“Suv, ta’lim va hamkorlik”: Markaziy Osiyo yoshlarini do‘stlikka chorlagan loyiha
Jamiyat
−
22 iyun 2019
6142Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi, AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi(USAID), Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI) huzuridagi Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularni malakasini oshirish tarmoq markazi hamkorligida "Suv, ta’lim va hamkorlik" (Smart Waters) loyihasi doirasida Qozoq-Nemis universitetining Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston Respublikalaridan bo‘lgan talabalari, TIQXMMI talabalari Surxondaryo viloyatidagi suv taqsimlash inshoatlari, suv omborlari, nasos stansiyalari, gidroelektro stansiyalari va qadimiy obidalar bilan tanishdi.
Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazining "Smart Waters" loyihasini amalga oshirib kelmoqda. Ushbu loyiha AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan moliyalashtirilib kelinmoqda.
Loyihaning maqsadi o‘zaro hamkorlikning professional tarmog‘ini yaratish, suv resurslarini barqaror boshqarish bo‘yicha strategik maslahatlar berish, shuningdek, salohiyatni oshirish va mintaqaviy muloqotni qo‘llab-quvvatlashdir.
"Suv, ta’lim va hamkorlik" (Smart Waters) loyihasi doirasida yozgi maktab ishtirokchilari dastlab Surxondaryo viloyatining tashrif qog‘oziga aylanib ulgurgan madaniy meros ob’ektlariga tashrif buyurdi.
Ilk tashrif manzili Termiz shahri yaqinida joylashgan «Sulton Saodat» majmuasi bo‘ldi. Bu yerda ishtirokchilarni Termiz davlat universiteti o‘qituvchilari samimiy kutib oldi va talaba-yoshlarga ushbu tarixiy majmua to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.
Termizdan 3 km. shimoli-sharqda joylashgan obida tarixi juda ajoyib. Bu yerda Muhammad (s.a.v) payg‘ambarimizning avlodlari dahmasi joylashgan. Ular Muhammad (s.a.v) payg‘ambarning qizi Fotima va xalifa Ali nikohidan tug‘ilgan Imom Hasan va Imom Husaynning avlodlaridir. Majmua bir necha yuz yillar davomida shakllangan. Bu majmua binolarida ishlatilgan g‘ishtlarga ko‘ra, u X-XI asarlarga borib taqaladi.
Majmuada 30 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan Abdurahmon Muazzamov bizni iliq qarshi oldi.
«Asosiy gumbaz ostidagi maqbarada Muhammad (s.a.v) payg‘ambarning avlodlaridan bo‘lgan Hasan al-Amirning qabri mavjud. Bu yerda 12 ta xona bo‘lib, ularda 120 nafardan ortiq sayyidilar mayiti qo‘yilgan.
Bu majmua atrofii 100 gektarlik qo‘rg‘on bilan o‘ralgan shahar bo‘lgan deya tavsiflanadi. Ushbu maqbaraning balandligi 20 metrdan oshiqroq bo‘lib, qadimiy g‘ishtlardan barpo etilgan va hozirgacha juda yaxshi holatda saqlanib kelingan», deya hikoya qilib berdi Abdurahmon Muazzamov.
Tashrif yakunida talaba-yoshlar va loyiha ishtirokchilari esdalik uchun suratga tushishdi.
Shundan so‘ng, Surxondaryo viloyatidagi IX-X asrlarga oid "Qirqqiz" qal’asiga borildi.
Ushbu majmua Somoniylar hukmronligi davrida qurilganligini aytiladi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu qal’ada ilk ayollar akademiyasi joylashgan va turli o‘lkalardan kelgan qizlarga turli fanlar va jang san’atidan dars berilgan.
Qal’a ikki qavatli bo‘lib, dunyoning barcha tomonlariga qaratilgan darvozalari bo‘lgan. Biroq majmuaning ikkinchi qavati to‘liq vayron etilgan, birinchi qavati ham yaxshi saqlanmagan, devorlar va bir nechta xonalarning tomi va kirish peshtoqi saqlanib qolgan.
Qal’ada barcha xonalar va yo‘laklar markaziy sahnga olib chiqqan. Mahalliy aholining aytishicha, bu qal’aning yetakchisi Guloyim degan qiz bo‘lgan va u 40 dugonasi bilan birgalikda dushmanga qattiq qarshilik ko‘rsatgan va shahar mudofaasini mardonavor qo‘riqlagan.
Ba’zi manbalarda esa, bu yer shoh harami bo‘lgan degan xabarlar ham keltiriladi.
Ta’kidlash kerakki, loyiha ishtirokchilari va o‘qituvchi-murabbiylar bu majmuaning tarixini hayrat bilan tinglab, esdalik uchun suratga ham tushdi.
Shundan so‘ng, yo‘nalish Eski Termiz shahar xarobalarining shimoli-g‘arbida joylashgan Kushon davriga oid Fayoztepa yodgorligi bo‘ldi.
Bu majmua juda qadimiyligi, yaxshi saqlanib qolganligi va buddizmning gullab-yashnashiga zamin bo‘lgan manzil ekanligi barchaning hayratini oshirdi.
Uning ochilishi 1968 yil bahorda, cho‘pon Absad Beknayev tomonidan mergeliy ohak toshidan ishlangan budda sanamini ko‘chma qum ustidan topib olib, Termiz muzeyiga topshirishidan boshlanadi. Yodgorlikni o‘rganish 1968-1976 yillarda boshlandi. Fayoztepa maydoni qumlar uyumidan tozalangach, uning me’moriy tarhi ochilib, 3 qismdan iborat monumental inshoot, ya’ni markaziy qismi to‘g‘ri to‘rtburchakli ayvon, hovlili ibodatxona va uning atrofi bo‘ylab joylashgan 20 ta xonadan iborat ekani aniqlanadi. Maydonning shimoli-g‘arbida ibodatxona, janubi-sharqida esa xo‘jalik qurilish inshootlari mavjud bo‘lib, binoning umumiy uzunligi 117 metr, kengligi 34 metr bo‘lgan. Majmuaning umumiy maydoni 1,5 ming kv. metrga yaqin.
Mana bu siz ko‘rib turgan joy ibodatxona bo‘lgan. Bu yerda rohiblar va talabalar sig‘inishi va marosimlarni ado etishi uchun o‘ziga xos haykal mavjud va hozirga qadar saqlanib qolgan eng qadimgi madaniy meros hisoblanadi.
Ayni paytda ushbu madaniy meros ob’ekti YUNESKOning butunjahon madaniy meros ob’ekti ro‘yxatiga kiritilgan. Ha, aytgancha majmuaga kiraverishda yo‘l yuzida muzey ham barpo etilgan. U yerda hududdan topilgan arxeologik topilmalar saqlanadi.
"Suv, ta’lim va hamkorlik" (Smart Waters) loyihasi ishtirokchilari Surxondaryo viloyatidagi 1985 yilda ishga tushirilgan "Amu-Zang 1" nasos stansiyasiga bordi. Nasos stansiyasi qism boshlig‘i Zokirjon Nortojiyev ishtirokchilarga inshoat haqida so‘zlab berdi.
"Ushbu nasos stansiyasida 5 dona quvvati 12,5 ming kvt bo‘lgan dvigatellar o‘rnatilgan. Har bir agregat sekundiga 25 ming litr suvni yuqoriga chiqarib beradi. Bu yerda doimiy 4 ta agregat ishlab turadi. Nasos stansiyasi Surxondaryo viloyatining 100 ming gektar yer maydonini suv bilan ta’minlaydi", dedi Zokirjon Nortojiyev.
Loyiha ishtirokchilari 2013 yilda Xitoydan keltirilgan yangi ikkita nasos agregati faoliyati bilan to‘la tanishdi. Ushbu agregatlar elektr quvvatini yaxshi tejaydi va har sekundda 27 ming litr suvni yuqoriga chiqarib beradi.
"Suv, ta’lim va hamkorlik" (Smart Waters) loyihasi doirasida yozgi maktab ishtirokchilari, loyiha rahbarlari "Oq tepa" suv omboriga ham bordi.
Ushbu suv ombori 1981 yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, uning sig‘imi 120 mln metr kubni tashkil etadi. Surxondaryo viloyati suv tizimini tartibga solishda mazkur 1150 gektarda joylashgan suv omborining ahamiyati juda katta.
Markaziy Osiyolik talabalar mazkur inshoat haqida yetarlicha ma’lumot oldi. Aytish kerakki, ushbu suv omborining suv ayirg‘ichlari zamonaviy tipda qurilgan bo‘lib har bir kanalga kerakli suv miqdorini taqsimlashda muhim rol o‘ynaydi.
Talabalar ushbu inshoatni ko‘zdan kechirgach sayohatning ilk kuni poyoniga yetdi. Talabalar oldinda ajoyib sarguzashtlar va taassurotlar kutib turganini bilmas edi. Sarguzashtlar haqida navbatdagi maqolamizda hikoya qilamiz.
LiveBarchasi