Svetlana Ortiqova pedofil amaldorlar nega bor-yo‘g‘i uch yilga qamalganini tushuntirdi

Jamiyat

Xabaringiz bor, Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida Xorazmdagi mehribonlik uyida qizlarni zo‘rlagan amaldorlarga oid jinoyat ishini apellyatsiya tartibida yangidan ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi.

Sud hukmi bilan pedofil amaldorlar – Xorazm Adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Oybek Masharipov va Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlagan Anvar Quryazov Jinoyat kodeksining oldingi tahrirdagi 128-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi va 128-1-moddasi (o‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxsga moddiy qimmatliklar berish yoxud uni mulkiy manfaatdor etish orqali u bilan jinsiy aloqa qilish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi va Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida ularning har biriga uzil-kesil 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sud hukmi e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay, jamoatchilik orasida yana e’tirozlar paydo bo‘ldi. Ularning asosiy qismi pedofil amaldorlarning jinoyati tergov organi tomonidan Jinoyat kodeksining 118-moddasi (Nomusga tegish)da malakalanmagani bilan bog‘liq.

Bugunning o‘zida ushbu e’tirozlarga munosabat bildirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida brifing tashkil etildi. Unda Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova va Oliy sud raisining o‘rinbosari – jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Muslim Ikromov ishtirok etdi. 

Svetlana Ortiqovaning tushuntirishi bo‘yicha, xorazmlik pedofil amaldorlar sodir etgan jinoyatda Jinoyat kodeksining 118-moddasi alomatlari mavjud emas. 

“Oliy sudning kassatsiya instansiyasining ajrimida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118-moddasida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjudligini tekshirish haqidagi ko‘rsatma berilgan. Apellyatsiya instansiyasining 22 iyundagi ajrimiga ko‘ra, shu ishda qatnashgan va davlat ayblovini quvvatlagan prokurorning iltimosnomasi qanoatlantirilib, jinoyat ishi Jinoyat protsessual kodeksining 416-417-moddalari asosida qo‘shimcha protsessual harakatlar o‘tkazish uchun ayblov xulosasini tasdiqlagan prokurorga yuborilgan. 

Qo‘shimcha protsessual harakatlar nimadan iborat, degan tabiiy savol tug‘iladi. Bu, albatta, jinoyat protsessual qonunchiligida belgilangan. Sudga oid odam DNKsi, sudga oid biologik ekspertiza va sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan. Shuningdek, so‘roqlar, ko‘zdan kechirishlar, yuzlashtirishlar va boshqa tergov protsessual harakatlari olib borilgan. 

Endi sizning e’tiboringizni jinoyat kodeksining 118-moddasining dispozitsiyasiga qaratmoqchiman. 118-moddaning dispozitsiyasida jabrlanuvchilar bilan zo‘rlik ishlatib, qo‘rqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib jinsiy aloqa qilganligi holati bo‘lishi kerak. O‘shandagina u yoki bu shaxsning harakatida Jinoyat kodeksining 118-moddasining jinoyati tarkibi bor deb biz ayb e’lon qilishimiz mumkin. Qo‘shimcha protsessual harakatlar o‘tkazilganda ikki sudlanuvchining harakatlarida zo‘rlik, qo‘rqitish, jabrlanuvchining ojizligidan foydalanish va shu orqali ular bilan jinsiy aloqa qilish holati o‘z tasdig‘ini topmadi. 

Yana bir narsaga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Oliy sud plenumining alohida qarori mavjud va unda nomusga tegish jinoyatlarining alohida tasnifi berilgan. Unda zo‘rlik, qo‘rqitish va ojizlik degan tushunchalarga ta’rif berilgan”. 

Bizning fikrimizcha, tergov organi bitta sudlanuvchiga 135-moddasi (Odam savdosi) 3-qismi “a” bandi bilan uning harakatlarini to‘g‘ri malakalagan. Bugungi kunning holatiga va tergov organi tomonidan ikkita sudlanuvchining xatti-harakatlariga Jinoyat kodeksining 128-moddasi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi va 128-1-moddasi (O‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoki mulkiy yoxud boshqacha tarzda manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish) bilan to‘g‘ri malakalangan. Ayblov prokuror tomonidan tasdiqlangan va sudga yuborilgan”, deydi Svetlana Ortiqova.

Ma’lumot uchun, agar xorazmlik pedofillarga nisbatan Jinoyat kodeksining 118-moddasi ayblovi qo‘yilganda ular eng kamida 5 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin edi. 

Eslatib o‘tamiz, shu yining aprel oyida Xorazmdagi Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari (3 nafar qiz) 10 oy davomida viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i Oybek  Masharipov va Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i Anvar Quryazov tomonidan zo‘rlab kelingani ma’lum bo‘lgandi. Xiva tuman sudi ularga nisbatan 1,5 yil ozodlikni cheklash jazosini tayinlagandi. Shuningdek, ularga sharoit yaratib bergan bolalar uyi rahbari 5 yarim yilga qamalgandi. Uch nafar sudlanuvchi hukm ustidan Xorazm viloyati sudiga shikoyat qilgan, lekin apellyatsiya instansiyasi hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan.

Keyinchalik Oybek Masharipov va Anvar Quryazovlarga yengil jazo tayinlanganligi va boshqa holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasi sudiga protest keltirilgan. Ish apellyatsiya tartibida yangidan ko‘rib chiqish uchun Toshkent shahar sudiga yuborilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing