Tramp Zelenskiydan Ukrainani “sotish”ni talab qilyapti
Tahlil
−
22 fevral
11796AQSH vitse-prezidenti J.D Vens Myunxen konferensiyasida Qo‘shma Shtatlar va Yevropa o‘rtasidagi juda yaqin munosabatlar keyingi 4 yillikda o‘zgacha ko‘rinish olishiga ishora qilgach, Ko‘hna qit’a yetakchilari ancha hushyor tortdi. Tramp esa Saudiya Arabistonida faqatgina AQSH va Rossiya o‘rtasida muzokara bo‘lishini ma’lum qilgach, Yevropaning yetakchi davlatlari Oq uydagi yangi ma’muriyatning so‘nggi vaqtlardagi tushunarsiz qadamlari ortidan Parijda favqulodda sammit o‘tkazdi. Saudiyadagi ruslar va amerikaliklar o‘rtasida uchrashuv ham ortda qoldi. Ar-Riyod va Parijda tomonlar ba’zi umumiy masalalarga to‘xtalib, keyingi harakatlarni kelishib oldi. Ammo Tramp keyingi soatlarda kutilmaganda Kiyevdagi oliy hokimiyatga qarshi keskin ritorikaga o‘tdi. U tomonidan dastlabki taqdim qilingan salkam talonchilikni ko‘zda tutuvchi tabiiy boyliklarning katta qismini AQSHga topshirish to‘g‘risidagi kelishuvdan Zelenskiy voz kechgani tufayli shunday burilishlar sodir bo‘ldi. Bir zumda u Zelenskiyning Putindan kam bo‘lmagan “dushman”iga aylangandek taassurot uyg‘otdi. Endi u ham xuddi Moskvadagi “do‘sti” singari Zelenskiy hokimiyatini legitim emas deya hisoblashni boshladi. Bu va boshqa voqealar rivoji AQSH Ukrainadan “qo‘lini tortayotgani”dan darak bermoqda. Bu esa okean ortidagi bugungi rahbariyat nafaqat Ukrainadan, balki, butun Yevropa xavfsizligini ta’minlashdan o‘zini chetga olyapti degan gumonlarni urchitdi. Shuning uchun Yevropa davlatlari yetakchilari endilikda mudofaa xarajatlariga har qachongidan-da ko‘proq mablag‘ ajratishga tayyor. Ko‘pchilik buni qit’a uchun mutlaqo yangi va o‘zgacha davr deya baholamoqda. Biroq shunday bo‘lsa-da, ba’zi Yevropa yetakchilari va xususan, Zelenskiyning o‘zi hali hanuz AQSH yordamining davom etishidan umid uzgani yo‘q. U o‘z mamlakati boyliklarini xavfsizlik kafolati evaziga adolatli tarzda barter qilish ko‘zlangan o‘zaro manfaatli bo‘lgan ikkinchi taklifni muhokama qilishi kutilmoqda. Quyida mazkur hafta va yaqin ortda qolgan soatlarda yuqorida qayd etilgan voqeliklar va ularning tafsilotlariga batafsil to‘xtalamiz.
Yevropa yetakchilaridagi qo‘rquv
Trampning Myunxenga Vens orqali berib yuborgan kutilmagan “syurpriz”dan so‘ng Yevropa yetakchilari Parijda favqulodda sammit o‘tkazib, Tramp ma’muriyatining Yevropa ishtirokisiz Moskva bilan muzokaralar olib borish rejalariga nisbatan nima qilish kerakligini muhokama qildi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha aniq qarorlar e’lon qilinmadi, biroq Yevropa Ittifoqi va NATO davlatlari bundan buyon mudofaaga ko‘proq sarmoya kiritish va Kiyevga ishonchli xavfsizlik kafolatlarini taqdim etish zarurligini bildirdi. Muzokaralarda Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Daniya, Polsha, Niderlandiya yetakchilari, shuningdek, NATO va Yevropa Ittifoqi rahbarlari ishtirok etdi. Uchrashuv ishtirokchilaridan biri bo‘lgan NATO Bosh kotibi Mark Ryutte Yevropa oldinga qadam tashlashga va Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini ta’minlashda yetakchilik qilishga tayyorligini ma’lum qildi. Parijdagi uchrashuvni uyushtirgan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham sammitdan keyin xuddi shu mavzuga to‘xtaldi. U yevropaliklar hozir va kelajakda mudofaaga ko‘proq sarmoya kiritishlari kerakligini ta’kidladi. Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer esa Parijdagi sammitdan so‘ng kelasi hafta AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uzoq muddatli tinchlikni muhokama qilish uchun AQSHga borishini aytdi. Bu orada esa Shvetsiya va Britaniya Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarni yuborishga tayyorligini ham ma’lum qildi. 19 fevralda esa Niderlandiya Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarni jo‘natish ehtimolini ko‘zda tutuvchi rezolyutsiyani qabul qildi, ammo bu faqat Rossiya bilan sulh tuzilgandan keyin amalga oshirilishi mumkinligi belgilandi. Ammo tinchlik sulhidan keyin Ukrainaga qo‘shin joylashtirish masalasida qit’a yetakchilarida bir-biridan keskin farq qiluvchi qarashlar bor. Jumladan, “Financial Times” xabariga Parijdagi uchrashuv chog‘ida Yevropaning ayrim yetakchilari, xususan, birinchi navbatda, Germaniya, Polsha va Ispaniya Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarini yuborishni istamasliklarini ma’lum qilishgan. Biroq shunday bo‘lishiga qaramay, kansler Olaf Shols Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish zarurligini aytib, Germaniya mudofaaga sarmoya yotqizishni davom ettirishini ta’kidlagan. U shuningdek, Yevropa davlatlari o‘z yalpi ichki mahsulotining 2 foizidan ko‘prog‘ini mudofaaga sarflashni rejalashtirsa, Yevropa Ittifoqi byudjet masalalarida yanada moslashuvchan bo‘lishi kerakligini ham aytdi. Sholsning mudofaa xarajatlarini oshirish haqidagi mavzuga to‘xtalishi bejiz emas, albatta. Chunki Trampning ikkinchi muddati davomida qit’a davlatlarining xavfsizlik muammosi to‘laqonli ravishda o‘z gardanida qolishi oydinlashib bormoqda.
Donald Tramp esa ko‘pdan buyon NATO davlatlari o‘z mudofaa xarajatlarini YAIMning 5 foiziga yetkazishni talab qilib keladi. Bu esa oldindan kelishilgan 2 foizlik normadan ancha yuqori. Bu ham yetmagandek, bugungi kunda NATOga a’zo 32 davlatdan faqat 23 tasigina alyansga o‘z YAIMidan 2 foiz ajrata oladi, xolos. Shu bois “Financial Times” Tramp o‘z talablarini yumshatib, xarajatlarning miqdorini 3-3,5 foizgacha belgilashni talab qilishi mumkinligi haqida xabar berdi. Ukrainaga qo‘shin yuborish g‘oyasiga keladigan bo‘lsak, Tramp bunga qarshi emas, hatto buni qo‘llab-quvvatlagan. Ammo bu missiyada amerikalik askarlar ishtirok etmasligini qo‘shimcha qilgan. Uning ma’muriyati Yevropa davlatlaridan Ukrainaga yuborilishi mumkin bo‘lgan qo‘shinlar soni va qurollanish turi bo‘yicha ma’lumot taqdim etishni so‘ragan xolos. Shu bilan birga, Yevropa davlatlari AQSH qo‘llab-quvvatlashini davom ettirish zarurligini tinimsiz ta’kidlab kelishyapti. Yevropa maxsus xizmatlari esa AQSH qo‘shinlarining Yevropadan chiqarilish ehtimolidan xavotir bildirgandi. Hatto Myunxen konferensiyasining so‘nggi kunida ham AQSH vitse-prezidenti J.D. Vens tomonidan mana shunday tarixiy qaror e’lon qilinish xavfi mavjud edi. Ammo Tramp yaqinda bunday ehtimollar va taxminlarni rad qildi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra esa bugungi kunda Yevropada 70 mingga yaqin AQSH harbiylari mavjud. Ularning asosiy qismi esa Germaniya, Italiya va Britaniyada joylashgan. Jumladan, Germaniyada ayni paytda 35 ming AQSH qo‘shini bo‘lsa, Italiya va Britaniyada mos ravishda 12 va 10 ming amerikalik harbiylar faoliyat olib boradi. Bu raqamlar esa AQSH Yevropa xavfsizligida qanchalik muhim o‘rin tutishini ko‘rsatib beruvchi ko‘p sonli dalillardan biri xolos.
Xo‘sh, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarini ko‘p ehtimol Yevropadan olib chiqib ketmaydi. Ammo bu bilan qit’adagi xavfsizlik masalasi uzil-kesil hal bo‘lmaydi. Chunki uzoq yillardan beri Yevropa xavfsizligi va Ukraina tinchligi tushunchalari bir-biri bilan chambarchas bog‘liqdir. Shuning uchun bu borada e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan eng ustuvor masala shubhasiz Ukrainadir. Shu bois favqulodda sammit o‘tkazilgandan so‘ng, Yevropa Ittifoqi Ukrainaga misli ko‘rilmagan darajadagi harbiy yordam paketi tayyorlayotgani haqida xabar tarqaldi. “News Week” nashrining xabar berishicha, bu summa 700 mlrd yevroni tashkil qilishi mumkin. Nashrga ko‘ra, bu miqdor Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok tomonidan aytilgan. Taqqoslash uchun, bu summa Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlangandan buyon to bugungacha Yevropa va AQSH tomonidan Kiyevga berilgan umumiy yordamdan ikki barobar ko‘pdir. Berbok esa bu paket xavfsizlik kafolatlarini ta’minlash uchun va yevropaliklar o‘z xavfsizligi uchun har qanday mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishi lozimligini bayon qilgan.
“Biz katta miqdordagi yordam paketini ishga tushiramiz. Yevro yoki korona inqirozi kabi endi Yevropada xavfsizlikni ta’minlash uchun ham moliyaviy paket mavjud. Bu yaqin kelajakda amalga oshadi. Biz yevropaliklar, nemislar sifatida Ukraina tomonida harbiy, gumanitar va moliyaviy ko‘mak bilan qat’iy turibmiz. Yevropaliklar sifatida o‘z xavfsizligimiz uchun har qanday mas’uliyatni o‘z zimmamizga olamiz”, deydi Annalena Berbok.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu yordam paketi Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar o‘rtasidagi qo‘shma qarz hisobidan moliyalashtirilishi mumkin, bu mexanizm esa koronavirus pandemiyasi davrida sinovdan o‘tgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi ushbu loyihani sir saqlashni xohlagan, biroq Berbok bu maxfiylikni AQSH rasmiylari Yevropa rasmiylariga o‘z talablarini bildirganidan keyin oshkor qilgan. Xabarda aytilishicha, xarajatlar rejasi Germaniyada 23 fevral kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlar yakuniga qadar e’lon qilinmaydi. Bundan tashqari, bir qator Yevropa yetakchilari singari Emmanuel Makron ham Yevropa mudofaa xarajatlarini oshirish va xavfsizlik imkoniyatlarini mustahkamlash zarurligini ta’kidladi. Hatto uning aytishicha, bu boradagi tegishli qarorlar yaqin orada qabul qilinadi. Shuningdek, Makron Ukrainada xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha javobgarlikni o‘z zimmasiga olishga tayyor ekanini ham bildirdi.
“Biz Ukrainada mustahkam va ishonchli tinchlik bo‘lishini istaymiz. Biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlaymiz va Yevropada tinchlik hamda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha to‘liq javobgarlikni o‘z zimmamizga olamiz. Bu Fransiyaning asosiy manfaatidir va men uning kafolati bo‘laman”, deb yozdi.
Putin Ukrainani to‘liq egallashdan voz kechmaganmi?
18 fevral kuni Vladimir Putin o‘z delegatsiyasini Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodga yubordi va u yerda ularning AQSH vakillari bilan uchrashuvi haftaning eng muhim voqealaridan biri sifatida e’tibor markazida bo‘ldi. Muzokaralarning asosiy maqsadi Ukrainadagi urushni to‘xtatish imkoniyatlarini muhokama qilish va AQSH hamda Rossiyaning so‘nggi 3 yil davomida izdan chiqqan munosabatlarini normallashtirishga qaratilgani aytildi. Qaysidir ma’noda shunday bo‘ldi ham. Ammo bu paytda NBC News AQSH razvedkasining 4 vakili va Kongressdagi ikki a’zoga tayanib, “Putin hali ham Ukraina va Yevropani sabr-toqat bilan kutish va kelajakda butun mamlakatni bosib olish imkoniyatiga umid qilayotgani” haqida xabar berdi. Unga ko‘ra, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin garchi AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati bilan urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar boshlangan bo‘lsa ham, u hali-hanuz butun Ukrainani bosib olish niyatidan voz kechgani yo‘q. AQSH razvedka xodimlaridan birining nashrga bildirgan fikriga ko‘ra, “Putin o‘zini g‘alabaga juda yaqin deb hisoblaydi va hozircha Rossiya armiyasining jiddiy yo‘qotishlari ham uni o‘z maqsadlarini qayta ko‘rib chiqishga yoki urushni to‘xtatishga majburlamayapti”. Shuningdek, Putin muzokaralardan armiyani tiklash va o‘z pozitsiyasini mustahkamlash uchun vaqt yutish vositasi sifatida foydalanishi mumkin. Razvedka vakillarining ta’kidlashicha, Rossiya Prezidenti o‘z qo‘shinlarini Ukrainadan olib chiqishni yoki mamlakat g‘arbiy hududlarida joylashtirilgan harbiy texnika va kontingentni kamaytirishni rejalashtirmayapti. Bundan tashqari, Trampning vakillari Ukraina NATOga a’zo bo‘lishi ehtimoldan yiroq ekanini bildirgani ham Putinga juda katta ishonch bag‘ishlagan. G‘arbdagi ko‘plab rasmiylar Putin real murosaga yoki uzoq muddatli tinchlik kelishuviga tayyor ekaniga shubha bilan qaramoqda. Ularning fikricha, Rossiya bilan olib borilayotgan har qanday muzokaralar G‘arbning ehtimoliy yon berish chizig‘ini aniqlash va Putinning xalqaro maydonga qaytish maqsadida qilayotgan ko‘zbo‘yamachiligi bo‘lishi mumkin. Amerikalik amaldorlarning fikricha, ittifoqchilar tomonidan yetkazilgan razvedka ma’lumotlari va AQSHning o‘z tahlillari Putinning Ukraina borasidagi keng qamrovli ambitsiyalari o‘zgarishsiz qolayotganini tasdiqlaydi.
Qisqa qilib aytganda, voqealar rivoji mazkur haftada to‘liq Moskva foydasiga qarab burilib ketdi. Shu kungacha uning Ukrainadagi ambitsiyalariga katta g‘ov bo‘lib kelgan AQSH boshqaruvida bugun mutlaqo boshqa insonlar. O‘z xavfsizligi uchun endigina rostmanasiga jiddiy o‘ylashni boshlagan Yevropa davlatlarida esa Rossiyaga qarshi strategik ishlanmalar tez orada tayyor bo‘lishi va realizatsiya qilinishiga ishonish biroz qiyin. Bu esa Ukrainaga qilingan bosqinning 3 yili tugashi arafasida Kremlda o‘zgacha bayram shukuhi hukm surishiga olib kelishi tayin. O‘z nutqlari orqali dunyo siyosatida jiddiy disbalans hosil qilayotgan Oq uydagi qariyaning Zelenskiyga qarshi qilgan keyingi chiqishlari esa Putinni navbatdagi “sovg‘alar” to‘plami bilan ko‘mdi deyish mumkin.
Tramp Zelenskiydan qutulmoqchi
Donald Trampning Ukraina masalasiga yondashuvi Baydennikidan ma’lum darajada farqlanishi kutilgandi. Ammo bugungidek tubdan o‘zgacha pozitsiyani egallashi ko‘pchilik tomonidan taxmin qilinmagandi. Hammasi 18 fevral kuniga qadar, ya’ni Ar-Riyoddagi muzokaralar va Mar-a-Lago qarorgohida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumaniga qadar biroz silliq tarzda kechayotgandi. Ammo shu kuni barchasi boshqacha ko‘rinish oldi. Tramp shu lahzalardan boshlab Zelenskiy va uning hokimiyatini tahqirlay boshladi. Uning bu harakatlari esa ko‘p ehtimol Zelenskiy Ar-Riyoddagi muzokaralarning hech bir natijasini tan olmaslik va u yerga Ukraina taklif etilmaganidan noligani ortidan boshlandi. Tramp o‘zining Mar-a-Lagodagi qarorgohida o‘tkazilgan matbuot anjumanida bu holatga izoh berib, Zelenskiyni keskin tanqid qildi.
“Bugun men ularning: “Bizni taklif qilishmadi”, deganlarini eshitdim. Siz uch yil u yerda edingiz, uch yil oldin uni to‘xtatishingiz kerak edi. Siz buni boshidan boshlamasligingiz kerak edi. Kelishuvni avvalroq yopishingiz mumkin edi. Men Ukraina uchun shartnoma tuzishim mumkin, ularga deyarli barcha hududni berishim mumkin edi. Ammo ular bunday qilmaslikka qaror qilishdi. Prezident Bayden esa bu masalada qanchalik xato qilganini bilmaydi. Bu dahshatli va achinarli”, dedi AQSH Prezidenti.
Tramp Bayden ham, Zelenskiy ham o‘zlarining zaif rahbarligi tufayli hech qachon sodir bo‘lmasligi kerak bo‘lgan urushga eshik ochdi, deya ta’kidladi. Bundan tashqari, u Saudiya Arabistonida muzokaralar yaxshi boshlanganini aytib, jarayon muvaffaqiyatli bo‘lishiga umid bildirdi. AQSH Prezidenti, shuningdek, Ukrainada saylovlar uzoq vaqtdan beri o‘tkazilmagani va xalq Prezident Zelenskiydan unchalik mamnun emasligini ham iddao qildi.
“Ukrainada saylovlar bo‘lganiga ancha vaqt bo‘ldi. Buning Rossiyaga hech qanday aloqasi yo‘q. Buni nafaqat men, balki boshqa ko‘plab davlatlar ham aytmoqda. Ukrainadagi shaharlar tom ma’noda G‘azoga o‘xshaydi. Odamlar bundan charchagan. Odamlar biror narsa bo‘lishini xohlashadi”, dedi Tramp.
Eng hayratlanarlisi shundaki, shu matbuot anjumanida amaldagi AQSH prezidenti mazkur haftada eng ko‘p muhokama va tanqidlarga sabab bo‘lgan gaplarni aytdi. U Kreml propaganda mashinasiga ergashgan holda, Zelenskiyning ayni paytda Ukrainadagi reytingi 4 foizgacha tushib ketgani haqidagi g‘iybatni rasmiylashtirishga harakat qildi. Uning mazkur chiqishi esa qisqa vaqt ichida ko‘plab dunyo rasmiylarining tanqidi va qoralashlariga sabab bo‘ldi. Oradan bir kun o‘tib, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning o‘zi mamlakatda prezidentlik saylovlarini o‘tkazishga chaqirgan AQSH yetakchisi Donald Trampga javob qaytarib, o‘z reytingi haqidagi bu raqam Rossiyaning dezinformatsiyasi ekani, asl holat mutlaqo boshqachaligi va agar kimdir uni almashtirishni istasa, buning iloji yo‘qligi haqida gapirdi. Shuningdek, u bunday dezinformatsion qobiq ichida yurgan Trampga hamdard ekanini ham qo‘shimcha qildi.
“Hozirda mening ishonch reytingim 57 foizni tashkil etadi. Shuning uchun agar kimdir meni hozir almashtirishni istasa, demak, hozir buni qilishning iloji yo‘q. Biz 4 foiz haqidagi dezinformatsiyani ko‘rdik, bu Rossiyadan kelganini tushunamiz va bu raqamlar Amerika va Rossiya tomonidan muhokama qilinayotganiga oid dalillarimiz bor. Men faqat bu dezinformatsion makonda bo‘lgan Prezident Trampga hamdard bo‘lishim mumkin”, degan Zelenskiy.
19 fevral kuni esa Tramp o‘ziga qarashli Truth Social platformasida Zelenskiyga qarshi rosmana urush ochdi. U Ukraina prezidentini “o‘rtamiyona komediant va “saylovsiz diktator” deb atadi.
“Saylovsiz diktator, Zelenskiy tezroq harakat qilgani ma’qul, aks holda uning mamlakati qolmaydi. Ayni paytda biz Rossiya bilan urushni tugatish bo‘yicha muvaffaqiyatli muzokaralar olib bormoqdamiz, buni hamma tan oladi, faqat Tramp va Tramp ma’muriyati buni qila oladi. Bayden hech qachon harakat qilmagan, Yevropa tinchlikka erisha olmadi. Men Ukrainani yaxshi ko‘raman, lekin Zelenskiy dahshatli ish qildi, uning mamlakati vayron bo‘ldi va millionlab kishilar behudaga o‘lib ketdi va shunday davom etmoqda ....” deydi Tramp.
Shuningdek, Tramp AQSH Ukrainaga 350 milliard dollar sarflagani, bu miqdor Yevropaning yordamidan 200 milliardga ko‘pligini aytdi. Biroq Trampning fikricha, Yevropada xarajatlarini qoplash imkoniyati bor, AQSH esa bunday imkoniyatdan Bayden tufayli mahrum bo‘lgan. Ammo shu o‘rinda, avvalroq, Zelenskiy ham xarajatlar borasida ba’zi raqamlarga to‘xtalib o‘tgandi. Ukraina rahbari bosqindan himoyalanish shu kungacha umumiy hisobda 320 mlrd dollarga tushganini ma’lum qilgandi. Bunda Ukraina 120 mlrd AQSH va Yevropa Ittifoqi esa birgalikda 200 mlrd sarflagani aytildi. Zelenskiyga ko‘ra shu 200 mlrd yordamdagi AQSHning alohida ulushi 67 mlrd dollarni tashkil qilgan.
Yuqorida xarajatlar mavzusi bekorga ko‘tarilgani yo‘q. Chunki Trampning Zelenskiyga qarshi bunday ritorikaga o‘tishiga faqatgina Ar-Riyoddagi muzokaralar atrofida ro‘y bergan voqealar sabab bo‘lmadi. Bu yerda boshqa bir jiddiy omil ham bor. Gap shundaki, bir necha haftadan buyon Tramp Ukrainani himoya qilish endi tekinga amalga oshirilmasligi, buning uchun Kiyev o‘ziga yarasha haq to‘lashi lozimligini aytib keldi. U buni amalga oshirishga ham kirishdi. Ikki o‘rtada juda ulkan hajmdagi tabiiy resurslar haqida so‘z bordi. Sodda qilib aytganda, Tramp bu yerdagi tabiiy boyliklardan tushadigan daromadning teng yarmini talab qildi. Ammo Zelenskiy 19 fevral kuni iqtisodiy qaramlikdan boshqa hech narsa bo‘lmagan bunday taklifni rad qilganini ma’lum qildi. Zelenskiyning gaplaridan bu shunchaki Ukrainani talash va uni ship-shiydam qilish to‘g‘risidagi shartnoma bo‘lganini anglash qiyin emas. Chunki unga ko‘ra, Tramp ma’muriyati 50 foizlik plankani tushirishni xohlamagan, foizlar borasida savdolashmagan, ustiga ustak buning evaziga AQSH hech narsa taklif qilmagan, jumladan xavfsizlik kafolatlari ham. Zelenskiy o‘tgan hafta agar ikki tomon uchun ham manfaatli ko‘rinishda bo‘lsa, bu kelishuvga qarshi emasligini, muzokaralarga tayyorligini bildirgandi. Biroq keyinchalik AQSHning shartnomaga tahqirli yondashuvi uni bu fikrdan qaytardi. U Ukrainani sotmasligini ma’lum qilib, AQSHga qisqa qilib, yo‘q dedi. Hoynahoy qariyaning injiqligi shundan so‘ng qo‘zigan va bundan qattiq jig‘ibiyron bo‘lgan. Shu bois Tramp keyingi soatlarda qayerda va qaysi mavzuda chiqish qilmasin, unda Zelenskiyga toshlar otishni boshladi.
Yevropa AQSHsiz jipslashish harakatidami?
2022 yil 24 fevral va undan keyingi kunlarning manzarasi ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilmagan bo‘lsa kerak. O‘shanda Rossiya agressiyasidan jabrlanayotgan ukrainaliklar atrofida dunyoning katta qismi eng kamida qalban jipslashgan, milliardlab dunyo aholisi ularni qo‘llayotgan edi. Oradan 3 yil o‘tdi. Bosqin esa hali ham davom etmoqda. Bu 3 yil ichida nafaqat Sharqiy Yevropada, balki yer yuzining boshqa qismlari, xususan, Yaqin Sharqda ham Ukrainadan kam bo‘lmagan, kerak bo‘lsa undan ham og‘irroq inqirozlar sodir bo‘ldi. Ukraina yarasi esa vaqti-vaqti bilan orqa planlardan o‘rin olishi odatga aylandi. Bugun esa rasmiy Kiyev xuddi bosqin boshlangan kundagidek qo‘llovga muhtojdek va bu jarayon qaysidir ma’noda takrorlanyapti ham. Trampning g‘azab aralashgan va Putinni ko‘nglini xushlovchi bayonotlaridan keyin bu yanada dolzarblashdi. Masalan, 21 fevral kuni Zelenskiy o‘zining Telegram’dagi kanalida ko‘plab davlat rasmiylari bilan bir kunda suhbat olib borgani, ular ichida Polsha, Xorvatiya, Chexiya, Lyuksemburg, Sloveniya, Irlandiya va hatto Kot-di-Vuar kabi davlatlarning yetakchilari borligi haqida yozdi. Ukraina Prezidenti birdamlik va qo‘llab-quvvatlashlar uchun barchaga minnatdorlik bildirdi. Yuqori darajali rasmiylar ichida Germaniya rahbarlari ham bu borada Zelenskiyni qo‘llab-quvvatladi. Jumladan, kansler Olaf Shols AQSH Prezidenti Donald Trampning Ukraina yetakchisini diktator degan da’vosini keskin rad etib, Zelenskiy qonuniy saylangan rahbar ekani va harbiy tajovuz sharoitida saylovlar o‘tkazishning iloji yo‘qligi Ukraina Konstitutsiyaga muvofiq bo‘lishini eslatdi. Shu bilan birga, Trampning Zelenskiy haqidagi bayonotlari Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok tomonidan ham keskin tanqid ostiga olindi. Berbok Ukraina aholisi erkin demokratiya uchun har kuni kurash olib borayotganini ta’kidlab, Trampni ijtimoiy tarmoqlarda shoshqaloq postlar yozish o‘rniga Yevropada aslida kim diktator ekanini fahmlashga chaqirdi.
“Agar siz ijtimoiy tarmoqlarda shoshqaloq postlar yozmasangiz, real dunyoga diqqat bilan qarasangiz, balki Yevropada kim diktatura ostida yashashga majbur bo‘lganini ko‘rgan bo‘lardingiz. Bular – Rossiyadagi odamlar, Belarusdagi odamlar”. Ukrainaliklar har kuni o‘zlarining erkin demokratiyasi uchun kurashadi va biz, yevropaliklar, demokratik davlatlarimizni birgalikda mustahkamlash uchun ularni Yevropa Ittifoqiga boradigan yo‘lda qo‘llab-quvvatlaymiz”, degan Germaniya TIV rahbari.
Yevropa Ittifoqi davlatlari esa aytilganidek, barcha yukni o‘z gardaniga olish yo‘lida amaliy qadamlar tashlash arafasida. Xususan, “Euronews” xabariga ko‘ra, ular Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketiga rozi bo‘ldi. Bu Ukrainaga Rossiya bosqini boshlanganidan buyon kiritiladigan 16-sanksiyalar paketi bo‘ladi. Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 16-paketi mamlakatning alyuminiy sanoatiga qaratilgan va ular neft eksportiga qo‘yilgan cheklovlarni ham yanada oshirishi aytildi. Sanksiyalar yana 13 ta bankka, Moskva tomonidan neft xomashyosi eksporti uchun foydalaniladigan soyadagi 73 ta tankerga va Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga Rossiyaning ba’zi turdagi alyuminiy mahsulotlarini sotib olishni taqiqlashga qaratilgan. Bundan oldingi sanksiyalar transhi esa ikki oy ilgari 2024 yilning 16 dekabrida joriy etilgandi. 15-paket Rossiya Federatsiyasi tomonidan neft eksportini amalga oshiradigan soyadagi flotga qarshi kurashish va Rossiya harbiy-sanoat kompleksini zaiflashtirishga qaratilgandi. Shuningdek, “qora ro‘yxat”ga Ukraina hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga putur yetkazuvchi yoki tahdid soluvchi harakatlar uchun javobgar bo‘lgan Rossiya, Xitoy va KXDRdan 54 nafar shaxs va 30 ta tashkilot kiritilgandi.
