Tamaki va alkogolga oid qonunga o‘zgartirish kiritiladi
Jamiyat
−
16 noyabr 2019
5030Alkogol mahsulotining idishida yorliq asosiy yuzasining kamida oltmish besh foizini egallaydigan, matnli yozuvni o‘z ichiga oladigan fototasvir tarzidagi tibbiy ogohlantirish bo‘lishi kerak. Bu haqda Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga joylashtirilgan O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasida keltirib o‘tilgan.
Qonun loyihasining 12-moddasida alkogol va tamaki mahsulotlarining, shu jumladan ularni iste’mol qilish moslamalarining o‘ralishi, tamg‘alanishiga doir talablar belgilangan.
Unga asosan, alkogol va tamaki mahsulotlarining o‘ralishiga, tamg‘alanishiga doir talablar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan texnik reglamentlarga muvofiq belgilanadi.
Alkogol mahsulotining idishida yorliq asosiy yuzasining kamida oltmish besh foizini egallaydigan, matnli yozuvni o‘z ichiga oladigan fototasvir tarzidagi tibbiy ogohlantirish bo‘lishi kerak.
Tamaki mahsulotining iste’mol o‘rovida, shu jumladan tamaki qizdirish tizimi, nikotin yetkazib berish elektron vositalarining (ular uchun suyuqliklar) iste’mol o‘rovida old tomoni yuqorisida asosiy yuzasining kamida oltmish besh foizini hamda orqa tomoni asosiy yuzasining kamida oltmish besh foizini egallaydigan, matnli yozuvni o‘z ichiga oladigan fototasvir tarzidagi tibbiy ogohlantirish bo‘lishi kerak.
Tamaki mahsulotining blokida qutilar gorizontal joylashtirilganda chap qismining old va orqa tomonlari, tamaki mahsuloti vertikal joylashtirilganda yuqori qismida asosiy yuzasining kamida oltmish besh foizini egallaydigan tibbiy ogohlantirish bo‘lishi kerak.
Chilim mundshtugi va suvdonida ular yuzasining kamida oltmish besh foizini egallaydigan, matnli yozuvni o‘z ichiga oladigan fototasvir tarzidagi tibbiy ogohlantirish bo‘lishi kerak.
Tamaki mahsuloti iste’mol o‘roviga, shu jumladan tamakini qizdirish tizimlari va nikotin yetkazib berish elektron tizimlarining (ular uchun suyuqliklar) o‘zi hamda ularning iste’mol o‘roviga tushirilgan axborotda to‘g‘ridan-to‘g‘ri
yoki bilvosita tarzda ushbu tamaki mahsuloti boshqa tamaki mahsulotidan zararsizroq ekanligi haqida tasavvur hosil qiladigan har qanday atamalar, ta’riflar, belgilar, ramzlar va boshqa belgilashlar, shu jumladan “qatron miqdori kam”, “yengil”, “juda yengil”, “yumshoq”, “ekstra”, “ultra”, “nozik” kabi so‘zlar yoki so‘z birikmalari, tamaki mahsulotini oziq-ovqat mahsuloti (ozuqa qo‘shimchalari) bilan aynanlashtiradigan
yoki tamaki mahsuloti oziq-ovqat mahsuloti (ozuqa qo‘shimchasi) mazasiga egaligi haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita tasavvur hosil qiladigan, bunday so‘zlar bilan umumiy ma’nogo ega bo‘lgan so‘zlar, bunday so‘zlarning chet tillardagi analoglari bo‘lmasligi kerak.
Eslatib o‘tamiz, qonun loyihasiga o‘zgartirish kiritilishi yoki tasdiqlanmasligi mumkin.