Tanishining 16 ming dollarini totalizatorda yutqazib qo‘ygan shaxsga jinoiy ish ochildi
Jamiyat
−
07 avgust 2021
6174Samarqand viloyatida tanishining 16 ming AQSH dollarini “1xbet” bukmekerlik saytida mavjud o‘yinlarga tikib, yutqazib qo‘ygan 26 yoshli yigitga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda Tergov departamenti xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, joriy yil may oyining oxirlarida 26 yoshli S.F. 28 yoshli tanishi X.Sh.ning ishonchiga kirgan va unga salqin ichimliklar savdosi bilan shug‘ullanish orqali yaxshigina foyda ko‘rishni taklif qilib, jami 16 000 AQSH dollari miqdoridagi pullarini aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Shundan so‘ng, u biznes uchun deb olingan ushbu pullarni “1xbet” bukmekerlik saytida mavjud o‘yinlarga tikib, yutqazib qo‘ygani hamda bugungi kunga qadar X.Sh.ning pullarini qaytarib bermasdan, aldab kelgan.
Eng qizig‘i, u bu kabi firibgarlikni avval ham sodir etgan. Ya’ni fuqaro S.F. 2021 yilning may oyida tanishi T.J.ga tegishli Damas rusumli avtomashinani pullarini bo‘lib to‘lab berish sharti bilan 9 000 AQSH dollariga xarid qilib, birozdan so‘ng, ya’ni 2021 yilning iyul oyi boshida boshqa shaxsga 6 200 AQSH dollariga sotib, pullarini o‘zining shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan S.F.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov davom etmoqda.
LiveBarchasi