Tadbirkorlarga yangi turdagi jazolar uchun moratoriy o‘rnatiladi
Jamiyat
−
07 fevral 2023
6242Joriy yilning 1 martidan boshlab tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan yangi turdagi javobgarlik va jazo choralarini joriy etishga bir yillik moratoriy o‘rnatilishi kutilmoqda. Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasida so‘z borgan.
Farmon loyihasi kecha, 6 fevral kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Farmon bilan tadbirkorlik sub’ektlarining huquqiy himoyasini yanada kuchaytirish va javobgarligini liberallashtirish maqsadida 2023 yil 1 martdan boshlab tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan yangi turdagi javobgarlik va jazo choralarini joriy etishga bir yillik moratoriy o‘rnatiladi.
Farmon qabul qilingach, Adliya vazirligi Bosh prokuratura bilan birgalikda bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqishi va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritishi kerak:
• savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik ma’muriy yurisdiksiyaga o‘tkazish orqali bekor qilish;
• tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan kichik tadbirkorlik sub’ektlariga moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash taqiqlash (jinoyat ishlari doirasida aniqlangan va ko‘rib chiqilayotgan huquqbuzarlik ishlari bundan mustasno).
Qayd etilishicha, natijada, tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq jazo choralari liberallashtiriladi.
LiveBarchasi