Tanzila Norboyeva 2020 yilda yoshlarni qanday yangiliklar kutayotganini aytdi
Jamiyat
−
28 noyabr 2019
7264O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida bolalar va yoshlar parlamentlari ham tashkil etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva bugun, 28 noyabr kuni "O‘zbekiston" xalqaro anjumanlar saroyida o‘tayotgan "XXI asrda gender va yoshlar masalalari bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish" mavzusidagi xalqaro forumda ma’lum qildi.
Tanzila Norboyeva 2020 yilda yoshlarga qanday yangi imkoniyatlar yaratilishi haqida so‘z yuritib, Senat va Yoshlar ittifoqi o‘rtasida yaxshi hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini ta’kidladi.
“Bugungi kunda janob Alisher Sa’dullayev va Yoshlar ittifoqi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati bilan juda yaxshi hamkorlik qilib kelyapti. Aytganimdek, men va O‘zbekiston Bosh vaziri juda keng ko‘lamli dastur imzoladik. Agar uni amalga oshirsak, yoshlarimizning qiziqishlarini ro‘yobga chiqarishda juda katta aniq natijalarga erishamiz. Biroq yoshlar qaror chiqarish jarayoniga yetarli darajada jalb qilinmagan deb, hisoblaymiz”, dedi Senat raisi.
Tanzila Norboyeva BMTning yoshlar masalasida alohida sharti bo‘lib, unga ko‘ra, yoshlar o‘ziga aloqadaor masalalarda qaror chiqarishi kerakligini aytib o‘tdi.
“BMTning yoshlar ovozi bo‘yicha alohida sharti bor. Unga ko‘ra, yoshlar va bolalarimiz o‘z hayoti va faoliyatiga taalluqli bo‘lgan qarorlarni qabul qilishda ishtirok etishlari kerak. Mayli, bu qarorlar oddiy, hatto, noto‘g‘ri bo‘lsin. Biroq, bolalar fikri muhimligi, inobatga olinayotganini his qilishining o‘zi yetarli. Shu orqali bolalarimizda o‘z yo‘lidan og‘ishmay yurishi uchun ularda o‘ziga ishonch, qat’iyatlilikni shakllantiramiz. 22 dekabrda Oliy Majlis va mahalliy kengashlar uchun saylov o‘tkaziladi. Senat, Qonunchilik palatasi, mahalliy kengashlar yangidan shakllantiriladi. Shu bilan birga, keyingi chaqiriqda Oliy Majlisda bolalar va yoshlar parlamentlarini shakllantirish rejalashtirilgan. Biz barcha majlislarimizga muhokama mavzusidan kelib chiqib, yoshlarni chaqiramiz. Masalan, byudjetga oid masala ko‘rilsa, iqtisodiyot va moliya yo‘nalishida o‘quvchi talaba-yoshlar taklif qilinadi. Ular senatorlar va deputatar bilan qonun loyihasini muhokama qiladi”, deydi Senat raisi.
LiveBarchasi