Tashrifim do‘stim Shavkat Mirziyoyevni qo‘llab-quvvatlashimni namoyish etadi – “Arqadag‘”

Jamiyat

image

Bugun, 5 oktyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ishtirokida tor doirada uchrashuv, ikki tomon hukumat vakillari bilan kengaytirilgan tarkibda muzokaralar o‘tkazildi, shundan so‘ng hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi. Yakunda esa matbuot anjumani tashkil etildi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev muzokaralar samarali va sermazmun bo‘lganini, davlat rahbarlari ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishning barcha yo‘nalishlarini muhokama qilganlarini ta’kidladi.

O‘zbekiston va Turkmaniston eng yaqin qo‘shni, birodar mamlakatlar, vaqt bilan sinalgan ishonchli do‘st va hamkorlardir.

“Turkmaniston bilan hamkorlikda xalqlarimizning ko‘p asrlik do‘stligi, tarixiy va madaniy o‘xshashligi, dini, ma’naviy qadriyat va an’analari mushtarakligiga asoslangan strategik sheriklik darajasiga erishilganini yuksak qadrlaymiz. Bugungi muzokaralar natijalari hamkorlikni yanada mustahkamlashga intilishimiz samimiyligi va qat’iyligini yana bir bor yaqqol ko‘rsatdi. Birodar Turkmaniston bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanini alohida ta’kidlamoqchiman”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlari, ayniqsa savdo-iqtisodiy sohada ijobiy sur’at bilan rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Keyingi yillarda mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash uch barobar ortdi. Pandemiya oqibatlariga qaramay, 2021 yilning o‘tgan davrida o‘zaro savdo hajmi yigirma besh foizga oshdi.

Bundan tashqari, tashrif doirasida o‘tgan O‘zbekiston-Turkmaniston iqtisodiy forumida kelishuvlar va qat’iy shartnomalarning salmoqli to‘plami imzolandi.

Prezident bugun imzolangan Chegaraoldi savdo zonasini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim, shuningdek, uchinchi mamlakatlarda kelayotgan importning o‘rnini O‘zbekiston va Turkmanistonda ishlab chiqarilayotgan va ikki mamlakat bozorlarida talab yuqori bo‘lgan raqobatbardosh mahsulotlar bilan bosishga doir kelishuv o‘zaro savdoni ko‘paytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar energetika, qishloq xo‘jaligi, sanoat, kimyo, transport va logistika sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va aniq loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldilar.

Hududlararo sheriklikni faollashtirish masalalari ham muhokama qilindi. Chegaradosh viloyatlar o‘rtasidagi muntazam bevosita muloqot hamda har yili O‘zbekiston va Turkmaniston hududlari forumini o‘tkazish iqtisodiy hamkorlikni o‘stirishning yangi drayveri bo‘lib xizmat qilishi borasida yakdil fikr bildirildi. Bunday formatdagi ilk uchrashuv kelgusi yilda Xivada o‘tkaziladi.

Davlat rahbarlari transport sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash zarurligini ta’kidladilar. O‘zaro yuk tashish hajmi ortganini qayd etib, tomonlar transport yo‘laklaridan samarali foydalanish uchun bundan buyon ham qulay sharoitlar yaratishga, shuningdek, Shimol-Janub va G‘arb-Sharq yo‘nalishlaridagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldilar.

Suv resurslari va ekologiya mavzusi, iqlim o‘zgarishi masalalari mamlakatlar iqtisodiyotlari uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev Suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha O‘zbekiston-Turkmaniston qo‘shma komissiyasi o‘z ishini boshlaganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Muzokaralar kun tartibidan mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash masalalari muhim o‘rin egalladi.

O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari butun Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatayotgan Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashdilar.

Shu ma’noda davlat rahbarlari Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini muntazam asosda o‘tkazib borish hamda joriy yil 5-6 avgust kunlari Avazada o‘tgan uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhim ekanini ta’kidladilar.

Yetakchilar mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar doirasidagi yaqin muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.

Ikki mamlakat madaniy, ilmiy va sport doiralari o‘rtasidagi almashinuvlarni davom ettirish, yoshlar uchrashuvlari va forumlarini o‘tkazish, yoshlar tashkilotlari o‘rtasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etildi. Bularning barchasi birodar xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi.

Tomonlar tibbiy diplomatiyaning maqsad va vazifalarini birgalikda ilgari surishga, mamlakatlar xalqlari va butun mintaqaning xavfsizligini ta’minlash uchun o‘zaro muvofiqlashga yondashuvni ishlab chiqishga kelishdilar.

Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov muzokaralar natijalaridan mamnun ekanini bildirdi, ikki tomonlama hamkorlik masalalarining keng doirasi yuzasidan ishonchli va konstruktiv fikr almashilganini ta’kidladi.

“O‘zbekiston Turkmanistonning muhim savdo hamkorlaridan biridir. O‘zbekistonga bu galgi rasmiy tashrifning asosiy maqsadi – hurmatli Prezident, mening do‘stim Shavkat Mirziyoyevni, uning rahbarligida mamlakatning davlat tizimida, ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni men qat’iy qo‘llab-quvvatlashimni namoyish etish”, deydi Turkmaniston Prezidenti.

Gurbanguli Berdimuhamedov Shavkat Mirziyoyevga Turkmaniston delegatsiyasiga ko‘rsatilayotgan samimiy mehmondo‘stlik va do‘stona qabul uchun minnatdorlik bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

89

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing