Tailandda mamlakatdan chiqish solig‘i joriy etilishi mumkin

Olam

−

image

Tailand Moliya vazirligi mamlakatdan chiqish uchun yangi soliq joriy etish masalasini ko‘rib chiqmoqda. U chet elliklarga ham tatbiq etiladi. Bu haqda qonun loyihasiga tayanib, Tailandning “The Nation” gazetasi xabar bermoqda.

Hujjatga ko‘ra, dastlabki bosqichda yig‘im miqdori 1 ming batni (qariyb 30 dollar) tashkil etadi, shu bilan birga qonunning cheklangan yuqori miqdori 5 ming bat (qariyb 150 dollar) etib belgilanmoqda. To‘lovni Tailanddan uchib ketayotgan barcha aviayo‘lovchilardan (bir nechta toifalardan tashqari) undirish rejalashtirilgan. Mamlakatdan quruqlik va dengiz orqali chiqib ketishga dastlabki bosqichda soliq solinmaydi.

Soliq to‘lashdan Tailand qirollik oilasi a’zolari va ularning a’yonlari, mamlakat Buddaviylik sangxasi Oliy patriarxi, boshqa davlat rahbarlari, rasmiy hukumat mehmonlari va ikki yoshgacha bo‘lgan bolalar ozod qilinadi. Shunga o‘xshash istisnolar maxsus ajratilgan tranzit hududlarida qoluvchi xalqaro tranzit reyslari yo‘lovchilari hamda ekipaj a’zolari va boshqa transport xodimlari uchun ham amal qiladi.

“Sayohatchilar Tailanddan chiqib ketishdan oldin soliqni to‘lashlari shart. Odatda aviakompaniyalar yoki chipta sotish agentlari ushbu to‘lovni aviachipta uchun to‘lov bilan bir vaqtda undiradi”, deb qayd etadi gazeta. 

To‘lamaganlik uchun soliq summasidan ikki baravar yuqori miqdorda jarima ko‘zda tutiladi. Tailand Moliya vazirligining bildirishicha, ushbu taklif soliq tartib-intizomi doirasida davlat resurslaridan yanada samarali foydalanish hamda ehtimoliy favqulodda vaziyatlarga javob qaytarishda moslashuchanlikni ta’minlashga qaratilgan.

Ilgari ham mamlakatdan chiqish uchun to‘lov undirilgan. Soliq Tailandda 1983 yilda joriy etilgan bo‘lib, u quruqlik va dengiz transporti uchun 500 batni, aviaparvozlar uchun esa 1 ming batni tashkil etgan. Quruqlik va dengiz orqali chiqish yig‘imi 1986 yilda, havo yo‘li orqali esa 1991 yilda bekor qilingan.

Bundan tashqari, Tailand hukumati 2027 yildan boshlab xorijiy sayyohlar uchun turistik yig‘im joriy etishni rejalashtirmoqda. Uning miqdori 450 batni (qariyb $13,4) tashkil etadi. Rejaning birinchi bosqichida yig‘imni samolyotda boradigan xorijliklardan, keyinchalik esa quruqlik va dengiz orqali kirib keluvchilardan undirish rejalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 15 sentyabrdan boshlab Tailand 93 ta mamlakat, jumladan, O‘zbekiston uchun amal qilayotgan 60 kunlik vizasiz rejimni bekor qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing