“Tagi puch iddaolar”: “Vaqf” fondi hunarmandlarning ustaxonadan haydalayotganiga izoh berdi
Jamiyat
−
25 iyun 2019
6541Kecha, 24 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Vaqf” xayriya jamoat fondi Toshkent shahridagi “Baroqxon” madrasasidagi hunarmandlarni haydab chiqarayotgani haqida ustalar bilan uyushtirilgan video-suhbat tarqaldi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi holatni o‘rganib chiqqan. Qayd etilishicha, Fond va “Baroqxon” madrasasida ishlayotgan hunarmandlar o‘rtasidagi munosabatlarga biryoqlama yondashilgan. Ushbu suhbatga Fond xodimlari ham, Madaniy meros inspeksiyasi mutaxassislari ham jalb etilmagan.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi voqea aslida qanday bo‘lgani haqida o‘z versiyasini ma’lum qildi.
“Baroqxon” madrasasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 28 avgustdagi 708-f-sonli Farmoyishiga muvofiq, 2019 yil 13 iyunda 6126/05-19-sonli shartnoma asosida “Vaqf” fondiga biriktirildi. Shartnomaning 4.6-bandida “balansda saqlovchi” Toshkent shahar Madaniy meros inspeksiyasi “Baroqxon” madrasasini “Vaqf” fondiga topshirishi alohida qayd etilgan.
Ushbu munosabat bilan joriy yilning 20 iyun kuni Madaniy meros inspeksiyasi tomonidan madrasa xonalaridan norasmiy foydalanib kelayotgan usta-hunarmandlarga 24 iyun kuniga qadar barcha xonalarni Inspeksiya xodimiga topshirish bo‘yicha rasmiy ogohlantirish xatini yo‘llangan.
E’tiborli jihati shuki, mazkur jarayonlarda “Vaqf” fondining bevosita ishtiroki mavjud emas. Shuningdek, barcha ishlar qonuniy tartib-qoidalar asosida amalga oshirilgan.
Kelgusida “Vaqf” fondi “Baroqxon” madrasasidan vaqf mulki sifatida va uning asl maqsad-vazifalariga mos shaklda aholimiz uchun zarur bo‘lgan Qur’oni Karim qiroatini o‘rgatish kabi o‘quv kurslarni tashkil etish hamda yurtimizdan yetishib chiqqan ulug‘ allomalar, dunyo tan olgan muftiylar, din peshvolarining ilmiy meroslarini namoyish qilish rejalashtirilgan”, deyiladi Fond Matbuot xizmati bayonotida.
Bundan tashqari, Fond maqsadlariga mos tarzda o‘quv kurslarida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlariga bepul o‘quv kurslari tashkil etish ham ko‘zda tutilmoqda.
LiveBarchasi