Tabrikdan tashrifgacha: Tramp Putin va Zelenskiy bilan telefon orqali gaplashdi
Olam
−
15 iyun 3470 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp bugun, 15 iyun kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan alohida telefon suhbatlari o‘tkazdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Kreml yordamchisi Yuriy Ushakovning ma’lum qilishicha, Tramp va Putin o‘rtasidagi suhbat 55 daqiqa davom etgan. Tomonlar AQSH va Rossiya munosabatlari, shuningdek, Eron bilan bog‘liq vaziyat hamda mojaroning ehtimoliy yakunlanishini muhokama qilgan.
Ushakovga ko‘ra, Tramp Rossiya—Ukraina urushini tugatish tarafdori ekanini bildirib, yaqinlashib kelayotgan G7 sammiti doirasida Kiyev va Yevropa davlatlariga ta’sir o‘tkazishga tayyorligini aytgan.
Putin esa Rossiya hududidagi fuqarolik infratuzilmasiga uyushtirilayotgan hujumlar mojaroni hal etishga to‘sqinlik qilayotganini ta’kidlagan. Shuningdek, u G7 sammitida Yevropa yetakchilari va Zelenskiy urushni davom ettirishga xizmat qiladigan takliflarni ilgari surishi mumkinligini bildirgan.
Ushakovning aytishicha, Putin va Tramp suhbatida AQSHning maxsus vakillari Stiv Uitkoff hamda Jared Kushnerning yaqin kunlarda Moskvaga tashrifi masalasi ham kelishib olingan.
Shu bilan birga, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham Tramp bilan telefon orqali gaplashganini ma’lum qilgan. U AQSH yetakchisini 80 yillik yubileyi bilan tabriklagan hamda tomonlar tinchlikka erishish yo‘llari, frontdagi vaziyat va kelgusidagi diplomatik qadamlarni muhokama qilganini aytgan.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, u Tramp bilan G7 sammiti doirasida uchrashuv o‘tkazishga kelishib olgan. Hozircha bu ikki tomonlama uchrashuv bo‘ladimi yoki sammit doirasidagi muzokaralar shaklida o‘tadimi, aniq emas.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampga tavallud kuni – yubiley ayyomi munosabati bilan tabrik yo‘llagan edi.
Live
Barchasi