Tadbirkorning 2 mln dollar pulini o‘marmoqchi bo‘lgan jinoiy guruh ushlandi
3-sahifa
−
15 aprel 2023
10491Namangan viloyatida yirik tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi fuqaroning yashash xonadonida 2 mln AQSH dollari miqdoridagi pullarni bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritishni rejalashtirgan uyushgan jinoiy guruh qo‘lga olindi. Bu haqda IIV Axborot xizmati xabar berdi.
Aytilishicha, joriy yilning 12 aprel kuni huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilib, Toshkent shahrining Olmazor tumanida 1979 yilda tug‘ilgan, muqaddam JKning 8 ta moddasi bilan sudlangan jinoiy guruh a’zosi qo‘lga olingan. Uning yonidan topilgan 2 dona pichoq, 4 dona skotch va Ichki ishlar organlari xodimlarining dala formalari, rezina qo‘lqop, opiy giyohvandlik moddasi, tramadol tabletkasi va sport sumkasi daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirib olingan.
Shu kunning o‘zida tezkor tadbir davom ettirilib, guruhning qolgan 4 nafar a’zolari Namangan viloyati IIB tezkor qidiruv xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Ulardan jinoyat sodir etishda foydalanish uchun tayyorlab qo‘yilgan sport kiyimlari, niqob va qo‘lqoplar, 3 dona pichoq, elektroshoker qurilmasi, telefon apparatlari, giyohvandlik moddasi va boshqa jihozlar topilgan.
Tezkor surishtiruv tadbirlari davomida bosqinchilik jinoyatini sodir etish uchun yana 5 nafar shaxslar taklif etilganligi aniqlanib, ular ham ushlangan.
Qo‘lga olinganlarning asosiy qismi muqaddam sudlangan shaxslar yoki tadbirkor va sportchilar bo‘lib, ularning aksariyati bosqinchilik rejalashtirilgan fuqaro bilan tanish bo‘lgan va hatto u bilan birga ishlab kelgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan JKning 164-moddasi, 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi
AQSH dollarining rasmiy kursi pasaydi.
27 dekabr