Tadbirkorlar to‘g‘ri ishlash “soyada ishlash"dan afzal ekanini tushunib yetmoqda – Prezident

Jamiyat

image

Bojxona hududida qayta ishlash tizimi soddalashtirilishidan foydalanuvchi tadbirkorlar soni 2 barobarga ko‘paygan. Bu haqda bugun, 18 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqot jarayonida ma’lum qildi.

“Kredit berishda aylanmadagi tovarlar, eksport shartnomalari, akkreditivlar va kelgusi tushumlardan ham garov ta’minoti sifatida foydalanish tizimi yaratildi. Bu imkoniyatdan foydalangan tadbirkorlarga 1 milliard dollar kreditlar berildi. Shuningdek, mikro-moliya tashkilotlarini ochish tartibi osonlashtirildi. Buning natijasida mamlakatimizda banklarga muqobil kreditlar bozori paydo bo‘ldi. Bojxona hududida qayta ishlash tizimi soddalashtirildi, natijada bu rejimdan foydalanuvchi tadbirkorlar soni 2 barobarga ko‘paydi”, deydi Prezident.

Shuningdek, Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, ushbu imkoniyat orqali 455 million dollarlik mahsulot eksport qilingan. Ilgari yangi tadbirkorlar uchun “kirish qiyin bo‘lgan” 119 ta faoliyat bo‘yicha litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilingan yoki xabardor qilish shakliga o‘tkazilgan. Respublika hududida yuklarni avtomobilda tashish kabi faoliyat bo‘yicha litsenziyalarni bekor qilish hisobiga yuk tashish hajmi 1,5 baravarga oshgan.

Bundan tashqari, uning ta’kidlashicha, 2023 yil olti oyida tekshirishlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 40 foizga kamaygan.

“Tadbirkorlar to‘g‘ri ishlash “soyada ishlashdan” afzal ekanini tushunib yetmoqda. Shuning uchun ham soliq hisobotlarini topshirish va kameral tekshirish natijalari bo‘yicha moliyaviy jarimalar qo‘llash bekor qilindi. Umuman, o‘tgan bir yilda kichik tadbirkorlar soni 40 mingtaga ko‘paydi, o‘rta tadbirkorlar soni 2 mingtaga oshib, 10 mingga yetdi. Yirik korxonalar soni esa bir yilda 400 taga ko‘payib, 1,5 mingta bo‘ldi”, deydi Mirziyoyev.

Hisob kitoblarga ko‘ra O‘zbekistonda bir yilda 155 ta korxonaning yillik aylanmasi 100 million dollardan oshgan. Kiritilgan yillik xorijiy sarmoyalar hajmi esa ilk bor 10 milliard dollarga yetgan. So‘nggi ikki yilda korxonalar tomonidan 25 milliard dollarlik mahsulotlar eksport qilgan hamda avval import qilingan 10 milliard dollarlik mahsulotni mamlakatning o‘zida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing