Mirobod sudi fuqaroni O‘zbekistonda bo‘lmagan paytida IIO xodimiga bo‘ysunmaganlikda aybladi
Jamiyat
−
22 may
10764Toshkent shahar Mirobod tumani sudi o‘zbekistonlik shaxsni Rossiyada bo‘lib turgan davrida O‘zbekistonda ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmaslikda ayblab, 15 sutkaga qamash haqida qaror chiqardi. Bu haqda “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov ma’lum qildi.
Tashanovga kelib tushgan qarorga ko‘ra, fuqaro Umid Rustamov ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmay, mayda bezorilik sodir etib, 15 sutkaga qamalgan.
Qayd etilishicha, bu hodisa shu yilning 16 aprelida Toshkent shahar Mirobod tumani Said Baraka ko‘chasida sodir bo‘lgan. Ma’muriy huquqbuzarlik ishda to‘plangan materiallar, guvohlarning ko‘rsatmalari va bayonnomalar bilan to‘la o‘z isbotini topgan.
Ammo Umid Rustamov shu yilning 20 martidan 25 apreligacha oilasi bilan Rossiya Federatsiyasida bo‘lgan. Buni uning pasport ma’lumotlaridan ham ko‘rish mumkin.
“Ya’ni, sudya xonim uni bezorilik sodir etganlikda ayblagan kunlarda u mamlakatimizdan 5 ming chaqirim uzoqda edi. Bu qarorni appelyatsiya sudi ham kuchda qoldirdi, uni esa advokati bilan uchrashtirishmayapti”, deya yozgan Tashanov.
Inson huquqlari faolining qayd etishicha, aslida bu voqea “Ayol taksi” deb nomlangan shirkat xodimlari ustidan boshlangan “ov” bilan bog‘liq.
“Ichki ishlar organlarida shirkat xodimlari faoliyatiga oid qandaydir tezkor ma’lumotlar bor, tezkor ma’lumotlarni tekshirib, xodimlarni gumondorga aylantirish uchun vaqt kerak. Bir amallab 15 sutkaga tiqib olishsa, qolganini davom ettirish mumkin. “Bo‘ysunmadi” degan navbatchi ayblov bilan ma’muriy ish sudga olib chiqiladi, sud qamoqni qonunlashtirib beradi, tamom. Huquqni muhofaza qilish organlarining bu kabi amaliyoti yangilik emas. Hozirgi kunda hatto bu qonunbuzarlik ham bo‘lmay qoldi, ammo sudlar ishni “qonunlashtiriyotganida” hujjatlarni bir tekshirib qo‘yishsa, olayotgan maoshlari halol bo‘larmidi?” deya yozgan Abdurahmon Tashanov.