Tailandda ona qirolicha vafot etdi
Olam
−
25 Oktabr 5562 2 daqiqa
Tailand qiroli Maxa Vachiralongkornning (Rama X) onasi – qirolicha Sirikit 93 yoshida vafot etdi. Buning ortidan qirollik oilasi va saroy xodimlari uchun bir yillik motam e’lon qilindi. Bu haqda qirollik saroyiga tayanib, “Bangkok Post” xabar berdi.
Qirollik saroyi bayonotida aytilishicha, malika Sirikit kecha, 24 oktyabr kuni kechqurun Bangkokdagi Tailand Qizil Xoch jamiyatiga qarashli Qirol Chulalongkorn Memorial shifoxonasida hayotdan ko‘z yumgan.
U bir nechta kasalliklardan aziyat chekayotgan, tanasining turli tizimlarida faoliyat buzilishlari kuzatilgan va doimiy tibbiy nazorat ostida bo‘lgan. Joriy yilning 17 oktyabr kuni unda qon infeksiyasi rivojlanib, shifokorlarning barcha sa’y-harakatlariga qaramay, ahvoli yomonlashib borgan va kecha, 24 oktyabr kuni 93 yoshida vafot etgan.
Qirol onasi bilan xayrlashuv marosimini eng oliy qirollik marosimlariga muvofiq tarzda o‘tkazishni buyurgan. Shuningdek, u qirollik oilasi va saroy xodimlari uchun bir yillik motam e’lon qilgan.
Ma’lumot uchun, Sirikit 1932 yil 12 avgustda Bangkokda tug‘ilgan. 1946-2016 yillarda hukmronlik qilgan qirol Pxumipon Adulyadet (Rama IX) bilan xorijda ta’lim olayotgan davrida unashtirilgan. Ular 1950 yil 28 aprelda Bangkokda turmush qurgan. Qirolning taxtga chiqish marosimida Sirikit to‘laqonli malika maqomiga ko‘tarilgan.
Ona qirolicha Sirikit butun hayoti davomida Tailand xalqiga fidokorona xizmat qilgani, qishloq hududlarini rivojlantirish, ayollar rolini mustahkamlash va an’anaviy tay san’atlari hamda asrash ishlariga bag‘ishlagani uchun xalq orasida chuqur hurmat qozongan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2021 yildagi harbiy to‘ntarish ortidan hokimiyatga kelgan Myanma prezidenti vazifasini bajaruvchi Min Shve 74 yoshida vafot etgan edi.
Live
Barchasi