligi munosabati bilan platina yubileyi marosimi tashkil etilgan. Ushbu marosim avvalida namoyish etish uchun tasvirga olingan video rolikda ham Yelizaveta II suratga tushgan. Uning partnyori esa animatsiya yordamida tasvirlangan Paddington ayig‘i edi. Ushbu videoda Paddington ayig‘i Qirolicha bilan bir dasturxon atrofida choyxo‘rlik qiladi, Yelizaveta II ayiqchani murabboli non bo‘lagi bilan siylaydi.
Paddington ayig‘i esa “hammasi uchun rahmat” aytadi. Bu ayiqcha britaniyalik yozuvchi Maykl Bond tomonidan 1958 yilda yozilgan shu nomdagi asarning bosh qahramoni bo‘lib, ayiqcha haqida 2014, 2017 yillarda film suratga olingan va bir nechta talqindagi multfilmlar ishlangan. Bu video YouTube’da 12 million marotaba ko‘rilgan.
LiveBarchasi