Tarbiya oiladan boshlanadi

Tahlil

image

Oila muqaddas dargoh. Biz ana shu oilada kamol topamiz, ulg‘ayamiz va mustaqqil hayotga qadam qo‘yamiz. Har bir millat o‘z istiqbolini kamolga yetayotgan yoshlari timsolida ko‘radi. Shuning uchun ham jamiyatning tayanchi — oila sanaladi. 

O‘zbek xalqi qadim zamonlardan oilani muqaddas bilgan. Oiladagi tarbiya oilaviy hayotni kuzatish, o‘rnak olish va yaxshi o‘gitlar eshitish orqali shakllanadi.

Hozirgidek murakkab sharoitda milliy o‘zligimiz, azaliy qadriyatlarimizga yot bo‘lgan xurujlar, ularning ongi hamda qalbini egallashga qaratilgan g‘arazli intilishlar tobora kuchayib borayotgani har birimizdan yanada hushyor va ogoh bo‘lishni talab etmoqda. Oq-qorani ajrata olmagan g‘o‘r yoshlarni bunday oqimlar domiga tushib qolishdan asrash ta’lim-tarbiya ishiga mas’ul bo‘lgan ota–onaga yuksak mas’uliyat yuklaydi. Ulug‘ ma’rifatparvar Abdulla Avloniy aytganlaridek, “Tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot, yo najot, yo halokat, yo saodat, yo falokat masalasidir”. 

Nazarimda oilaviy qadriyatlar asta-sekin zavol topayotgandek. Ayniqsa, bu vaziyat aholining yarmini tashkil etadigan poytaxtda avj olmoqda. Buni bir qancha dalilar bilan isbotlash mumkin. To‘g‘ri, shaharda raqobat kuchli, yaxshining o‘rnini zo‘r, zo‘rning o‘rnini undan ham uddaburoni bosaveradi. Demakki, tuzukroq ishga joylashib, to‘rt so‘m pul topishing, biringni ikki qilishing uchun jon-jahding bilan kurashmog‘ing kerak. 

Shu sabablimi, bugun birovning haqidan hazar qilish, halollik va mehnatsevarlik kabi oliy sifatlarni butkul unutib yuborgan oilalar ko‘paysa ko‘payyaptiki, aslo kamayayotgani yo‘q. Ayanchlisi, o‘zni o‘ylash, shaxsiy manfaatni ustun qo‘yish, g‘irromlik kabi illatlar faqat bir avlodni zaharlayotgani yo‘q. Ular tarbiya asnosida keyingi avlodlarga ham meros bo‘lib qolmoqda.

Yana bir jihatga e’tiboringizni qaratmoqchimiz. Hozirgi zamonda ma’naviy qadriyatlar o‘z joyini nafs, hirs, xoyu-havasga bo‘shatib berayotgani va ko‘p jihatdan aynan shu holat yoshlarimiz orzu-intilishlariga tamal toshi qo‘yayotganini ko‘rib-bilib turibmiz.

O‘zi uyini kitob o‘rniga, turli keraksiz buyumlar bilan to‘ldirib, vaqt topildi deguncha internet va televizordan bosh ko‘tarmaydigan, topganini to‘y uchun sariflaydigan, farzandlarini ham shunday yashashga o‘rgatayotgan ota-onalar afsuski oramizda bor. 

Ma’naviy qashshoq insongina o‘ziga berilgan shu qisqagina umrini boylik to‘plash, shon-shuhrat va mansabga intilishga sariflaydi. Ba’zida omi odamlar emas ziyolilar orasida ham shunday insonlar borligidan hafa bo‘lib ketaman. Bunday insonlar el koriga yarashga, yurt taraqqiyoti yo‘lida fidoyilik ko‘rsatishga qodir emas! Afsuski, ularning zurriyodlari ham, ota-onasidan qolishmagan holda, hayot yo‘lini davom ettiradi. Bunday kelajak bilan uzoqqa borib bo‘larmidi? 


Atrofga boqing, biz qayoqqa qarab ketyapmiz o‘zi, to‘xtash vaqti kelmadimikan?


                             Zarnigor Abdumalikova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

102

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing