So‘roq ostida qolgan boks taqdiri – Sport dayjesti
Tahlil
−
10 noyabr
6674O‘zbekistonda doim trendda turadigan sport turlaridan biri boksning kelajagi so‘roq ostida. O‘zbekiston oldida tanlov qilish uchun 2 ta yo‘l bor edi, yo yangi asos solingan tashkilotga a’zo bo‘lib, keyingi Olimpiadada qatnashish uchun ehtimoliy imkoniyatga ega bo‘lish yoki rossiyalik Umar Kremlyov rahbarligidagi IBA a’zoligida qolib, Olimpiadani unutib, Xalqaro boks assotsiatsiyasi turnirlarida qatnashib yurish. O‘zbekiston bu borada o‘z tanlovini qildi va o‘ylaymizki, bu tanlov o‘zbek boksi uchun manfaatli bo‘ladi.
Assalomu alaykum. Charm qo‘lqop muxlislari uchun muhim voqealarga boy bo‘lgan hafta voqealari bilan QALAMPIR.UZ’da sport dayjesti.
Meliqo‘ziyev professional boksda navbatdagi jangini o‘tkazdi
O‘zbekistonlik professional bokschi Bektemir Meliqo‘ziyev chempionlik kamari uchun 3 noyabr kuni AQSHning Nevada shtati Las-Vegas shahrida amerikalik Devid Stivensga qarshi ringga ko‘tarildi va uni ochkolar hisobiga mag‘lub etdi.
Meliqo‘ziyev tezlik borasida raqibini ortda qoldirdi. O‘zbekistonlik bokschi o‘z uslubida raqibning tana qismiga tajovuzkorlik bilan hujum uyushtirdi va yaqin masofadan kross zarbalar berishga tayandi. Raqib buni oldindan ko‘rib turishi mumkin bo‘lsa ham zarbalarni o‘tkazib yubordi. U nisbatan sust harakatlandi.
12 raund to‘liq davom etgan murosasiz jangda Meliqo‘ziyev hakamlarning qarori bilan ochkolar (118-110, 117-111, 112-116) hisobiga ko‘ra g‘alaba qozondi hamda ikkinchi o‘rta vazn toifasida Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA) chempionlik kamari uchun rasmiy va majburiy da’vogarga aylandi.
Jang yakuniga qadar 28 yoshli Meliqo‘ziyev ham, 24 yoshli Stivens ham profboksda bir xil, 14-1 statistikaga ega edi. Meliqo‘ziyevning g‘alabasi bilan hisobda farq yuzaga keldi. Bu Bektemir Meliqo‘ziyevning faoliyatidagi 15-g‘alabasi bo‘ldi.
Meliqo‘ziyev oxirgi jangini aprel oyida o‘tkazib, fransiyalik Per Xuber Dibombeni mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, Stivens iyun oyida argentinalik Serxio Lopsedan ustun kelgan edi.
Shahram G‘iyosovning chempionlik jangi O‘zbekistonda o‘tkazilishi mumkin
O‘zbekistonlik professional bokschi Shahram G‘iyosov va litvalik Eymantas Stanionis o‘rtasidagi Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA) kamari uchun jangining O‘zbekistonda o‘tkazilishi ehtimoli bor. Bu haqda O‘zbekiston Professional boks federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, ayni paytda WBA chempionlik kamari uchun kechadigan ushbu jangni O‘zbekistonda o‘tkazish uchun promouterlar muzokaralarni boshlagan. Jangning promouterlik savdosi 19 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Bu haqda WBA rasmiy sayti xabar berdi.
Dastavval yarimo‘rta vazn toifasida WBA chempioni Eymantas Stanionis hamda majburiy da’vogar Shahram G‘iyosov jangiga buyruq berilgan edi va tomonlar 1 oy ichida jang sanasi va manzili bo‘yicha kelishib olishi kerakligi belgilandi.
Bir oy muddat ichida bokschilar jamoasi kelishuvga erisha olmaganidan keyin 8 noyabr kuni promouterlar o‘rtasida kimoshdi savdosi o‘tkazilishi kerak edi, biroq jamoalar taklifiga ko‘ra, auksion 19 noyabr sanasida o‘tkaziladigan bo‘ldi.
Ahmadaliyevning raqibi endi Turki-Al-Shayx bilan hamkorlik qiladi
Birinchi yengil vazn toifasida mutlaq jahon chempioni Naoya Inoue (28-0, 25 KO) “Riyadh Season” kompaniyasi bilan homiylik shartnomasini imzoladi. Bu haqda Saudiya Arabistoni Ko‘ngilochar ishlar bo‘yicha bosh boshqarmasi raisi Turki Al-Shayx ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik kelishuvi 19,7 million dollarni o‘z ichiga oladi.
Inoue navbatdagi jangini 24 dekabr kuni Tokiodagi Ariake Arenada o‘tkazadi. Mutlaq jahon chempionining raqibi avstraliyalik Sem Gudman bo‘ladi. O‘zining so‘nggi jangida Inoue WBA reytingining kuchli beshligi vakili, IBF yo‘nalishi bo‘yicha sobiq jahon chempioni 37 yoshli TJ Dohenini mag‘lub etdi. Jang yettinchi raundda Inouening texnik g‘alabasi bilan yakunlandi. TJ belidagi jarohat tufayli jangni davom ettirishdan bosh tortdi.
Qayd etish joiz, Inoue Gudman bilan jangdan keyin bu vaznda sobiq WBA va IBF kamarlari sohibi o‘zbekistonlik Murodjon Ahmadaliyev bilan jang qilishi kerak. O‘z navbatida, Ahmdaliyev yaponiyalik raqibi bilan jang qilish uchun avvalo meksikalik 27 yoshli Rikardo Espinosa Frankoni taslim etishi, Inoue esa Gudman bilan jangda g‘alaba qozonishi lozim.
O‘zbekiston World Boxing tashkilotiga a’zo bo‘ldi
O‘zbekiston havaskor boksni tartibga soluvchi xalqaro sport tashkiloti – World Boxing'ga a’zo bo‘ldi. Bu haqda Amerikaning Kolorado Springs shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon boks xalqaro federatsiyasi kongressida ma’lum qilindi.
Tashkilotga O‘zbekistondan tashqari Qozog‘iston, Gvatemala va Laos ham qo‘shildi. Bugungi kunda 2023 yil aprel oyida tashkil etilgan yangi tashkilot 55 davlatni o‘z ichiga oladi.
Garchi World Boxing tashkiloti a’zoligini qabul qilgan bo‘lsa ham, o‘zbekistonlik bokschilar IBA turnirlarida qatnashishda davom etadi, jumladan o‘zbek bokschilari shu oy IBA tomonidan Iordaniyada o‘tkaziladigan Osiyo chempionatida ham qatnashadi.
Rossiyalik Umar Kremlyov rahbarlik qiladigan IBA tashkilotini Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tan olmaydi, shuning uchun XOQ 2028 yil Los-Anjelesda o‘tadigan Olimpiada bahslaridan boks turini chiqarib yubordi.
LiveBarchasi