Suvning ham tarozisi bor

Jamiyat

image

Suv — hayot manbai. Uni avaylab-asrash har birimizning burchimizdir. Ma’lumotlarga qaraganda, Yer yuzi aholisining uchdan bir qismi suv resurslariga nisbatan o‘ta og‘ir muhtojlikni boshidan kechirmoqda. Sayyoramizda ichimlik suvining kamayib borayotgani, daryolarning yarmiga yaqini ifloslangan, ularning resurslari tugab bormoqda. Shuningdek, Yer yuzidagi botqoqliklar maydoni va ichki suv resurslari qisqarmoqda. 

Har kuni dunyoda 6 ming bola sanitariya – gigiyena qoidalariga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan suv iste’mol qilgani tufayli halok bo‘lmoqda.

Suv bilan bog‘liq muammo Markaziy Osiyo mintaqasida, xususan, O‘zbekistonda ham mavjud. Bugunga kelib, O‘zbekiston suv tanqisligi bo‘yicha dunyodagi 164 mamlakat ro‘yxatida 25-o‘rinni egallaganini Jahon resurslari instituti ma’lum qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston suv tanqisligi yuqori bo‘lgan 27 mamlakat ro‘yxatida. Ular orasida Qirg‘iziston, Afg‘oniston, Armaniston, Turkiya, Italiya va boshqa davlatlar bor. Shunday qilib, O‘zbekiston reytingning 8-qatoridaligi ma’lum bo‘ldi. Mamlakatda chuchuk suv zaxiralari cheklangan bo‘lishiga qaramay iste’moldagi suvning qariyb 90 foizi qishloq xo‘jaligida sarf etiladi. 

O‘zbekistonning asosiy suv manbalari bo‘lgan Amudaryo va Sirdaryo transchegaraviy ahamiyatga ega ekani hisobga olsak, suv bilan bog‘liq murakkab jarayonlarning guvohi bo‘lamiz. Aynan suvdan oqilona foydalanmaslik, cho‘llarni o‘zlashtirish, paxta ekishga zo‘r berish sabab o‘tgan asrning 60-yillaridan qurishni boshlagan Orol dengizi bugunga kelib, global muammolardan biriga aylandi. Mamlakatning shimoliy hududi hisoblangan Xorazm viloyati Orol dengiziga yaqin hamda shu tufayli katta talofat ko‘rgan hududlardan biriga aylandi.  

Hozirga kelib, viloyat qishloq xo‘jaligidagi yerlarning qariyb 98 foizini sho‘r bosgan. 25-28 avgust kunlari Yevropa Ittifoqining “O‘zbekistonning qishloq hududlaridan suv resurslarini barqaror boshqarish” dasturi doirasida BMT Taraqqiyot Dasturi va Markaziy Osiyo mintaqaviy markazining O‘zbekistondagi filiali tomonidan 2-va 3-komponentlari tomonidan OAV vakillari uchun Xorazm viloyatiga media tur uyushtirildi. 

Unda QALAMPIR.UZ muxbiri ham ishtirok etdi. Z kun davom etgan media tur doirasida jurnalistlar viloyatning Yangibozor hamda Urganch tumanlarida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Xususan, “Chapqirg‘oq Amudaryo” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasida 2-komponent tomonidan suv xo‘jaligi mutaxassislari uchun tashkil etilgan trening, Yangibozor tumanida suvdan unumli foydalanishda qo‘llanilayotgan texnologiyalar Bo‘z qala suv iste’molchilar uyushmasi binosining rekonstruksiya qilindi. “Daryolik” kanalidagi gidropostlar qurilib, “Daryolik-Arna” kanalidagi mavjud nasos stansiyalarining boshqaruvini takomillashtirish maqsadida yangi energiya ta’minoti tizimi barpo etilmoqda. Natijada yiliga 1 million 123 ming kilovatt soat elektr energiyasining tejalishiga hamda qariyb 5 ming gektar maydonni suv bilan ta’minlashga erishiladi. 

Bundan tashqari ayni paytda Yangibozor tumanidagi irrigatsiya tarmoqlariga bosqichma-bosqich Dastur doirasida suv sathini o‘lchash, analiz qilish imkonini beradigan maxsus dopler uskunalari beg‘araz taqdim etilmoqda. 

Albatta ish bu bilan birdaniga yaxshi tomonga o‘zgarib qolmaydi. Eng avvalo, aholi orasida suvdan foydalanish madaniyatini oshirish kerak. Bu boradagi ishlar Urganch davlat universitetida o‘tkazilgan interfaol seminar mashg‘ulotlarida ham ta’kidlandi. 

Mutaxassislar 2020 yilga borib iqlim o‘zgarishi, global haroratning oshishi tufayli Amudaryo va Sirdaryoni suv bilan ta’minlayotgan muzliklar zaxirasining 15-20 foizga kamayishini bashorat qilmoqda. 

Asosan transchegaraviy daryolar suvidan foydalanadigan O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi tufayli qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish me’yori 2030 yilga borib hozirgidan 5 foizga, 2050 yilga borib 7-10 foizga va nihoyat 2080 yilga borib 12-16 foizga oshishini hisobga olsak, tabiatga munosabat, jumladan, suv resurslaridan oqilona, tejab-tergab foydalanish yanada muhim masalalardan biriga aylanadi. Suvsizlik muammosi qishloq xo‘jaligiga, qolaversa, iqtisodiyotning boshqa sohalariga katta zarar yetkazishi tayin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

18

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing