O‘zbekiston tashqi siyosatida o‘zgarish bo‘ladi. 2012 yilgi Qonun yo‘qolib qoldi

Jamiyat

image

2021 yilgi davlat dasturi loyihasida O‘zbekistonning ochiq va pragmatik tashqi siyosatini izchil amalga oshirish hamda belgilangan strategik rejalarning jadal ijrosini ta’minlash maqsadida Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasini takomillashtirish taklif etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yilning dekabr oyida Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasini takomillashtirish bo‘yicha ham so‘z ochgandi.

“Davlatimiz olib borayotgan ochiq, pragmatik va amaliy tashqi siyosatni inobatga olib hamda uzoq muddatli strategik maqsadlarimizdan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi takomillashtiriladi”, degan edi Prezident.

Oliy Majlis Senati kengashining Oliy Majlisning 2012 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi 2012 yil 29 dekabrdagi qarorida ham konsepsiya haqida ma’lumot berilgan. Lekin qarordagi “Qonun” so‘ziga qo‘yilgan havola “404 xato” sahifaga olib boradi.

“Davlat Rahbari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi tartibida kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni davlat tashqi siyosatining fundamental prinsiplari va strategik ustuvor yo‘nalishlarini, xalqaro maydondagi maqsad hamda vazifalarni, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda O‘zbekistonning milliy manfaatlarini ilgari surish mexanizmlarini belgilab beradigan qarashlarning yaxlit tizimini o‘rnatadi”, deyiladi qaror matnida.

Shuningdek, 2012 yil qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining rasmiy veb-saytidan ham o‘chirilgan.

O‘zbekiston Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida muhokama qilindi. Unda ham O‘zbekistonning Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi haqida so‘z borgan. Unda Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasining takomillashishi barqaror ichki rivojlanish uchun qulay tashqi muhitni izchil shakllantirishni tezlashtirish, xalqaro maydonda mamlakat manfaatlarini samarali ilgari surish va jahon bozorida milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini izchil oshirishga xizmat qilishi ta’kidlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

162

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing