“Svet” o‘chishi 10 daqiqadan 2 soatgacha davom etyapti. Vazirlik elektr ta’minoti bo‘yicha ma’lumot berdi
Jamiyat
−
13 noyabr 2021
10041Avvalroq, O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyevaning “Xotin-qizlarning saylov huquqlari kafolatlari hamda saylovlarda ularning faolligini oshirishning dolzarb masalalari” mavzusidagi ochiq muloqotda “Svet” o‘chishi va zulmatda o‘tirib televizor ko‘rolmaslik besh yil avvalgi tarix edi, hozir bu tarix hammasi bartaraf qilindi”, degan so‘zlari ijtimoiy tarmoqlarda keskin e’tirozlarga sabab bo‘layotgani haqida xabar bergan edik.
Energetika vazirligi mazkur bahslarga munosabat bildirib, hozirgi kunda elektr energiyasi ta’minotida qisqa muddatli uzilish holatlari kuzatilayotgan bo‘lsada, biroq so‘nggi yillarda elektr energiyasi ta’minoti sezilarli darajada yaxshilanganini qayd etgan.
“Haqiqatan ham elektr ta’minotida qisqa muddatli uzilishlar hali ham uchrab turibdi. Biroq ko‘p hollarda, bu 10 daqiqadan 2 soatgacha bo‘lgan qisqa muddatli uzilishlarni tashkil qiladi.
Biroq, shu ham esda tutish kerakki, yaqin o‘tmishda barchamiz “ommaviy o‘chirish” holatiga duch kelar edik. Aslida, bu energiya sarfini tejash uchun ma’lum bir jadvalga muvofiq amalga oshirilgan uzilishlar edi. Faqatgina 5 yil oldin tugatilgan “ommaviy o‘chirishlar”ning sababi esa oddiy. Yillar davomida elektr energiyasi iste’moli o‘sishiga qaramay, bir xil energiya balansi shakllangan va mavjud balansni teng taqsimlash maqsadida deyarli har kuni 6 yoki undan ko‘proq soatga elektr energiya ta’minotida uzilishlar ro‘y bergan. Masalan, o‘sha yillarda Qashqadaryo viloyatida ana shunday rejali o‘chirishlar kuniga 18 soatgacha yetgan. Aholining so‘zlariga ko‘ra, o‘sha vaqtlarda ertalab va kechqurun faqat 2-3 soat elektr energiyasi berilgan, xolos”, deyiladi vazirlik murojaatida.
Rasmiy murojaatda ta’kidlanishicha, 25 yil davomida ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda elektr energiyasi iste’moli bor yo‘g‘i 20 foizga o‘sgan. So‘nggi 5 yil ichida elektr energiyasi iste’molining o‘sishi yillik 11 foizni tashkil qiladi.
Vazirlik so‘nggi 5 yil davomida energiya balansi aholining real ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda shakllantirilganini alohida urg‘ulagan.
“Natijada, biz kunlik uzoq muddatli o‘chirishlarga barham berdik, ma’lum sabablarga ko‘ra yuzaga kelayotgan qisqa muddatli elektr ta’minotidagi uzilishlar esa tunu-kun ishlaydigan avariyaga qarshi maxsus brigadalar tomonidan zudlik bilan bartaraf etib borilmoqda.
Bu kabi uzilishlarning bir necha yil avval Samarqand, Buxoro, Urganch va respublikamizning boshqa hududlarida deyarli har kuni 4-6 soat davomida elektr ta’minotisiz qolgan o‘tmishi bilan aloqasi yo‘q! Mamlakatimiz energetika sohasida so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, istiqbolli loyihalar elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmi nafaqat an’anaviy issiqlik elektr stansiyalari hisobidan balki quyosh va shamol elektr stansiyalari orqali ham oshirib borilmoqda”, deyiladi vazirlik xabarida.
Qayd etilishicha, 1991-2016 yillarda yoki 25 yil ichida respublika bo‘yicha 9 300 km elektr uzatish tarmoqlari va 4 800 ta transformatorlar yangilangan.
2017-2021 yillar davomida (oxirgi besh yilda) 40 600 km bo‘lgan elektr uzatish tarmoqlari va 12 900 ta transformatorlar yangilanmoqda. 4 600 MVtdan ziyod yangi quvvatlar ishga tushirilmoqda
LiveBarchasi