Investorlar changalida qolayotgan tarix

Tahlil

2023 yilning sentyabr oyida 1979-1983 yillarda qurilgan jami 14 ta binodan iborat, umumiy maydoni 60 ming metr kvadratga teng bo‘lgan “Sharq” nashriyot-matbaa korxonasi AJ binolari xususiylashtirilishi yagona mulkiy majmua sifatida savdoga chiqarilgani haqida gap-so‘zlar bolalagandi.

Gap shundaki, yuqorida qayd etilgan bino 1979-1983 yillarda qurilgan bo‘lib, 2019 yilda Vazirlar Mahkamasining “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan.

“Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunning 23-moddasida Davlat mulkida turgan moddiy madaniy meros ob’ektlari davlat tasarrufidan chiqarilishi va xususiylashtirilishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yil 15 yanvardagi Vazirlar Mahkamasining ommaga ochiqlanmagan qarori bilan yuqorida keltirilgan ob’ektlar milliy ro‘yxatdan chiqarilgan va hozirgi kunda binolarni sotish uchun tayyorgarlik ishlari ketmoqda.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortiqovning aytishicha, "Sharq" nashriyot-matbaa aksionerlik jamiyati binosining madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatidan chiqarilishining asosiy sababi uning moliyaviy ahvoli bilan bog‘liq.

“Sharq” nashriyot mutasaddilari korxonaning moliyaviy ahvolidan kelib chiqib, kichikroq bino ajratish uchun hukumatga murojaat qilgan. Shu asosda korxonaga ixcham, sifatli bino topib berilgan. O‘z navbatida bo‘shatilgan bino xususiylashtirishga qo‘yilgan.Binolar xususiylashtirilgan taqdirda ham, sotib olgan xaridor inshootning Toshkent markazida joylashgani va boshqalarni inobatga olgan holda loyiha konsepsiyasini beradi. “Sharq” nashriyot uyida asosan ishlab chiqarish bilan shug‘ullanilgan. Bu binolarni madaniy meros ro‘yxatida qoldirish maqsadga muvofiq emas. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi binosi esa poytaxtning “vizitnaya kartochka”si. Shu sababli ham bu bino va Alisher Navoiy teatriga qaragan inshoot to‘liq rekonstruksiya qilinib saqlab qolinadi. Yana bir marotaba takrorlayman, madaniy meros ob’ekti sifatida ishlab chiqarish binolari ham kirib qolgan. Binolar buzilmaydi, saqlab qolamiz, deb kafolat beramiz”, deydi agentlik direktori.

Direktorning qo‘shimcha qilishicha, 2019 yilda Vazirlar Mahkamasining qarori bilan madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatiga kiritilgan binolar ro‘yxati noto‘g‘ri shakllantirilgan. Unda tarixiy ahamiyatga ega bo‘lmagan bino va inshootlar ham bor va ayni paytda ularning ko‘pi tashlandiq ahvolda.

“Buyuk Turon ko‘chasi 41-uyda binolar soni juda ko‘p. Binolarning hammasi ham tarixiy ahamiyatga ega emas – bu haqida mutaxassislar xulosa bergan. Qolaversa madaniy meros ob’ektiga kiritilgan binolarni ro‘yxatdan chiqarishga Vazirlar Mahkamasining vakolati bor. Binolar juda tashlandiq, yomon ahvolda. Yana shahar markazida... Bularni tiklash uchun davlatning katta miqdordagi mablag‘i sarflanadi. Inshootlarni investor olib, chiroyli qilib ta’mirlagani yaxshi.Binolarni buzish mumkin emasligini hozirdan aytyapmiz. Inshootlar sotilsa ham buzmaslik, tarixiy ahamiyatini yo‘qotmaslik sharti bilan sotiladi”, deydi Akmalxon Ortiqov.

Tarixiy binolarning madaniy meros ob’ekti ro‘yxatidan chiqarilishi avvalroq, sobiq DXX binosining shu ro‘yxatdan chiqarilgani va bino buzilmaydi, deyilganini eslatdi.

O‘sha vaqtda Madaniy merosni asrashga doir ishlarni litsenziyalash, ruxsatnoma berish, ilmiy-texnik nazorat qilish boshqarma boshlig‘i Bahodir Haqqulov bino madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatidan chiqarildi, degani butkul o‘chirildi, degani emasligi, inshootni saqlab qolish nazorat qilinishini aytgan edi. Afsuski oradan vaqt o‘tib, tarixiy bino butkul buzib tashlandi.

Mutasaddilar qaysi bino buziladi, degan savolga aniq javob bergani yo‘q. Dastlab, barcha binolar rekonstruksiya qilinishi aytilgan bo‘lsa, suhbat so‘ngiga kelib, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va tashqi tomoni Alisher Navoiy opera va balet teatri binosiga qaragan inshoot buzilmasligi, qolganlari esa tadbirkorning ixtiyoriga bog‘liqligi aytildi. Afsuski, bir vaqtlar madaniy meros ob’ekti sifatida ro‘yxatga kiritilgan binolar, 2024 yilga kelib yanglish qarorligi aytilmoqda. Nima ham derdik, Toshkentning tarixiy binolaridan yana bir nechtasi noma’lum investorlar changalida qolayotgani achinarli hol.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing