Koronavirus effekti: viloyatlarga yo‘l haqi qanchaga va nega oshdi? 

Tahlil

Joriy yilning 15 mart kuni Fransiya Respublikasida bo‘lib qaytgan 1 nafar O‘zbekiston fuqarosida COVID-19 koronavirus infeksiyasi aniqlangani haqida aytgandik. Shundan so‘ng, boshqa davlatlarda bo‘lganidek O‘zbekistonga uning vahimasi ham kirib keldi. Kimdir uyiga qoplab sabzavotlarni g‘amlashni boshladi, kimdir bor oyligiga go‘sht mahsulotlari sotib olayotgan bo‘lsa, yana kimdir hojatxonasini pachkalab qog‘ozga to‘ldirmoqda. 

Kasallik keng tarqalishining oldini olish uchun Hukumat tomonidan karantin e’lon qilinib, asosan mahalliy hududlardan kelgan talaba-o‘quvchilar uyga qaytishni boshladi. Toshkentdan qaytayotgan yo‘lovchilar soni keskin oshgach, yo‘l haqi ham o‘z navbatida oshib ketdi. Ijtimoiy tarmoqlarda esa uning muhokamasi avj olmoqda. Tarmoq foydalanuvchilari haydovchilarni insofsizlikda, qiyin sharoitda pul ishlab olishni maqsad qilganlikda ayblashmoqda. Mas’ul idoralar esa bunga yo‘l qo‘ymaslikni va’da qildi. QALAMPIR.UZ tahririyati bu borada o‘z jurnalistik surishtiruvini olib bordi va tanganing ikkinchi tarafini ko‘rsatishga harakat qildi.

Avvaliga Samarqand, Buxoro, Navoiy viloyatlariga qatnovchi avtomobillar turargohiga bordik. Samarqandga qatnovchi haydovchilardan biri bilan suhbatlashdik. Unga ko‘ra, yo‘l haqi rostan ham oshgan. Yo‘lovchilarni 80 minggacha bo‘lgan narxda olib borib qo‘yishmoqda. 

“Yo‘l haqini oshirish menga kerak emas. Bitta mijozdan Samanqanddan Toshkentga 50 ming so‘m, Toshkentdan Samarqandga ham 50 ming so‘mdan oladigan bo‘lsak bizga ma’qul tushadi. Bayram va koronavirus sababli viloyatlarga qaytuvchi yo‘lovchilar soni oshib ketdi. Samarqanddan Toshkentga bo‘sh kelyapmiz. Shuning hisobiga narxlar oshirildi”, deydi haydovchi.

Bundan tashqari, haydovchi Toshkent-Samarqand yo‘lida o‘rnatilgan yashirin radarlar borligi, yo‘llarda harakatlanayotgan radar o‘rnatilgan mashinalar soni ko‘paygani, mashinalarning butlovchi qismlarning qimmatligi haqida gapirdi. Bu orada bir necha yo‘lovchilarga ham mikrofon tutdik. Biroq ularning aksariyati bu holatga izoh berishni istamadi.

Shundan so‘ng, Jizzax, Sirdaryo haydovchilariga savollar bilan yuzlandik. Ularga ko‘ra, odatda kechasi qatnaydigan mashinalar yo‘l haqi kunduzgiga nisbatan qimmat bo‘ladi. Bayram yoki shu kabi yo‘lovchilar soni ortgach, narx ham tabiiy ravishda oshadi.

“Blogerlar internetda o‘tirib olib, ana 70-80 ming so‘mga qimmat olib ketmoqda deb muhokama qilmoqda. Haydovchilik oson emas. Birinchidan, asosiy qatnov yo‘lining ahvoli yomon, talabga javob bermaydi. Ikkinchidan, tezlik radarlarini oldingidek ochiq qo‘ymayapti. Radarlarni yo‘l ustida har xil joylarga yashirib qo‘ymoqda. O‘zim bir necha marta radarga tushdim. Radarga tushib bizga jarima yozilsa, hech kim jarimamizni to‘lashga yordam bermaydi”, deydi haydovchi.

Mazkur hududlarga qatnovchi haydovchilardan biriga ko‘ra, ular yo‘lovchilarni olib boradigan hududlarga davlat tomonidan qo‘yilgan transportlar yetarli emas. Avtomobilga quyiladigan metan gazining narxi ham oshib ketgan. Topayotgan daromadga mos kelmaydi. Respublika yo‘l fondiga to‘lov o‘z vaqtida undiriladi. Ammo yo‘llarning ahvoli juda yomon. U mazkur mablag‘lar qayerga sarflanayotganini savol ostiga oldi.

Keyin Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm viloyatlariga qatnovchi mashinalar turargohiga bordik. Ularda ham ahvol shu. Ya’ni yo‘l haqi rostan ham oshirilgan. Haydovchilarning aksariyati viloyatdan mijozlarsiz bo‘sh mashinada kelgani va shu sabali narxlar oshirilganini aytmoqda.

“Bugun Qarshi shahriga bitta mijozdan 130-140 ming so‘mdan olib ketyapman. Odatda 60 ming so‘mdan olib ketardim. Chunki, Qashqadaryodan bo‘sh mashinada kelyapmiz”, deydi Qashqadaryoga qatnayotgan haydovchilardan biri. Ammo Toshkentdan uylariga qaytayotgan yo‘lovchilar bu holat ularga qiyinchilik tug‘dirayotganini aytmoqda.

Oxirida vodiy viloyatlariga qatnovchi haydovchilar va uyiga qaytayotgan yo‘lovchilar bilan suhbatlashdik. U yerga borganimizda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi xodimlari narxlarning keskin oshib ketishini odini olish uchun vaziyatni nazoratga olayotganining guvohi bo‘ldik.

“Bu yerda vakolatimiz doirasida nazoratimizni olib boryapmiz. Haydovchilar ham, yo‘lovchilar ham xafa bo‘layotgani yo‘q. Yo‘l haqi arzon bo‘ladigan bo‘lsa, yo‘lovchilar uchun nisbatan arzon narxda alohida mikroavtobus, damas mashinalarini tashkil qilib beryapmiz. Aholi uchun barcha sharoit yaratilishiga harakat qilyapmiz. Narxlar ham u darajada qimmat emas. Oshirilishiga yetarli asos ham mavjud emas. Andijon shahriga 60-70 ming so‘mga mashinalar qo‘ydik. Mana hozir ham 40-50 ming so‘m atrofida Qo‘qon shahriga Mercedes-Benz rusumli mikroavtobusda yo‘lovchilarni tashimoqda. Hammasin nazoratimiz ostida”, deya Transport vazirligi Toshkent shahar boshqarmasi xodimi Asliddin Fayziyev holatga o‘z izohini berib o‘tdi.

Avtoturargohda viloyatga yo‘lga otlangan yo‘lovchilarga ham savollar bilan yuzlandik. Ularning ba’zilari savollarimizdan qochgan bo‘lsa, ayrimlari narxlar qimmat ekanidan shikoyat qildi.

“Mana shu Damas rusumli avtomashinaga 80 ming so‘mga chiqdim. Boshqa haydovchilar 120-150 ming so‘m narx aytmoqda. Menga mana shu narx ma’qul kelgani uchun shu yerga keldim”, deydi Andijon viloyatiga ketayotgan yo‘lovchi.

Andijonga qatnayotgan haydovchilardan biri Andijonda narxlar oshganidan nolidi.

“Bir qop un 500 ming so‘m. Yog‘ narxi 50 ming so‘mgacha oshdi. Ayrim do‘konlar yopilib bo‘ldi. Kartoshkaning narxi ham oshib ketdi. Shunga qarab narxlarni oshiramizmi, axir?”, deya narxlar oshirilganiga o‘z sababini keltirdi.

Xulosa o‘rnida shuni aytishimiz mumkinki, biz ayni vaqtda kasallikni millat birlashishi uchun berilgan imkon sifatida qarashimiz lozimligini istardik. Bunda butkul haydovchilarni qoralash yoki oqlashdan ham yiroqmiz. Yoki bo‘lmasa, yuqoridagi muammolarni asosiy sabab sifatida ko‘rsatishni ham istamaymiz. Bunday holatda hamma o‘zi uchun xulosa qilgani ma’qul. Yechimlar ustida izlanishlarni davom ettirish kerak. 

Lekin hozir vaqtda hamma bir-biriga yordam berishi, koronavirus chekinguncha insoniylik hislatlarini yo‘qotmasliklarini va xalqqa kelgan sinovdan o‘z manfaati yo‘lida foydalanmasliklarini so‘rab qolardik. Zero, biz bir vaqtlari jahon urushi davrida boshqa millat bolalarini bag‘riga olgan, boshini silagan xalqmiz. Bizning nomimiz doim ulug‘ bo‘lgan, sinovlarda sinmagan millatmiz va ayni vaqtda ham dunyoga o‘zimizni shunday ko‘rsatishimiz shart.

Yuqoridagi videomaterialda barchasi batafsil ko‘rsatilgan va u bilan  tanishib, o‘zingiz uchun xulosa qilishingizni istardik.
 


Maqola muallifi

Teglar

Radar yo'l haqi Koronavirus COVID-19

Baholaganlar

106

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing