Suzoqdagi fojiada terrorchilik alomati bormi? Qamchibek Tashiyev javob berdi
Olam
−
03 may
20326Manaschilar tadbirini tashkil etishda ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘yilgan. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev Suzoqda sodir bo‘lgan fojiaga izoh berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda huquq-tartibot idoralari va prokurorlar tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
"Ayrim ommaviy axborot vositalari jar solayotganidek, Suzoqdagi voqeada biror terrorchilik yoki jinoiy faktlar aniqlanmadi. Bu beparvolik va xavfsizlik choralariga rioya qilmaslik oqibatidir. Tadbirni tashkil qilishda ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘yilgan. Birinchidan avtoturargohlar tashkil etilishi kerak edi. Shuningdek, bu yerda bolalarning yonida begona odamlarning bo‘lishiga ruxsat berilishini ham tushunish qiyin. Bu arzimasdek ko‘ringan kamchiliklar yig‘ilib katta fojiaga aylandi”, degan Tashiyev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bundan buyon xavfsizlik choralariga e’tibor kuchaytiriladi. Unga rioya qilmaganlar esa javobgarlikka tortiladi.
“Rahbarlar, mahalliy hokimiyat va boshqa organlar, kim bo‘lishidan qat’i nazar, xavfsizlik choralarini buzsa, biz ularni tekshiramiz va javobgarlikka tortamiz. Prezidentimiz bu ishni nazoratga olish bo‘yicha topshiriq berdi. Davlatimiz rahbari nomidan reanimatsiyada yotgan bolalarning har biriga Prezident jamg‘armasidan 200 ming somdan mablag‘ ajratildi. Qolganlari esa 50 ming somdan oladi. Bundan tashqari, shifokorlar konsultatsiya o‘tkazadilar, agar jabrlanganlarni Bishkekda davolash zarurati tug‘ilsa, ular samolyotda yetkaziladi”, degan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari.
Ma’lumot uchun, Jalolobod viloyati Suzoq tumanida o‘tkazilgan yosh manaschilar tanlovi fojia bilan yakunlandi. Tadbir yaylovda bo‘lib o‘tgan. Maktab o‘quvchilari "Manas" dostonidan parchalar o‘qigan. Mushoira paytida yig‘ilgan o‘smirlarni Porter rusumli yuk mashinasi urib yuborgan. 35 kishi jarohatlangan, 20 kishi shifoxonada. Haydovchi hibsga olingan.
LiveBarchasi