Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligiga direktor tayinlandi
Jamiyat
−
07 may 7176 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Adham Yusupovich Xudoyqulov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etish joiz, ushbu agentlik 5 may kuni qabul qilingan “Ta’lim sifatini ta’minlash va ta’lim xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga muvofiq tashkil etiladi. Agentlik o‘rta maxsus, kasbiy, oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’lim, shuningdek, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tashkilotlarini (ta’lim tashkilotlari) kompleks va maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazadi.
Bunda:
- kompleks davlat akkreditatsiyasi har 5 yilda ta’lim tashkilotlarini tashqi baholash natijalari asosida o‘tkaziladi;
- maxsus davlat akkreditatsiyasi kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilayotgan ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘quv jarayoni boshlanishidan oldin o‘tkaziladi.
2025 yil 1 iyuldan yangi tashkil etiladigan ta’lim tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish 2 bosqichda amalga oshiriladi:
- 1-bosqichda faoliyatni boshlash uchun o‘rta maxsus, kasbiy, oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’lim tashkilotlari o‘rnatilgan tartibda litsenziyalanadi, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ta’lim tashkilotlari xabardor qilish tartibida tashkil etiladi;
- 2-bosqichda ta’lim tashkilotlarining kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladigan ta’lim dasturlari maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkaziladi.
Bunda:
- maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tmagan ta’lim dasturlari bo‘yicha ta’lim oluvchilarni o‘qishga qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi;
- maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tmasdan qabul jarayonini amalga oshirish litsenziya talab va shartlarini qo‘pol ravishda buzish deb baholanadi va ta’lim tashkilotiga berilgan litsenziyaning bekor qilinishiga asos bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmonlari bilan Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi rektori va Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori tayinlangandi.
Live
Barchasi