“Svet”ni o‘chirib-yoqishga mas’ul bo‘lgan 4 amaldorga hayfsan berildi

Jamiyat

image

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi Dadajon Isaqulov, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Ro‘ziqul Rayimov, “Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” filiali direktori Anvar Muzapov va “Toshshaharnur” DUK direktori Umidbek Rajabovga hayfsan berildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, bugun, 7 dekabr kuni Energetika vazirligida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi,  viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari,  shuningdek, prokuratura organlari hamda tizim korxonalari rahbarlari va mas’ul xodimlari ishtirokida kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan maxsus shtabning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. 

Unda hozirgi kunda energiya resurslari ta’minotidagi mavjud muammolar va ularning yechimlari, bu borada olib borilayotgan ishlar tanqidiy ko‘rib chiqilgan. 

Yig‘ilishda maxsus shtab tashkil etilganiga qaramay, joylardagi hududiy shtablarning faoliyati talab darajasida tashkil etilmaganligiga alohida urg‘u berilgan. 

“Ayrim mas’ul rahbarlarning dolzarb muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etishda ishlarni to‘g‘ri tashkil qilmayotganligi, buning natijasida tizimda ko‘plab texnik nosozliklar sodir bo‘layotgani, energiya tejamkorlik masalalarida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani hamda elektr ta’minotida cheklovlarni kiritishda belgilangan tartiblarga rioya etilmayotgani iste’molchilarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotganligi qattiq tanqid qilindi. 

Shu va boshqa kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi uchun “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi Dadajon Isaqulov, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Ro‘ziqul Rayimov, “Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” filiali direktori Anvar Muzapov va “Toshshaharnur” DUK direktori Umidbek Rajabovga hayfsan berildi”, deyiladi vazirlik xabarida. 

Yig‘ilishda yoqilg‘i-yenergetika tarmog‘idagi muammolarni bartaraf etishda ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni vijdonan amalga oshirish va buning natijasida iste’molchilarni barqaror energiya resurslari bilan ta’minlash bosh mezon ekanligi, bunda esa sohada ijro intizomi masalasi nihoyatda muhimligi alohida ta’kidlangani aytilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

425

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing