Talato‘plardan keyingi tozalash: Qozog‘istonda neft-kimyo zavodi direktori qamaldi
Olam
−
10 fevral 2022
4548Qozog‘istonda “Pavlodar neft-kimyo zavodi” MCHJ bosh direktori Ospanbek Alseitov o‘zlashtirish ishi bo‘yicha qo‘lga olindi. Bu haqda respublika Moliya monitoringi agentligi matbuot xizmati xabar bergan.
“Pavlodar neft-kimyo zavodi” MCHJ bosh direktori O.B.Alseitov va boshqa shaxslarga nisbatan qonunga xilof ravishda o‘ziga ishonib topshirilgan begonaning o‘ta yirik miqdordagi mulkini o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirish yoki sarflash fakti bo‘yicha sudgacha tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Alseitovga nisbatan Pavlodar shahar ixtisoslashtirilgan tergov sudi ikki oy muddatga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llagan. Hozirda tergov davom etmoqda.
“Pavlodar neft-kimyo zavodi” Qozog‘istondagi uchta yirik neftni qayta ishlash zavodlaridan biri bo‘lib, 100 foiz “KazMunayGaz” milliy neft va gaz kompaniyasiga tegishli.
Ma’lumot o‘rnida, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev yanvar oyida mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Energetika vazirligi, shuningdek, “KazMunayGaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini ham ayblagandi.
Avvalroq, Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari yoqilg‘i uchun monopol yuqori narxlarni belgilashda gumonlanayotgan “Suyultirilgan gazni saqlash parki” MCHJga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atgandi.
LiveBarchasi