“Svet” o‘chishi – tarix edi”. Tanqidlar girdobida qolgan Norboyeva aslida nima degandi? (video)

Jamiyat

“Svet” o‘chishi va zulmatda o‘tirib televizor ko‘rolmaslik besh yil avvalgi tarix edi, hozir bu tarix hammasi bartaraf qilindi”. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyevaning yuqoridagi so‘zlari bugun ijtimoiy tarmoqlar muhokama maydonida trendga chiqdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Norboyevaning so‘zlari tushirilgan 9 soniyalik video ortidan tarmoqda unga nisbatan javoblar soni ortdi. Videomurojaatlarda kimdir ayni vaqtda uyida chiroq yo‘qligidan nolisa, yana kimdir allaqachon elektr energiyasidan televizor ko‘rishga foydalanmay qo‘yishgani, Yangi O‘zbekistonda ham bolalar sham yorug‘ida dars qilayotganini aytadi. 

Xo‘sh, Tanzila Norboyeva yuqoridagi fikrlar bilan nima demoqchi edi? Aslida bu masala qachon ko‘tarildiyu Senat raisining “svet” o‘chishi bilan bog‘liq masalaga munosabati qanday bo‘lgandi? 9 soniyalik video umumiy fikr shakllanishiga va kimnidir aybdor qilishga yetarli asos bo‘lolmaydi.

Senat raisi Tanzila Norboyeva joriy yilning 18 oktyabr kuni “Xotin-qizlarning saylov huquqlari kafolatlari hamda saylovlarda ularning faolligini oshirishning dolzarb masalalari” mavzusidagi ochiq muloqotda ishtirok etdi. Unga QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova quyidagi savol bilan murojaat qilgan: 

“Biz Toshkent viloyatining Pskent tumanida bo‘ldik. Shu qishloqda yashayotgan ayollar saylov kunini bilsa-da, ammo nomzodlar haqida umuman ma’lumotga ega emaslar. Televizor ko‘ray desa, “svet” yo‘q. Kun davomida dalada ishdan ortishmaydi. Biz bugun ayollarning saylov huquqlari haqida gapirayotgan ekanmiz, qishloqda yashayotganlarning nomzodlarni tanimasligi uyatli holat emasmi?”

Ushbu savolga Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva quyidagicha javob bergan:

“Savolingizni birinchi qismiga javob berishni boshlayman. Bugun aholiga yaxshi sharoit yaratish, infratuzilmalarni yangilash borasida islohotlar olib borilmoqda. “Obod qishloq, “Obod mahalla” dasturlari, ularning doirasida bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida yaxshi bilasiz. Ayni shu dasturlar doirasida ishlar, islohotlar ketyapti. Elektr energiya, gaz bilan ta’minlash va yo‘llarni soz holatga keltirish masalalari bosqichma-bosqich amalga oshirilyapti. Menimcha butkul “svet” o‘chib, zulmatda o‘tiribmiz, degan aholini o‘zi yo‘q hozir. Hamma joyda “svet” bor. Lekin qandaydir sabab bilan o‘chgan bo‘lsa, bu aynan o‘sha joydagi mutasaddilarni aybi bilan bo‘lgan holat, deb aytish mumkin”.

Ochiq muloqot davomida Xalq demokratik partiyasi Zangiota tumani kengashi raisi Mohira Akromova QALAMPIR.UZ jurnalistining qishloq ayollari nomzodlarni tanimasligi haqidagi fikrlariga e’tiroz bildirdi.

“Voqea joyiga borib muammolarni o‘rganayotgan jurnalistlarga rahmat. Lekin qolganlarning qilgan ishlari, mehnatini ham qadrlashlarini so‘rardim. Pskent haqida gapirganlarida targ‘ibot haqida ham urg‘uladilar. Toshkent viloyatining rahbari Maqsuda Vorisova. Biz ular bilan ishchi komissiyasini tuzib, shaxsan o‘zim Pskent tumanida bo‘lib, aholi vakillari va ayollar bilan gaplashdim. U yerda ham juda yaxshi targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Biz nafaqat uyda o‘tirgan ayollar, balki dalada mehnat qilayotganlar bilan ham gaplashib, targ‘ibot olib bordik. Targ‘ibot davomida ayollar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan yuzlandilar. O‘zbekistondagi o‘zgarishlar, ayollarga berilgan imkoniyatlar haqida ham so‘z borgandi. XDPning shijoat bilan olib borgan ishlarini bir og‘iz gap bilan yo‘qqa chiqarishlariga qarshiman. Targ‘ibot haqida barcha OAV orqali e’lon qilinmoqda. Har bir partiya o‘z targ‘ibotini olib bormoqda va buni yo‘qqa chiqarish noto‘g‘ri. Nafaqat XDP, balki beshta partiya qo‘lni qo‘lga berib ishlayapti”, degan edi XDP faoli. 

Partiya vakilining e’tirozidan keyin Tanzila Norboyeva vaziyatga xulosa yasar ekan, jurnalist va partiya faollarini murosaga keltirish, partiyaning faollarining mehnatini qadrsizlamaslik uchun shunday javob berdi:

“Tushuntirish berganingiz uchun rahmat. Umuman olganda “svet” o‘chishi yoki zulmatda o‘tirib, televizor ko‘rolmaslik bu besh yil oldingi tarix edi. Hozir bunaqa tarix yo‘q”.

Ijtimoiy tarmoqlarda ham Senat raisi Norboyevaning aynan mana shu oxirgi gaplari tarqatildi. Tanzila Norboyevaning to‘liq javobiga qaraydigan bo‘lsak, u ayrim hududlardagi elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar o‘sha joylardagi mutasaddilarning e’tiborsizligi tufayli yuzaga kelayotganini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

399

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing