Talabalikka bir qadam qolganda... Afg‘onistonlik qiz AQSH bazasidagi hayoti haqida gapirdi
Olam
−
28 Oktabr 2021
11357Afg‘onistonlik qiz yurtidan evakuatsiya qilinganlar joylashayotgan AQSHning Viskonsin shtatidagi harbiy bazasida boshqa etnik guruhdagi afg‘onlar tomonidan ta’qibga uchraganini ma’lum qildi.
“Tolibon” harakati Afg‘oniston poytaxti Qobulni joriy yilning 15 avgustida egallab oldi va 7 sentyabr kuni muvaqqat hukumat tuzilganini e’lon qildi. Avgust oyining so‘nggi ikki haftasida AQSH harbiylari himoyasi ostida bo‘lgan Qobul aeroportidan G‘arb fuqarolari va ular bilan hamkorlik qilgan afg‘onlar ommaviy evakuatsiya qilindi. AQSHning Viskonsin shtatidagi Fort-Makkoy harbiy bazasidan bir necha ming afg‘on qochqinlari joy olgan.
Qobuldan evakuatsiya
Ismining faqat birinchi harfini (K) aytishni istagan qizning so‘zlariga ko‘ra, u avgust oyi o‘rtalarida Osiyo ayollar universitetida birinchi kursni boshlash uchun Qobuldan Bangladeshga uchib ketishni rejalashtirgan. Uning rejalari amalga oshmagan, chunki mamlakatdagi hokimiyat “Tolibon” tomonidan bosib olingan. U va yana 250 ga yaqin afg‘on talaba qizlari Viskonsin shtatidagi Fort-Makkoy bazasiga evakuatsiya qilingan.
“Biz Bangladeshga borishimiz kerak edi, universitetimiz biz uchun Qobul aeroportidan charter reysni tashkil qildi. Ammo toliblar aeroportni egallab olgani uchun reys qoldirildi. Biz aeroportda uzoq vaqt qolib ketdik. Keyin AQSH harbiylari bizni Fort-Makkoyga olib boruvchi yana bir charter reysni tashkil qildi”, deydi u.
Hazoralar va pushtunlar
Qiz asosan Afg‘oniston shimolida yashovchi hazora etnik guruhining a’zosi bo‘lib, AQSHda u Afg‘onistondan evakuatsiya qilingan mamlakatdagi ustun etnik guruh — pushtunlar tomonidan haqoratlarga duchor bo‘lgan.
“Men hazoraman, bu yerda pushtunlar ko‘p. Ular bizni ko‘rganda juda yomon munosabatda bo‘lishadi. Bu yerdagi qochqinlarning aksariyati pushtunlar”, deya tan olgan qiz.
K.ning so‘zlariga ko‘ra, Fort-Makkoyda 13 mingga yaqin evakuatsiya qilinganlar bor, ulardan 2 mingga yaqini hazoralardir.
Afg‘onistondagi hazoralar va pushtunlar o‘rtasidagi ziddiyatlar XIX asrga borib taqaladi. Hazoralar mamlakatdagi eng ezilgan etnik guruhlardan biri sanaladi.
Qizning ta’kidlashicha, hazoralar va pushtunlar harbiy bazada alohida joylashtirilgan, shuning uchun u jamoat joylariga, masalan, oshxonaga borganida haqoratomuz izohlarga duch kelgan. K. bitta katta xonada yana 30 nafar ayol bilan yashaydi. Uning xonadoshlarining aksariyati universitetdagi kursdoshlari bo‘lib, unga ma’naviy yordam beradi.
Kelajak uchun rejalar
K. Bangladeshdagi Osiyo ayollar universitetining iqtisod fakultetida ikki yil o‘qiganidan so‘ng Buyuk Britaniya yoki AQSHdagi universitetlardan birida magistratura bosqichini davom ettirmoqchi edi. Biroq, evakuatsiya bu rejalarni barbod qildi. Talaba hozirda Amerikaning Rod-Aylend shahridagi Braun universitetidan stipendiya olgan, ammo bu faqat bir yillik ingliz tili dasturi uchun. Agar K. bakalavr darajasini olishni istasa, u 24 yoshida buning uchun qaytadan harakat qilishi kerak.
“Mening orzum AQSHda o‘qish va AQSHda magistraturaga stipendiya olish uchun hujjat topshirish edi, ammo “Tolibon” to‘satdan mening mamlakatimni egallab olgan vaziyatda emas. Men hammasini boshidan boshlayman (Braun universitetida)”, deydi u.
Qiz bu hafta Fort-Makkoydan universitetga ko‘chib o‘tishiga va etnik zo‘ravonlikni abadiy o‘tmishda qoldirishiga umid qilmoqda.
K. Afg‘onistondan yolg‘iz o‘zi evakuatsiya qilingani uchun oilasi bilan uzoq vaqt ko‘risholmasligidan xavotirda. U Qobuldagi oilasi xavfsizligidan ham tashvishda. Qizning besh akasi bor, ulardan biri uzoq yillar AQSH armiyasida ishlagan.
“Oilam mening qochib qutulganimdan xursand. Lekin ular haqiqatan ham xavf ostida, chunki akam Amerika armiyasida ishlagan... U AQSHga maxsus immigratsiya vizasi uchun murojaat qilgan, lekin Qobulda qolib ketgan”, deydi qiz.
LiveBarchasi