Zelenskiy Vashingtondan “ko‘ngil uza olmayapti”
Ukraina va AQSH rahbarlari o‘rtasida dahanaki tortishuvlar bilan birga parallel ravishda bosqinni yakunlash ishlari ham davom etyapti. Bu hozircha AQSH Prezidentining Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kelloggning faolligiga ta’sir qilmadi. Muzokaralar davom etmoqda. U Kiyevga Zelenskiy va Tramp o‘rtasidagi janjal avjiga chiqqan pallada o‘zining birinchi tashrifini amalga oshirdi. Kellogg Ukraina Qurolli kuchlari Bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy bilan uchrashgani aytildi. Bundan tashqari, AQSH vakili razvedka idoralari, maxsus xizmatlar rahbarlari, va Myunxenda uchrashgan Ukraina Prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak bilan ham muzokaralar o‘tkazgan. Zelenskiyning o‘zi esa Kelloggni 20 fevral kuni qabul qildi. Uchrashuv tafsilotlari esa ko‘pchilikni hayron qoldirdi, deyish mumkin. Zelenskiy Kellogg bilan muzokaralarning ba’zi jihatlarini ochiqlar ekan, Ukraina yana tabiiy boyliklariga AQSH tomonidan sarmoya kiritilishi va xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi yangi kelishuvga tayyorligini ma’lum qildi.
“Ukraina AQSH Prezidenti bilan sarmoya va xavfsizlik bo‘yicha kuchli, chinakam manfaatli kelishuvga tayyor. Biz natijalarga erishishning eng tez va konstruktiv usulini taklif qildik. Bizning jamoamiz 24/7 ishlashga tayyor”, deydi Zelenskiy.
Ukraina yetakchisi bu gapi bilan shu hafta boshida amalga oshmagan, o‘zi tomonidan rad etilgan kelishuvning yangi va Ukraina manfaatlariga mos keluvchi versiyasini nazarda tutdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, o‘zaro suhbat davomida Ukrainaning xavfsizlik kafolati haqida samimiy suhbat ham bo‘lib o‘tgan. O‘z o‘rnida Zelenskiy ham, Kellogg ham X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifalarida uchrashuv juda ijobiy o‘tganini bildirdi. Demak, AQSH va Ukraina o‘rtasidagi munosabatlar butkul orqaga ketganicha yo‘q. Aslida yillar davomida shakllangan bu munosabatlar bir haftada bir tomonning injiqliklari bilan barbod bo‘lishi imkonsiz edi. Shunchaki Tramp o‘z talabini o‘tkazishni va AQSH tomonidan ko‘rsatilgan yordamning badalini undirishni qattiq xohladi, xolos. Va bunga erishishga yaqin turibdi ham. Qisqa qilib aytganda, ayyor qariya bosqin ostidagi Ukrainaga “o‘z raqamini o‘tkaza oldi”. AQSHdagi yuqori martabali mulozimlardan biri, Milliy xavfsizlik bo‘yicha prezident maslahatchisi Maykl Uolts ham katta ishonch bilan Zelenskiy tez orada hafta boshida rad etgan shartnomani imzolashini ma’lum qildi. Kecha, 21 fevral kuni Merilend shtatida konservativ siyosiy harakatlar konferensiyasida qatnashgan Uolts Trampning ba’zi bayonotlarini takrorlagan holda, Yevropa davlatlari Ukrainaga ko‘rsatgan yordami evaziga Rossiyaning qit’a banklarida muzlatilgan aktivlarini garov sifatida saqlayotganiga ishora qilib, AQSHga ham shu kabi badal to‘lanishi lozimligi haqida gapirdi.
LiveBarchasi
Trenddagilar

