Tashanov qamoqxonalardagi qiynoqlarning asosiy sabablarini aytdi

Intervyu

O‘zbekiston qamoqxonlarida qiynoq borligi ko‘p yillar davomida kundek ravshan bo‘lsa-da rasman tan olinmagan. Shu vaqtgacha qamoqxonalarda necha kishi qiynoq natijasida vafot etgani haqida esa rasmiy ma’lumotlar yo‘q va bunday ma’lumotlar hech qachon e’lon qilinmagan.Ammo so‘nggi yillarda jazoni ijro etish muassasalarida qiynoq borligi nafaqat tan olindi balki bunga qarshi kurash ham boshlandi.

So‘nggi yillardagi JIEMlarda mahkumlarni qiynoqqa solishning oldini olish uchun kurashilsa-da, bu baloga qarshi 100 foizlik natijaga erishildi deb ishonch bilan aytib bo‘lmaydi.

O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov QALAMPIR.UZ muxbiri Feruza Najmiddinova bilan suhbatda O‘zbekiston qamoqxonalarida qiynoq hamon bor-yo‘qligi haqidagi savolga javob berdi.

“Hozir qiynoqlar yo‘q deganimiz bilan odamlar ishonmaydi. Chunki qiynoqqa uchrayotganlar bor. Andijon, Chiroqchidagi voqealar odamlarning ongida qoladi va ishonchsizlik uyg‘otadi. Shu sababli ham vaziyatga to‘g‘ri baho berish kerak. Qiynoqlar bor, lekin ular kamayyapti, chunki gapirilyapti. Hamma narsa oshkora bo‘lgandan keyin, bu kabi qiynoqlar o‘z-o‘zidan kamaydi. Masalan, bittagina kamera hech bo‘lmaganda birgina qiynoqning oldini oladi”, deydi inson huquqlari himoyachisi Tashanov.

U so‘zida davom etib, qiynoqlarni keltirib chiqaruvchi omillarni aytib o‘tdi:

Birinchidan, qiynoqlar qamoqxona xodimining professional darajadagi layoqatsizligidan kelib chiqadi.

Ikkinchidan, xodimning bo‘ynidagi yuklama ko‘pligidan. Ya’ni, unga keragidan ko‘p miqdorda ish yuklatilganidan.

Uchinchidan, shaffoflik bo‘lmaganidan. Shu vaqtga qadar kameralar bo‘lmagan va hamma xohlaganini qilgan.

To‘rtinchidan, xodimning professional darajadagi savodsizligidan. 

Abdurahmon Tashanov qamoqxonalarni nazorat qilish tizimida o‘zgarishlar kerakligini, koloniyalarni nazorat qilishni xususiy sektorga ham berish mumkinligini ta’kidladi.

Yuridik universitetda hammasi koridorda o‘qigan yigitlar. Qiynoqning shu va shunga o‘xshash turli omillari bor. Xodimlardan yuklamalarni olishni bir necha bor taklif qildim, xodimlarning ko‘pi “pensiya”ga bir-ikki yil qolganligi uchun chidab ishlaydi. Yuklamalarni olish kerak va xususiy izquvarlarga yo‘l ochishga imkoniyat berish lozim. Nima uchun xususiy kriminalistika markazlariga ruxsat berish yo‘li bilan davlatni bo‘ynidagi majburiyatlarning bir qismini fuqarolik jamiyati, demokratik institutlarga berishimiz kerak emas?! Qamoqxonalarni bir qismini xususiylashtirsak, buning nimasi yomon?! Jazosidan kelib chiqqan holda boylar o‘tiradigan qamoqxonalar tashkil qilishimiz mumkin. Albatta, barcha turdagi qamoqxonalarni tashkil qilishda qonuniy normalarni inobatga olish shart. Jazoni ijro etish muassasalarining bir qismi tadbirkorlik faoliyatiga o‘tkazilsa, mahkumlar bosh prokurorlar ishlayotgan chinni sexlarida ishlasa, hech kim o‘zi ishlatayotgan odamini qiynoqqa solmaydi”, deydi Tashanov.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 23 yanvarida Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida mol o‘g‘irlashda gumon qilingan 32 yoshli erkak IIB xodimlari tomonidan kaltaklanishi oqibatida vafot etgandi. Shuningdek, o‘tgan yilning 29 may kuni fuqaro A.Abdukarimov qimmatbaho tosh o‘g‘irlashda gumonlanib, Andijon shahar IIBga olib kelingan va shafqatsizlarcha qiynoqqa solinishi natijasida shifoxonada vafot etgandi.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 11-yalpi majlisida Senat raisi Tanzila Norboyeva qamoqxonalardagi qiynoqlar mavzusiga to‘xtalib, mazkur masala “kun tartibidan chiqib ketishi kerak”ligini ta’kidlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston qamoqxona Oliy Majlisi qiynoq Ezgulik

Baholaganlar

343

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing