Tashqarida XXI asr, Uchtepadagi maktab esa uydan olib kelingan eski elektr pechka bilan isitilyapti

Jamiyat

image

O‘zbekistonda sovuq kunlar kelishi bilan aholi va tashkilotlarga gaz va elektr energiyasi yetkazib berishda turli xil muammolar yuzaga keladi. Sovuq sharoit sabab fuqarolarning sog‘liqlariga nisbatan jiddiy zarar yetadi. 

Bu muammolar odatda chekka hududlarda kuzatiladi. Biroq tahririyatimizga kelgan navbatdagi murojaat esa biroz noodatiy, Toshkent shahrida yashovchi fuqarodan kelgan. 

Uning aytishicha, Uchtepa tumani “Ko‘ksaroy” mahallasida joylashgan 297-maktabda isitish tizimi kuz-qish mavsumi boshlanganidan buyon umuman ishlatilmagan. Xonalar sovuq va shu sababdan o‘quvchilar davomati ham  achinarli ahvolda. Kunlik davomat ayrim sinflarda atigi 8-10 nafar o‘quvchini tashkil qilarmish. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, maktab ta’mirtalab holatga kelib qolgan. Shu sababdan, ma’muriyat tomonidan ularni boshqa binoga ko‘chirishga rejalashtirilgan. Ko‘chish muddati sababsiz kechiktirilgan. Sovuq havo kirib kelgach ham isitish tizimi vaqtida yoqilmagan. 

Maktabga qatnayotgan o‘qituvchilar va o‘quvchilar darslarni issiq kiyimda o‘tkazishga majbur bo‘lishmoqda. Ayrim ota-onalar farzandlarining sog‘lig‘idan xavotir olib, ularni darsga yubormay qo‘yishgan. Noyabr oyining oxirida kuzatilgan sovuqda esa o‘qituvchilar darslarni sharoit og‘ir bo‘lishiga qaramay, biroz issiqroq xonalarda o‘tkazishga majbur bo‘lishgan.

“Issiq kiyimlarda ham sovuq qotmoqdamiz. Avval o‘zlari kelib, darslarda qatnashib ko‘rishsa bo‘lardi. Shunda bizni tushunishgan bo‘lardi. Ba’zi xonalarga “pechka”lar ham qo‘yishdi. Lekin u xonalarni to‘liq isitmaydi”, dedi ismi sir saqlanishini xohlagan o‘quvchilardan biri.

Agarda maktabga tegishli tashkilotlardan tekshiruvchi keladigan bo‘lsa, o‘qituvchilar iltimos bilan bolalarni darslarga vaqtinchalikka  chaqirtirisharkan.

Yaqinda Xalq ta’limi vazirligi mazkur masalalar yuzasidan murojaat ko‘payganini ma’lum qilib, maktablarning isitish masalasi mahalliy hokimliklar tomonidan amalga oshirilishini ma’lum qilgandi. O‘ylaymizki, Uchtepa tuman hokimligi mazkur masalaga diqqat e’tiborini qaratadi va uni ijobiy hal etishda tashabbus ko‘rsatadi. O‘zimiz aytganimizdek, ular  kelajagimiz bunyodkori va ularga yetarli shart-sharoitlarni qilib berish vazifamiz.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

144

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing