Tashqi ishlar vaziri AQSHda Xalqaro taraqqiyot agentligining yangi rahbari bilan uchrashdi

Jamiyat

image

Avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning Amerika Qo‘shma Shtatlariga safar qilishi haqida xabar berilgandi. Komilov kecha, 28 iyun kuni Vashington shahrida AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) administratori Samanta Pauer bilan uchrashdi.

Xabar berilishicha, O‘zbekiston tashqi siyosat idorasi rahbari Pauerni USAID rahbari lavozimiga tayinlanganligi bilan tabrikladi va faoliyatiga muvaffaqiyat tilagan.

“Muzokaralar chog‘ida iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, aholi bandligini ta’minlash, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi sohalarida hamda Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik muammolarni yechish borasida O‘zbekiston va USAID o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Pauer O‘zbekistondagi islohotlar dasturini amalga oshirishda o‘sishga erishilayotganini olqishlagan hamda Hukumatning ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar taraqqiyot bo‘yicha maqsadlariga erishishda ko‘maklashishga tayyorligini bildirgan.

Shuningdek, USAID administratori “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi konferensiyaga taklif uchun minnatdorlik bildirib, forum ishida o‘zining ishtirok etishi imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga tayyorligini ma’lum qilgan. Muzokaralarda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Ma’lumot uchun, 2020 yil oktyabr oyida AQSH hukumati O‘zbekistondagi iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlash maqsadida mamlakatda to‘laqonli missiya ochilishini e’lon qilgan edi. Joriy yil 10 iyunda Mikayela Meredit O‘zbekistondagi USAID missiyasining birinchi direktori vazifalarini bajarishga kirishdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

17

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing