Talaba qizlar yotoqxonasiga o‘rnatilgan kamera bo‘yicha rektorat tilga kirdi, IIB tergov boshladi
Jamiyat
−
05 aprel 2023
27444Qo‘qon Davlat pedagogika instituti yotoqxonasining talaba qizlar yashaydigan xonaga yashirin videokamera o‘rnatilganligi haqidagi xabarlar yuzasidan Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilayotgani aytildi. Bu haqda viloyat IIB Matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, joriy yilning 2 aprel kuni Qo‘qon davlat pedagogika instituti 1-yotoqxonasida yashovchi V.Z. “102” qisqa raqamiga murojaat qilib, o‘z murojaatida talabalarning yechinib-kiyinish xonalariga kuzatuv kamerasi o‘rnatganligidan noroziligini bildirgan. Mazkur xabar shu kunning o‘zida tegishli tartibda ro‘yxatga olingan.
“Hozirda mazkur holat yuzasidan Qo‘qon shahar IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Natijasi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi”, deyiladi IIB bayonotida.
Qo‘qonda talaba qizlar yotoqxonasiga kamera o‘rnatilgani fosh bo‘lishi ortidan pedagogika instituti rektorati mujmal munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, kamera o‘rnatish institut rektorining buyrug‘i bo‘lgan.
“Bundan ko‘zlangan maqsad talabalarning psixologik muammolari bilan ishlash, ularning ruhiy holatlarini barqarorlashtirish hamda o‘qish jarayonidagi stress holatlarini oldini olish bo‘yicha maxsus xona tashkil etish bo‘lgan”, deyiladi rektorat munosabatida.
Shu sabab haftaning shanba-yakshanba kunlari talabalar o‘z uyiga ketishlarini hisobga olib xonani shanba kuni jihozlash boshlangan.
Lekin bu holat haqida talabalar o‘z vaqtida ogohlantirilmagan. Natijada ushbu anglashilmovchilik yuz bergan.
Eslatib o‘tamiz, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Qo‘qon pedagogika instituti talabalar (qizlar) yotoqxonasi xonalaridan biriga kuzatuv kamerasi o‘rnatilgani ma’lum qilgan edi.
LiveBarchasi