Talabalarga 14 foizlik ta’lim krediti beriladi
Jamiyat
−
30 iyul 2021
7496To‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta’lim krediti ajratishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining bugun, 30 iyul kuni qabul qilingan PQ–5203-sonli “Oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.
Qarorga ko‘ra, 2021-2022 o‘quv yilidan respublikadagi barcha oliy ta’lim tashkilotlari bakalavriatining kunduzgi ta’lim shaklida hamda magistratura bosqichida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olish uchun ta’lim krediti ajratishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda:
• tijorat banklari ta’lim kreditlarini Markaziy bankning asosiy stavkasida ajratadi;
• ta’lim kreditining asosiy qismi talabaning rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi;
• ta’lim kreditini rasmiylashtirishda va uning qaytarilishida talabaning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan oila a’zolari birgalikda qarz oluvchi sifatida qatnashishiga ruxsat etiladi;
• “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalar farzandlaridan ta’lim krediti uchun garov va kafilliklar talab etilmaydi.
Qarorga muvofiq, Moliya vazirligi huzurida Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi tashkil etilgan.
Jamg‘armaga 2021 yilda kamida 1 trillion so‘m, keyingi yillarda haqiqiy talabdan kelib chiqib mablag‘lar ajratiladi.
LiveBarchasi