Surxondaryodagi tarixiy ob’ektga 3,1 mlrd so‘mlik zarar yetkazildi

3-sahifa

image

Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida joylashgan arxeologik yodgorlik hududida g‘isht ishlab chiqarilgani, tuprog‘i olinib, molxona va hojatxona qurilgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.

Qayd etilishicha, prokuratura organlari tomonidan Madaniy meros agentligi bilan hamkorlikda tarixiy yodgorliklarni muhofaza qilish va saqlashga qaratilgan tizimli nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. Tadbirlar davomida Surxondaryo viloyatida bir qator qonun buzilishi holatlari aniqlandi.

Xususan, Sho‘rchi tumani hokimligi mansabdor shaxslari o‘z vazifalariga loqaydlik va vijdonsizlarcha munosabatda bo‘lishi oqibatida madaniy meros ob’ektlariga 3,1 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan.

Jumladan, 2022-2023 yillarda:

  • “M.” xususiy korxonasi rahbari X.M. va boshqalar “Yangiariq” mahallasidagi VII asrga oid “Jartepa” arxeologik yodgorligi hududida g‘isht ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanib, 1,8 mlrd so‘mlik;
  • fuqaro E.M. va boshqalar “Katta Sovur” mahallasidagi VI-VIII asrlarga oid “Qorovultepa” arxeologik yodgorligi tuproqlarini kesib, molxona qurib olib, 693 mln so‘mlik;
  • fuqaro T.T. va boshqalar “Sourtepa” mahallasidagi I-V asrlarga oid “Savurtepa 2» arxeologik yodgorligi tuproqlarini kesib, molxona, hojatxona qurib, 670 mln so‘mlik zarar yetkazilgan.

Hozirda aniqlangan holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida joylashgan Xo‘ja Ravshan obidasi hududidan arxeologik topilma va tuproq qatlamlari aniqlangani haqida xabar bergandik.


Maqola muallifi

Teglar

Surxondaryo tarixiy ob'ekt

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing